Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Suriyalik Suxeyr: «Bizda ayollarni sizchalik hurmat qilishmaydi...»

Suriyalik Suxeyr: «Bizda ayollarni sizchalik hurmat qilishmaydi...»

https://ru.freepik.com/

Bog‘dagi ustaxonamga tez-tez o‘rta yosh, chet ellik xaridor ayol kelib turardi. Ismi Suxeyr al Chaar – suriyalik.  Bir-birimizni amallab tushunsak-da, soatlab gaplashardik. Meni o‘ziga yaqin olib «sister Maxira», deb murojaat qiladigan bo‘lib ketdi, hatto. Uni men tashkil qilgan muzey, ustaxonam, galereyadagi milliy hunarmandchilik buyumlari juda qiziqtirardi.  Bir gal u arab yozuvidagi qadimiy kitobga qiziqib qoldi. Qur’onmi, deb so‘radi.

«Yo‘q, Qur’on ham, Hadis ham emas ekan ko‘pchilikka ko‘rsatdim, arabiymi forsiymi, eski o‘zbek yozuvimi ekanini bu yerga keladigan na arab, na forsiylar, na eski o‘zbek yozuvi olimlariyam o‘qiy olishmadi», dedim. Xonim esa bismillo, deya kitobni qo‘liga olib, bemalol o‘qib ketdi. Nima kitob ekan, desam, Tasavvuf, ya’ni Allohga muhabbat haqida ekan, dedi... To‘g‘risini aytsam, uning gaplarini unchalik tushunmadim, ammo kitobni o‘qib, bir qarasam oh chekdi, bir qarasam ko‘z yoshlarini artdi, bir qarasam shodon kayfiyatda, qara, qanday buyuk gap bu!, deb satrlarni menga tarjima qilib berdi. Qaniydi, men ham bu kitobni o‘qib, tushuna  olsam edi, dedim uning holatini ko‘rib. Xullas, kitob toza arab tilida faqat zeru zabarlarsiz,  qisqartirish usulida yozilgan ekan. Kitobning mazmuni, qaysi tilda yozilganini va nihoyat aniqlashganidan xursand bo‘ldim. Sotasanmi, deb so‘ragandi, yo‘-o‘q, bu kitob oilaviy me’rosimiz, sotolmayman, ammo xohlagan vaqting kelib o‘qiyver, dedim. Shundan so‘ng u har kelganda muzey xonamga kirib olib, biron soat kitobni o‘qib chiqardi. Bu yerdagi qadimiy atmosferada  o‘tirib, qadimiy kitobni o‘qib mazza qilayotganini qayta-qayta aytib ketardi. Lekin bog‘dagi ijara janjallari sabab, bahordan hovlim yopilib, muzeyga kirolmay qoldi. Holatni tushuntirganimdan keyin menga qo‘lidan kelgancha yordam bergisi keldimi chet ellik dugonalarini boqqa boshlab keldi. Ya’ni, qo‘l ishlarimni targ‘ib qilish va ularga sotishim uchun. Afsus, ular ham eshigim tagida turib-turib, kirolmay qaytishdi.

 Kecha shu Suxeyr opam yana qo‘yarda-qo‘ymay, yangi galereya ochibsan ishlaringdan olib ketmoqchiman, Suriyaga onamni ko‘rgani ketaman, ko‘rishaylik, dedi. Bu safar «Myetodika. uz» markazi rahbari  Tat’yana xonim ham bizga mezbonlik qildi, ham tarjimonlik qildi. Uzoq suhbatlashib o‘tirdik, ko‘plab mavzularda fikrlashdik, gap aylanib Suxeyrning oilasi, Vataniga borib taqaldi. «Oila qurmadim, bizda ayollarni sizchalik hurmat qilishmaydi, respublika davlat bo‘lsak ham, shariat asosida yashaymiz, ayollarga yashash qiyin bizda. Shundanmi oila qilishga qo‘rqqanman, o‘qish, ishni bahona qilib, shu yoshga kelib qoldim, dunyo ko‘rdim, Amerika, Germaniya, Niderlandiyada o‘qidim, ko‘p joylarda ishladim, ilm ham qildim, kar’yera ham qildim, hayotimdan roziman, shunday yashash yoqadi menga, nolimayman», dedi. Keyin o‘zbek xalqi, mentaliteti haqida gap ketdi. «Bilasizmi, ko‘pincha Anhor bo‘yida sayr qilaman, yo‘limdan chiqqan kattayu kichik menga salom berib o‘tadi. «Assalomu aleykum»,  «Zdravstvuyte», deyishadi. Hayron qolaveraman, tanimagan odamlar bir begona ayolga salomatlik, tinchlik tilab, jilmayib, o‘tib ketaverishadi. Birinchi, ikkinchisiga alik olamanu, uchinchi salomdan keyin yig‘lab yuboraveraman», deb ko‘zlariga yosh oldi. «Yoshlar kattalarni hurmat qiladi, joy beradi, yo‘l beradi,  yukini ko‘tarishadi. Ko‘chalarni ozoda tutishadi, qo‘shnilarga yordamlashishadi. Dunyoning boshqa davlatlarida ko‘rmadim buni...»

Suriyalik ayol rostmana, ichi to‘lib yig‘lab o‘tirdi...

«Keyin yurtimga borganimdayam nuqul shu odamlarni, shu ko‘chalarni qidiraveradigan bo‘lib qoldim, u yer bilan bu yerni solishtiraveraman, onamga, yaqinlarimga bu yerning odatlarini gapirib beraveraman,  tushunmayman bu qanaqa tuyg‘u, ammo o‘z yurtimda turib yuragimda shu yerlarni sog‘inib qolaman», dedi...

To‘g‘risi, ayolga qo‘shilib men ham yig‘ladim. Bilmadim, bir musofir ayol sening yurtingni sog‘inaman, yaxshi ko‘raman, dunyoda eng yaxshi odamlar o‘zbeklar ekan, desa yuraging to‘lib ketarkan...  Yana uzooq gaplashdik, siyosat, arab dunyosidagi urushlar, qirg‘inlar. «Sizlar bizning xatolarimizni qilmanglar, dinni siyosatga aylantirmanglar, islom eng go‘zal din, Alloh bizdan boshqa narsani so‘raydi, urushib, talashib bir-biringni o‘ldir», degan joy yo‘q dinimizda, dedi.

O‘sha HAMAS, IShID chetdan bostirib kirmagan, o‘zimizning oramizdagi odamlar bo‘lgan. Tepasida turib, pulini to‘lab urishtiradigan yomonlarning gapiga kirib, ongi zaharlanib, o‘z millatdoshini, o‘z xalqini qirdi ular, dedi.

...Kechadan beri shu suhbat ta’siridaman, yozmasam bo‘lmadi. Suxeyrning iltimoslari ijtimoiy tarmoqlardagi bugungi o‘zbek bilan o‘zbekning,  musulmon bilan musulmonning tarafkashlik qilayotganini ko‘rib ogohlantirishdek qulog‘imda jaranglab turibdi...

                                        Mohira Sultonovaning facebook sahifasidan olindi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring