Toshkentda jamoat transporti narxi 3 ming so‘mgacha oshishi kutilyapti
Toshkentdagi metro va avtobuslarda to‘lov narxi 3 ming so‘mgacha oshishi mumkin. Elektron to‘lovda esa narx 1700 so‘mni tashkil etadi. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida «Toshkent shahridagi jamoat transporti tizimida yo‘lkira haqini to‘lashda elektron to‘lov tizimidan foydalanishni rag‘batlantiruvchi tariflarni joriy etish to‘g‘risida» Toshkent shahri hokimining qarori loyihasi e’lon qilindi.
Qaror bilan 2025 yil 1 yanvardan Toshkent shahrining jamoat transporti yo‘nalishlarida (avtobus va metropoliten) qatnovlarni amalga oshirish uchun yo‘lkira haqining quyidagi cheklangan tariflari belgilanmoqda:
▪️bir yo‘lovchi qatnovi uchun cheklangan tarif – 3 000 (uch ming) so‘m. Bunda, bir yo‘lovchi qatnovi uchun 1 (bir) martalik to‘lovni elektron to‘lov tizimi orqali amalga oshirilganda rag‘batlantiruvchi chegirma qo‘llanilgan holda – 1 700 (bir ming yetti yuz) so‘m undiriladi;
▪️bir yo‘lovchining bagajini tashish bo‘yicha xizmat uchun – 4 000 (to‘rt ming) so‘m;
▪️qatnovlar soniga bog‘liq holda belgilangan tarif rejalarini hisoblash uchun cheklangan tarif – 1 600 (bir ming olti yuz) so‘m.
Qatnovlar soniga bog‘liq holda belgilangan transport kartalarining va transport kartalaridan foydalanilgan holda bir soat ichida bir yo‘nalishli yo‘lovchi transportidan boshqasiga o‘tish sonidan kelib chiqqan holda imtiyozli va bepul tarif rejalarining narxlari o‘zgarishsiz qoldiriladi.
Toshkent shahri yo‘nalishlaridagi barcha avtobuslar salonida yo‘lkira haqini naqd pulda olish amaliyotidan voz kechiladi va yo‘lkira haqini faqat elektron tarzda qabul qilish amaliyoti joriy etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter