Qarzdor ota aliment evaziga farzandlariga ikki xonalik uy berdi

Buxoroda ota ikki nafar farzandi 18 yoshga to‘lgunga qadar bo‘lgan davr uchun aliment to‘lovlari evaziga 2 xonali uy berdi. Bu haqda “Xabar.uz’ga MIBning Buxoro viloyati boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha katta inspektori Ixtiyor Olimov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kogon tumanlararo sudining 12.07.2023 yildagi sud hujjatiga asosan, qarzdor N.H.dan undiruvchi foydasiga 2 nafar voyaga yetmagan farzdanlari moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan.
Ota to‘lovni paysalga solib, sobiq turmush o‘rtog‘iga turli bahonalarni ro‘kach qilgan holda tegishli tartibda idoralarga murojaat qilmaslikni so‘rab kelgan. Biroq, ijro harakatlari Byuroning Kogon tuman bo‘limi tomonidan olib borilgan. Aliment to‘lovlaridan bo‘lgan qarzdorlik uchun qarzdorning chetga chiqishiga vaqtincha cheklov qo‘yilgan. Shundan so‘ng fuqaro N.H. qonun majburiyatlaridan qochib keta olmasligini tushunib yetgan. Qarzdor ijro hujjati talablarini bajarish, nizoli holatni hal qilish va taraflarning hamkorligi asosida o‘zaro maqbul qarorga erishish maqsadida professional mediatorga murojaat qilgan. Professional mediator ishtirokida qarzdor va undiruvchi o‘rtasida tuzilgan mediativ kelishuvga ko‘ra, qarzdor ota ikki nafar farzandlari 18 yoshga to‘lgunga qadar bo‘lgan davr uchun aliment to‘lovlari evaziga Kogon shahrida joylashgan 2 xonali uyni undiruvchi nomiga rasmiylashtirib bergan.
“Mediatsiya” qonun normasi taraflarning xohish-istagi asosida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish jarayonida samarali tadbiq etib kelinmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida ish yurituvdagi aliment undiruvi bilan bog‘liq 16 439ta ijro hujjatlari ko‘rib chiqilgan. Oilalar olib borilgan suhbat va tushuntirishlar natijasida 580 ta oila yarashtirilgan. Shuningdek, 24 milliard 972 million so‘m miqdoridagi aliment to‘lovlari mediatsiya shaklida undirilgan”,-deydi Ixtiyor Olimov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter