Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bobur Nabi

Fiqrachilar firqasidanman!

Propiskasizni ishga olgan ish beruvchi jazolanishi kerak — bu muammo hamon hal etilmagan

Propiskasizni ishga olgan ish beruvchi jazolanishi kerak — bu muammo hamon hal etilmagan

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekistonda propiska masalasi bir qadar hal bo‘lgandek, odamlar ham unutgandek go‘yo. To‘g‘ri, ishga qabul qilishda hech kim vaqtincha yoki doimiy propiska so‘ramayapti. Bu haqda 2018-yil yanvardagi Prezident farmoni asos qilib olingan.

So‘ng bir muddat «Propiska cheklovlarini bekor qilish muddati o‘tib ketgandi, ammo bu mas’ullarning «esidan chiqqan» edi. Adliya vazirligi esa «propiska haqidagi hujjatni esdan chiqarmaganini» alohida ta’kidlagandi.

Ammo ayrim joylarda ish beruvchilar propiska so‘rayotgani haqida xabarlar chiqib qoldi. Nimaga? Axir Prezident farmoni bilan bu narsa bekor qilingan-ku! Ko‘pchilik shunday o‘ylashi tabiiy edi, chunki hamma ham prezident farmonidan tashqari yuridik kuchga ega qonun hujjatlari borligini va unda propiska masalasi eski tartibda qolganini bilmaydi.

Prezidentning 2018-yil 22-yanvardagi PF–5308-son farmonining 10-bandi bilan vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmagan fuqarolarni ishga qabul qilishga bo‘lgan taqiq, shuningdek, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilganlik uchun ish beruvchining javobgarligi bekor qilingan. Farmon 2018-yil 23-yanvardan kuchga kirgan.

«Vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmagan fuqarolarni ishga qabul qilishga bo‘lgan taqiq, shuningdek, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilganlik uchun ish beruvchining javobgarligi bekor qilinsin», deyiladi farmonda.

Biroq Mehnat kodeksining 80-moddasiga, shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2232-moddasiga o‘zgartirishlar hali kiritilmagan. Rasmiy jihatdan taqiq ham, mas’uliyat ham saqlanib qolamoqda, chunki qonunlar Prezident farmonlariga nisbatan yuqori yuridik kuchga ega, demoqda «Norma» nashri.

Xo‘sh, ushbu kodekslarda nima deyilgan? O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 80-moddasi «Ishga qabul qilish vaqtida talab qilinadigan hujjatlar» deb nomlanadi va unda quyidagi so‘zlar bitilgan:


«Ishga qabul qilish vaqtida ishga kirayotgan shaxs quyidagi hujjatlarni:

— pasport yoki uning o‘rnini bosadigan boshqa hujjatni, o‘n olti yoshgacha bo‘lgan shaxslar esa — tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma va turar joyidan ma’lumotnomani;

— mehnat daftarchasini, birinchi marotaba ishga kirayotgan shaxslar bundan mustasno. O‘rindoshlik asosida ishga kirayotgan shaxslar mehnat daftarchasi o‘rniga asosiy ish joyidan olgan ma’lumotnomani;

— harbiy xizmatga majburlar yoki chaqiriluvchilar tegishincha harbiy biletni yoki harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnomani;

— qonun hujjatlariga muvofiq maxsus ma’lumotga yoki maxsus tayyorgarlikka ega shaxslargina bajarishi mumkin bo‘lgan ishlarga kirayotganda oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtini tamomlaganligi to‘g‘risidagi diplomni yoxud mazkur ishni bajarish huquqini beradigan guvohnomani yoki boshqa tegishli hujjatni taqdim etadi.

Ishga qabul qilish vaqtida ishga kirayotgan shaxsdan qonun hujjatlarida ko‘rsatilmagan hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.

Ishga kirayotgan shaxsning pasporti haqiqiy bo‘lmasa, xuddi shuningdek, ishga kirayotgan shaxs vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmagan bo‘lsa ishga qabul qilish rad etilishi mumkin».


Ana, hamma gap shu yerda. O‘zini hurmat qilgan ish beruvchi yoki kadrlar boshlig‘i Mehnat kodeksidagi mazkur moddani bilsa, ish so‘rab kelgan odamni, agar shu talabga javob bermasa, ishga olmaslikka haqlidir. Agar ishga olsa, nima bo‘ladi? Bu bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda jazo bor:


«2232-modda. Ishga qabul qilishda pasport tizimi qoidalarini buzish

Pasportsiz yoki haqiqiy bo‘lmagan pasport bilan fuqarolarni, xuddi shuningdek vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilish — mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa — mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining yigirma baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi».


Xo‘sh, unda nima qilish kerak? Eng avvalo, har ikkala kodeksga o‘zgartirish kiritish kerak. Xo‘sh, Mehnat kodeksiga oxirgi marta qachon o‘zgartish kiritilgan? 2018-yil 18-aprel kuni. Unga ko‘ra, ishga qabul qilishni rad etish g‘ayriqonuniy hisoblanadigan hollarning ro‘yxati kengaytirildi. Endilikda muqaddam sudlangan shaxslarni ishga qabul qilmaslik yoxud shaxslarni ularning yaqin qarindoshlari sudlanganligi munosabati bilan ishga qabul qilmaslikka ham yo‘l qo‘yilmaydi.

Mutasaddilar uchun mana yangi boshog‘riq! Propiska masalasi to‘liq hal bo‘lishi uchun Mehnat kodeksidagi talabni olib tashlash kerak. Yo‘qsa, jazoga tortiladi. Keyin esa Ma’muriy javobgarlik haqidagi kodeks o‘zgartiriladi. Shundagina ishga qabul qilishda propiska masalasi to‘liq hal etilishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring