Radiatsiya va yadro xavfsizligi bo‘yicha markazning asosiy yo‘nalishlari belgilandi
«O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi huzuridagi «Radiatsiya va yadro xavfsizligi ilmiy-texnik markazi» davlat muassasasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Hukumat qarori (27-son, 21.01.2025-y.) qabul qilindi.
Unga ko‘ra, quyidagilar «Radiatsiya va yadro xavfsizligi ilmiy-texnik markazi» davlat muassasasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:
-radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat siyosatini yuritish va tartibga solish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar hamda ilmiy-texnik ishlar asosida takliflar (tavsiyalar) ishlab chiqish;
-atom energiyasidan foydalanish ob’yektlarining va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatning xavfsizligini asoslashga doir ekspertiza o‘tkazish;
-atom energiyasidan foydalanish sohasida radiatsiya va yadro xavfsizligi bo‘yicha normativ bazani rivojlantirish va takomillashtirish;
-radiatsiya va yadro xavfsizligi masalalari bo‘yicha davlat dasturlari, xalqaro loyihalar hamda dasturlarni ishlab chiqishda, shuningdek, nazorat va litsenziyalash faoliyatini texnik, tahliliy hamda eksperimental qo‘llab-quvvatlashda ishtirok etish;
-radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida ilg‘or texnologiyalardan foydalangan holda ilmiy asoslangan xavfsizlik, modellashtirish va hisoblash tahlilini o‘tkazish;
-radiatsiya va yadro xavfsizligini tartibga solish sohasida ma’lumotlar bazalarini ishlab chiqish, yaratish, shakllantirish va saqlash;
-o‘z vakolati doirasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter