Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rossiyalik zobitning Buxoroda ko‘rgan-kechirganlari va g‘aroyibotlar

Rossiyalik zobitning Buxoroda ko‘rgan-kechirganlari va g‘aroyibotlar

Uning nazarida o‘lkada ko‘rgan-kechirganlari, shu davrdagi Yevropaga qiyoslaganda, qoloqlik holatida edi. Ammo sharqqa xos g‘aroyibotlar ham mavjud bo‘lib, bu aholining turmush kechirishida, kasbu korida yaqqol aks etardi. Shu bois u makkorona nigohlarini xalqning hayoti, kayfiyati, ish faoliyatiga burdi. Butun diqqat-e’tiborini Buxoroga qaratgan bu janob Meyendorf edi...

Aleksandr Kazimirovich Meyendorf (1798–1865) rossiyalik aslzodalar oilasiga mansub baron, kasb-koriga ko‘ra esa geolog, dunyoning ko‘plab davlatlarini kezgan sayyoh bo‘lgan. Shuningdek, serqirra faoliyatga ega bu zot imperiya armiyasi bosh shtabining zobiti ham edi. Meyendorf shtabda ishlayotgan paytida Rossiyaning Buxoro amirligiga yuborgan missiyasi safida 1825-yil o‘lkada bo‘ldi.

«Buxoro chilangarlari aksariyat hollarda ishsiz o‘tirishadi, chunki qulf-kalit, otashkurak, boshqa mayda-chuyda temir-tersak buyumlar Rossiyadan keladi. Temir qimmat turadi, shu bois undan yasalgan buyumlarni avaylab ishlatishadi», deb yozgan edi keyinchalik u sayyohat haqidagi kitobida.

Tabiiyki, harbiy, qolaversa, davlat shtabi zobiti sifatida Aleksandr Kazimirovichni buxoroliklarning qurol-yarog‘i qiziqtiradi: «Qurolsozlar po‘latdan bemalol miltiq stvoli yasay oladilar, ammo o‘t oldirgichni tayyorlash qo‘llaridan kelmaydi, ular qo‘lidagi hamma miltiqlar esa piltali», deydi o‘z kitobida kuzatishlarini qayd etgan Meyendrof. U Buxoroning Kashmir, Qashqar, Afg‘oniston, Hindiston, Eron, Rossiya va yaqindagi Toshkent, Qo‘qon bilan savdo, diplomatik munosabatlari borasida amalga oshirilgan ishlar va elchilik aloqalarini ham o‘rganib, buni o‘z nuqtai nazaridan yoritgandi.

Rossiyalik zobitni ajablantirgani dehqonlar bo‘lgan. «Ekinzorlarni ishlashda buxoroliklar zo‘r mahorat va faollik namoyish etadilar. Ular yerga mehr bilan qarashadi, biror parcha yer yo‘qki, ishlanmagan bo‘lsin. Buxorolik dehqonlar yaxshi tuproq qidirib, uzoq-uzoqlarga boradilar, keyin o‘sha tuproqni o‘z dalalarining past-baland joylariga yotqizib, tekislab qo‘yadilar. To‘g‘onlarning qaddini ko‘tarish va ekinzor atrofini to‘sib qo‘yish uchun ham uzoqdan tashib keltirgan tuproqdan foydalanishadi».

Meyendorf yetishtiriladigan ekinlar haqida ham yozib qoldirgan: «Biz Buxoroda Yevropada ham o‘sadigan lavlagi, karam, sholg‘om, yirik donador sabzi, piyoz, bodring hamda po‘chog‘i ko‘k, ichi oq qovunlarni ko‘rdik.kartoshka bilan artishok (o‘tsimon poliz o‘simligi) Buxoroda uchramaydi».

Yevropani kezgan sayyoh – Aleksandr Kazimirovich sanoat bilan shug‘ullangani uchun ayni paytda bo‘yoqchilik sohasiga ham qiziqdi. Uning yozishicha, «bo‘yoqchilik bilan, asosan, yahudiylar mashg‘ul, ular rango-rang bo‘yalgan ipak ham sotadilar. Buning uchun ishlatiladigan katta qozonlari, odatda , yer bilan barobar turadi. Ayrim bo‘yoqlar butunlay qaynashi, boshqa xillari esa bir oz ishlatilgan bo‘lishi kerak. Ayniqsa, ko‘k bo‘yoq ko‘p ishlatiladi, hatto, matoni ko‘k tusga bo‘yashda ham shu bo‘yoqdan foydalanadilar, gazlamalar hech qachon qop-qora ranga bo‘yalmaydi. Sandal daraxti po‘stlog‘i matoni ko‘k va zangori rangga bo‘yashda qo‘llaniladi. Bu daraxt Orenburgdan keltirilib, yo‘l haqi asl haqidan ikki barobar qimmat turadi. Mazkur bo‘yoq tez o‘chib ketadi, shu bois ipak gazlamalar bunday bo‘yoqqa bo‘yalmaydi.

 Pushti rang bo‘yoq hosil qilish uchun Buxoroda o‘sadigan maxsar guli yaxshilab qaynatiladi. To‘q qizil bo‘yoq tayyorlash uchun esa ro‘zon ko‘chatining shoxi qaynatilib, so‘ng koshenil (qizil bo‘yoq olinadigan hasharot tanasi) bilan qorishtirladi».

O‘sha paytda Rossiya sanoati O‘rta Osiyo paxtasiga ehtiyoj sezardi. Meyendrof bu sohaning Buxorodagi holatiga ham qiziqib ko‘radi. Uning yozishicha, «butun boshli Buxoroda bittayam kattaroq korxona yo‘q, borlarida ham to‘rt-besh nafardan ziyod odam ishlamaydi. Mamlakatda chiqariladigan asosiy mahsulotlardan biri paxtani ishlash, ayniqsa, tolani chigitdan ajratib olishga ko‘p mehnat sarflanadi. Bu ish bo‘yi bir fut (ya’ni, 30,5 sm), eni yarim fut keladigan mo‘’jazgina yog‘och dastgohda bajariladi. 40 funt (qadoq) paxta chanog‘idan 10 funt tola chiqadi, undan 20 kor (30,2 metr) gazlama to‘qiladi. Paxtani chigitdan tozalashda, asosan, ayollar ishlaydi, ularning tirikchiligi ham shundan. Ip gazlamaning bir qismi bo‘yoqchilar, boshqa qismi unga gul bosuvchilar qo‘liga kelib tushadi, uchinchi bo‘lagi mamlakatning o‘zidan ortmaydi, jami aholi bu yerda, asosan, ip gazlamadan tikilgan kiyim kiyadi».

Xullas, Meyendorf janoblari 1825-yili Buxoroda bo‘lganida barcha sohalarga e’tibor qaratib, chor imperiyasi uchun zarur ma’lumotlarni to‘play oldi. Bu xizmatlari e’tirof etilib, u sayyohatdan qaytganidan so‘ng Rossiya manufaktura va savdo kengashi raisi lavozmini egalladi. Ko‘rgan-kechirganlari asosida esa «Rossiya elchilarining Orenburgdan Buxoroga sayyohatining qisqacha tafsiloti» nomli kitob yozib, 1826 yili Parijda fransuz tilida nashr ettirdi. Kitobning ayrim boblari Rossiyadagi «Severniy arxiv» va «Manufaktura i torgovlya» jurnallarida chop qilingan.

Shu tariqa, Aleksandr Kazimirovich chor imperiyasi nuqtai nazari va manfaati uchun amirlikka kelgan hamda xalq hayotini kuzatgan bo‘lsa-da, u yozgan kitob orqali Fransiya va Rossiya aholisi XIX asrning 20-30 yillaridayoq Buxoro haqida ma’lumotga ega bo‘ldi. Biz uchun esa Meyendorfning kitobi boshqa manbalar bilan taqqoslab, vatanimiz tarixini o‘rganishga xizmat qiladigan asar yozib qoldirgan muhim.

Umid Bekmuhammad,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring