Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident Quvasoyda barpo etilgan yirik intensiv bog‘ni borib ko‘rdi

Prezident Quvasoyda barpo etilgan yirik intensiv bog‘ni borib ko‘rdi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Quvasoydagi 450 gektarda intensiv bog‘ yaratildi. Bu adirlik ilgari foydalanilmaydigan yaydoq joylar edi. Davlatimiz rahbarining 2020 yil iyunda Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida tadbirkorning bu yerda bog‘ yaratish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

Hozir bu agroloyiha bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Dastlabki ikki yilda 450 gektar yerda intensiv bog‘ yaratilib, tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yildi. Eksportbop gilos va shaftoli ko‘chatlari hosilga kirib qoldi.

Bugungi tashrifda Prezident «Uz-Segang» qo‘shma korxonasining ushbu bog‘ini ko‘zdan kechirdi. Tadbirkorning muammo va takliflarini so‘radi.

Korxonaga Quva tumanidan qariyb 2 ming gektar va Quvasoy shahridan 1 ming 600 gektar yer ajratilgan.

Kelgusi ikki yilda qayta o‘zlashtirilgan bu yerlarda yana 980 gektar intensiv bog‘ barpo etiladi. Shuningdek, ekoturizm va logistika markazlari ishga tushiriladi. Eng muhimi yana qo‘shimcha 200 ta doimiy, 3 mingta mavsumiy ish o‘rni paydo bo‘ladi.

O‘tgan yili korxona tomonidan fermer xo‘jaliklari va xonadonlardan 1 ming 700 tonna gilos, shaftoli va anor yig‘ib olinib, 5 million dollardan ziyod eksport qilindi. Bu yil eksport miqdorini 15 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Korxona faqat meva yetishtirish bilan cheklanmaydi. Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya va Xitoydan ilg‘or texnologiyalar keltirilib, mahsulotlarni saqlash, qayta ishlash, qadoqlash yo‘lga qo‘yilgan.

Prezident bunday loyihalarni ko‘paytirish zarurligini ta’kidlab, buning uchun qanday taklif bo‘lsa, qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Shu yerda viloyatdagi agrosanoat mahsulotlari namoyish etildi. Sohadagi kelgusi rejalar taqdimot qilindi. 

Viloyatda 48 ming 300 gektar bog‘ va tokzor mavjud bo‘lib, uning 3 ming 400 gektarini intensiv bog‘lar tashkil etadi. Keyingi to‘rt yilda 6 ming 400 gektar bog‘ va 2 ming 900 gektar tokzorlar barpo etilgan. Shuningdek, 1 ming 400 gektarda tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilingan.

Bu yil yana 3 ming 400 gektar intensiv bog‘ va tokzorlar barpo qilinib, 2 ming 400 ta ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga tashrifi yakunlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring