Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Germaniya kanslerini O‘zbekistonga qanday shamollar uchirdi?

Germaniya kanslerini O‘zbekistonga qanday shamollar uchirdi?

“S5+1” formatidagi ilk sammit bir yil avval Berlinda tashkil etilgandi.

Foto: picture alliance

Germaniya kansleri Olaf Shols 15-17 sentyabr kunlari Markaziy Osiyoning ikki yirik davlati – O‘zbekiston va Qozog‘istonda mehmon bo‘ladi.

Avval xabar berganimizdek, olmon yetakchisi Samarqand shahrida oliy darajada muzokaralar o‘tkazadi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev va Olaf Shols uchrashuvida savdo-iqtisodiy, texnologik va investitsiyaviy-moliyaviy sheriklikni kengaytirish, Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish, mehnat migratsiyasi, ekologiya, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, turizm kabi yo‘nalishlarda faol aloqalarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Ta’kidlash joizki, bu Olaf Sholsning, umuman, Germaniya kanslerlarining O‘zbekistonga ilk tashrifidir. Hozirga qadar mamlakatimizga tashrif buyurgan eng yuqori martabali olmon rasmiysi prezident Frank-Valter Shtaynmayer sanaladi.

Xo‘sh, O.Sholsni Markaziy Osiyoga, xususan, o‘zbek zaminiga qanday shamollar uchirdi?

Bundan roppa-rosa bir yil avval Berlin shahrida “S5+1” formatida “Markaziy Osiyo – Germaniya” birinchi sammiti tashkil etilgan edi.  

Germaniya yetakchisi tashrif davomida mazkur formatdagi ikkinchi sammitda qatnashadi. Tashqi siyosat bo‘yicha olmon jamiyati eksperti Shtefan Maysterning fikricha, muzokaralarda biznes va ishbilarmonlik masalasi markaziy o‘rin tutadi. Buni kanslerga kattagina iqtisodiy delegatsiya hamrohlik qilayotgani ham tasdiqlaydi.

Joriy yil iyun oyida Germaniya hukumati O‘zbekiston bilan mamlakatdan majburan chiqarib yuboriladigan afg‘onlar masalasida muzokara olib borayotgani xabar qilingan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, Germaniya ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi Toshkentga muzokara uchun kelgan. Rasmiy Berlin deportatsiya qilinishi lozim bo‘lgan afg‘onlarni avval Toshkentga yuborib, so‘ngra xususiy aviashirkat uchoqlarida Kobulga jo‘natish niyatini bildirgan.

Rasmiy Toshkent Berlin tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan. Buning evaziga Germaniyadan O‘zbekiston fuqarolari uchun mehnat muhojirligini qulaylashtiruvchi bitim tuzish talab qilingan.

DW nashriga ko‘ra, Sholsning tashrifi doirasida Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasida migratsiya bo‘yicha bitim imzolanishi mumkin.

Germaniya Yevropa Ittifoqi a’zosi sifatida Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishni taklif etib keladi. Ayniqsa, Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi ortidan mintaqaning dunyo geosiyosatidagi roli yanada kuchaydi. 

Germaniya uchun energetika yo‘nalishi muhim ahamiyat kasb etadi. Reuters agentligi chop etgan tahliliy maqolada qayd etilishicha, Sholsning Markaziy Osiyoga safaridan ko‘zlangan maqsadlardan biri yangi bozorlar va qo‘shimcha energiya, uglevodorod manbalarini topishdan iboratdir. Ukraina bosqinidan keyin Rossiya bilan oldi-sotdiga cheklov joriy etgan  Germaniya ayni paytda Qozog‘istondan neft xarid qilmoqda. Berlin Ostonaning gaz zaxiralariga ham befarq emas.

Olmon davlati O‘zbekiston bilan ham energetika va savdo-investitsiya sohalarida hamkorlikni kuchaytirmoqchi. 

TRT’ga ko‘ra, Germaniya so‘nggi yillarda o‘z tashqi siyosatini ko‘p qutbli dunyo tamoyiliga asosan qayta ko‘rib chiqmoqda. Bu borada esa Markaziy Osiyo ham alohida o‘rin tutadi. 

Germaniya Yevropa va Markaziy Osiyoni bog‘lovchi Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishiga qiziqish bildirmoqda. Ushbu loyiha uchun Berlin 10 milliard yevro kredit va’da qilgan.

O‘zbekistonga esa 9 milliard yevro sarmoya kiritilishi ko‘zda tutilgan. 

TRT Germaniya kanslerining tashrifi mintaqada Rossiya va Xitoyning ta’sirini kamaytirishga ham qaratilganini urg‘ulaydi.

O.Shols Markaziy Osiyo yetakchilari bilan uchrashuvda Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi va uning oqibatlarini ham muhokama qilishi kutilmoqda.

2023 yili Germaniyaning Qozog‘iston bilan savdo aylanmasi 8,7 milliard yevroni, O‘zbekiston bilan esa 1,2 milliard yevroni tashkil etdi.

Ekspert Yakopo Mariya Pepe DW’ga bergan intervyusida Markaziy Osiyo va Germaniya munosabatlarida hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘pligi, Berlin sammitida belgilangan maqsadlarni amalga oshirish sustroq kechayotganini aytadi. Bunga esa huquqiy  mavhumlik, bozor islohotlarining jadal emasligi va Germaniya tomonining Markaziy Osiyoning o‘ziga xosligini to‘laqonli bilmasligi sabab bo‘lmoqda.  Qolaversa, siyosiy beqarorlik, Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarga tushib qolish xavotiri ham olmon sarmoyadorlarini mintaqaga investitsiya kiritishda taraddudga tushirmoqda.

Tahlilchi Shtefan Maysterning fikricha, Germaniya kanslerining mintaqaga safar qilishining o‘zi katta ramziy ma’no kasb etadi. Yuzma-yuz muloqotlar esa ochiq qolayotgan savollarga javob topish, hamkorlik darajasini oshirishga xizmat qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring