Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Yangihayotning Xushnud mahallasidagi o‘zgarishlar bilan tanishdi (foto)

Shavkat Mirziyoyev Yangihayotning Xushnud mahallasidagi o‘zgarishlar bilan tanishdi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangihayot tumanidagi Xushnud mahallasida bo‘lib, aholi hayoti, hududdagi o‘zgarishlar bilan tanishdi.

Mahalla yangi — 2021— yil tashkil etilgan. Bu yerdagi 48 ta ko‘p qavatli uy hamda 625 ta hovlida 11 mingdan ziyod aholi yashaydi. Bolalar bog‘chasi, sport maktabi, oilaviy poliklinika, xususiy klinika, ishlab chiqarish korxonalari, do‘kon va maishiy xizmat shoxobchalari bor. Bu yil 49 ta mikroloyiha orqali 116 nafar fuqaro bandligi ta’minlandi.

Avvallari bu joylar chekka, ko‘rimsiz edi. 2018-yildan boshlab zamonaviy uylar, bolalar o‘yingohi va sport maydonchalari qurildi. Atrof obodonlashtirildi.

Mahallaning uch qavatli binosi ham shu yil yangi bunyod etildi. Uning birinchi qavatida mahalla raisi va xodimlarinig xonalari, kutubxona, jadidlar burchagi joylashgan. Yuqori qavatlarda aniq fanlar va xorijiy tillar bo‘yicha o‘quv markazi, fitnes zal faoliyat olib bormoqda. Yerto‘la qismida yoshlarni kasbga yo‘naltiruvchi monomarkaz tashkil etilgan.

Davlatimiz rahbari ushbu sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Mahalla faollari va nuroniylar bilan suhbatlashdi. Ular so‘nggi yillarda Yangihayot tumani jadal o‘zgargani, yangi transport yo‘llari va korxonalar qurilib, hayot jonlanganini aytishdi.

«Bugun kelishimizdan maqsad qabul qilayotgan qarorlarimiz natijasini, odamlar hayotini ko‘rish. Xuddi bu tumandagiday, har bir hududni rivojlantirish, odamlarga qulayliklarni va ish joylarini ko‘paytirishga harakat qilayapmiz. Shu bilan birga, ta’lim-tarbiyaga, madaniyatga katta e’tibor qaratyapmiz. Bilim va ma’naviyat mustahkam bo‘lsa, iqtisodiyot ham yaxshi rivojlanadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident mahalladagi 150 o‘rinli, zamonaviy sharoitlar yaratilgan xususiy bog‘cha faoliyati bilan ham tanishdi. U joriy yilda foydalanishga topshirilgan 16 qavatli uyning birinchi-ikkinchi qavatida joylashgan. Muassasa xonalarini jihozlashda zamonaviylik va milliylik uyg‘unlashuviga alohida e’tibor qaratilgan.

Mahallada yosh bolali ayollar ko‘p. Ular uchun shu yerga yaqin joylarda tikuvchilik, qandolatchilik kabi yo‘nalishlarda ish o‘rinlari yaratilmoqda. Mazkur bog‘cha ular uchun ancha qulay bo‘ldi. Ko‘ngli xotirjam ish bilan band bo‘ladi, oilasiga qo‘shimcha daromad keltiradi.

Mamlakatimizda muhim dasturlar aynan mahallalarda amalga oshirilayotgani, tizimga katta vakolat va imkoniyatlar berilayotgani ta’kidlandi. Bu ishlar ulardagi obodlik, aholi farovonligida ifodasini topayotgani qayd etildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring