Harbiy bo‘lishni orzu qilgan robototexnik (video)
Robototexnika kelajakning muhim sohasi bo‘lib, texnologik taraqqiyotning ajralmas qismi hisoblanadi. U insonlarning hayotini osonlashtirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va yangi imkoniyatlarni kashf qilishda muhim rol o‘ynaydi.
Navro‘z Ergashev minglab yoshlarga bilim ulashib, ularga texnologiya olamida o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashayotgan ijodkor va tashabbuskor shaxs. U Buxorodagi robototexnika o‘quv markazi asoschisi, yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish yo‘lida mehnat qilayotgan haqiqiy lider. O‘zining fidoyiligi, jasorati va orzulariga sodiqligi bilan yoshlarni kelajak uchun tayyorlashda katta hissa qo‘shyapti. Ilgari ham Navro‘z Ergashevning faoliyati bilan tanishgan edik. Bu gal esa uning tashabbusi bilan faoliyati yo‘lga qo‘yilgan markazning muvaffaqiyatlari va kelajak rejalari to‘g‘risida suhbatlashamiz.
Suhbat avvalida u o‘zining maktab yillaridagi hayoti, bolalikdagi orzulari haqida gapirib berdi.
— Maktab davridanoq ko‘p sohalarga qiziqqanman va barchasini o‘rganishga harakat qilganman. Bir qancha to‘garaklarga qatnaganman. Ingliz tili, rassomchilik, gitara chalish va hatto, sovundan gullar yasash to‘garaklarida ham ishtirok etganman. Sportning bir emas, turli yo‘nalishlarida murabbiylardan dars olganman. Kikboksing, kurash, futbol va boks sport turlarida o‘zimni sinab ko‘rganman. «Bir yigitga qiriq hunar oz», deganlaridek, har sohadan oz-oz ko‘nikma va bilimlarim bor, deydi u.
— Ko‘plab sohalardan xabardor ekansiz, ammo, qizig‘i shundaki, nega aynan robototexnika sizning asosiy ishingizga aylandi?
— To‘g‘risi, bu qiziqishlarimning hammasi emas. Bolaligimda jangovor filmlarni ko‘p tomosha qilardim va 6 yoshimda harbiy bo‘lishni orzu qilganman. Harbiylikka qiziqishim ortidan har sohani bilishga intildim, ayniqsa, sport bilan hayotimni bog‘ladim. Chunki harbiylar uchun sog‘lom va baquvvat bo‘lish kerakligini bilardim. Biroq, taqdir taqazosi bilan robototexnik bo‘lish nasib etdi. O‘z kasbimni yaxshi ko‘raman va sohada ishlash menga zavq bag‘ishlaydi.
— Robototexnika bo‘yicha dastlabki ta’limni qayerda olgansiz va ustozlaringiz kim bo‘lgan?
— Buxoro shahridagi Politexnika kollejining payvandlovchi yo‘nalishida tahsil olganman. Texnika borasidagi dastlabki bilimlarim shu muassasadan boshlangan. Kollejda o‘qib yurgan kezlarimda ilk katta yutuqni qo‘lga kiritganimni yaxshi eslayman. Negaki, bu yutuq bugungi kundagi muvaffaqiyatlarimning negizi, deb hisoblayman. O‘shanda payvandlovchi yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovda g‘olib bo‘lgandim. Tanlovdan keyin meni Rossiyaning Sochi shahriga o‘qishga taklif qilishdi. U yerda ham o‘qib, ham ishladim. Ustozim Yelena Yenakovadan robotatexnikaning asosiy bilimlarini o‘rganganman. Sohani puxta egallab, yashirmayman, 2 ming dollargacha pul topardim. Rossiyadagi robototexnika markazida ustozlik qilishdan tashqari, veb-dasturchi sifatida «Inform unity» kompaniyasida ishlaganman.
—Rossiyada muqim va kattagina daromadli ishni topgan bo‘lsangiz, nima sabab bo‘ldiki, Buxoroga qaytdingiz?
—Magistraturani bitirgach, oliygohning aspiranturasida o‘qishga ham taklif qilishdi. Sharoitim havas qilishga arzigulik bo‘lgan. Lekin Rossiyada ko‘plab xalqaro tanlovlarda qatnashib, unda rus xalqi yoshlarining ishtirokini, sohadagi bilimi va g‘alabadan ko‘zi yonib turganini ko‘rib, bizning vatanimizda ham yoshlar ana shunday yutuqlardan yayrashini istadim. Menda o‘zbek yoshlari xalqaro maydonlarda robototexnik sifatida g‘olibliklarni qo‘lga kiritishida hissa qo‘shish ishtiyoqi kuchlilik qildi.
—2019yilda «Robot and Me» o‘quv markazini tashkil etish jarayonida dastlab qanday rejalarni ishlab chiqqansiz?
—Rostini aytsam, hech qanday rejam bo‘lmagan. Chunki, bu borada tajribam kam bo‘lgan. Rossiyada qanday dars o‘tgan bo‘lsam, bu yerda ham shuni qo‘llashni istagandim. Biroq, bu usul o‘xshamadi. Chunki sohani o‘rganish uchun til bilish ham zarur. Barcha nazariy bilimlar va atamalar rus tilida o‘zlashtirishga mo‘ljallangan. Shu 6 yil davomida o‘zbek tiliga asoslanib dars dasturlarini moslashtiryapmiz. Dars berish usullari yildan yilga o‘zgarib borayapti.
— Robototexnika sohasida bugungi kunda shogirdlaringiz qanday natijalarni qo‘lga kiritishayapti?
—Shogirlarim ilgari, asosan, respublika doirasida o‘tkaziladigan tanlovlarda ishtirok etishgan. Endilikdagi rejamiz xalqaro musobaqalarda ham qatnashish. Yaqinda bir shogirdim 162 ta davlat vakillari ishtirok etgan Shvetsariyadagi «First global challenge» tanlovida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu markazimiz uchun ham, ustoz sifatida men uchun ham katta yutuq, deb bilaman.
Navro‘z Ergashevning ijodkorligi, nafaqat, yoshlar balki, butun jamiyat uchun katta ilhom manbaidir. U har bir ishida yuqori sifat va samaradorlikni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Markaz xodimlari esa bilim ulashish, intilish va harakat orqali ulkan marralarga yetish mumkinligini isbotlayapti. Ularning ishlari texnologik taraqqiyotga qo‘shilgan ulkan hissa sifatida qadrlanishi shubhasiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter