Shavkat Mirziyoyev xalqimizni Ramazon oyi bilan tabrikladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ramazon oyi munosabati bilan xalqimizga tabrik yo‘lladi.
Prezident pok niyatlar ijobat bo‘ladigan ushbu qutlug‘ oyda jahonning turli mintaqalaridagi urush-janjallar, nizo va adovatlar barham topib, butun dunyoda tinchlik, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va hamkorlik barqaror bo‘lishini chin dildan so‘rab, duolar qilishni tiladi.
Davlat rahbari hozirgi vaqtda barcha soha va tarmoqlardagi islohotlar muqaddas islom dinining odamiylik mohiyatiga uyg‘un bo‘lgan «Inson qadri uchun, inson baxti uchun» degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotganini ko‘plab misollarda ko‘rish mumkinligini ta’kidladi.
Jumladan, ijtimoiy himoya tizimi samarasini yuksaltirish, bemorlar, nogironligi bo‘lgan, keksa va yordamga muhtoj insonlarni, yoshlar va xotin-qizlarni, chet ellardagi fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, farzandlarning ta’lim-tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarni obod qilishga qaratilgan sa’y-harakatlar tobora kengayib borayotgani qayd etildi.
«Bu borada boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirish, yurtimizdagi tinch va farovon hayotni, millatlar va dinlararo hamjihatlik muhitini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash bundan buyon ham doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Pok niyatlar ijobat bo‘ladigan ushbu qutlug‘ oyda jahonning turli mintaqalaridagi urush-janjallar, nizo va adovatlar barham topib, butun dunyoda tinchlik, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va hamkorlik barqaror bo‘lishini chin dildan so‘rab, duolar qilamiz», — deyiladi tabrikda.
Shavkat Mirziyoyev Yer yuzidagi barcha mo‘min-musulmon birodarlarni, do‘st va hamkorlarni Ramazon oyining boshlanishi bilan samimiy qutlab, ularning mamlakatlari va xalqlariga osoyishtalik, ravnaq va farovonlik tilagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter