Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tarix zarvaraqlari: katta bozordagi chinqiriq

Tarix zarvaraqlari: katta bozordagi chinqiriq

«Shayton yo‘liga kirib, xaridorni aldadim, – deya yarim yalang‘och holda chinqirayotgan kishining ovozi butun bozor ahlini o‘ziga jalb qildi. Kimdir «jazoing shu sening» deb, yo‘lida davom etdi. Ayrim sotuvchilar esa sergaklanib qoldilar.

Negaki chinqirayotgan kishi hozirgina yonida turib savdo qilayotgan bozorchilardan edi. U xaridor haqiga xiyonat qilgani uchun aravaga mindirilib, darra urilayotgan, xalq nafratiga uchragan kasga aylangan edi...

Yarim soatcha avval po‘rim kiyinib turgan qorindor endi yarim yalang‘och holda aravada qichqirib yotar, uning sazoyi qilinayotgani esa boshqa hamkasblariga saboq bo‘lardi. Bu – O‘rta Osiyo xonliklari davridagi oddiy holat. O‘g‘rilik, firibgarlik qilgan banda shu tariqa bozorda sazoyi qilinar, tutib keltirilgan kasga hukmni rais o‘qirdi. Zero, bunday mansabdagi odam xonlikda eng e’tiborli bo‘lib, tosh-tarozining to‘g‘riligi, bozordagi butun tartib-intizomni nazorat qilardi. Raisga jazolash vakolatini qozi bergan va u xon roziligiga ko‘ra, bozorga mas’ul amaldorni vazifaga tayinlagandi. Shu bois XIX asrning o‘rtalarida Turkistonni zabt etgan chorizm huquq-tartibot tizimidagi jazolash turini xalq sudlari deb atagan edi.

Tabiiyki, islom dini hukmron o‘lkada qozi, muftiy va raislar hukmni shariatga ko‘ra chiqarardi. Ular xalq fikriga tayanib, shariat qonun-qoidalari va axloq mezonlarining bajarilishini, javobgarga jazo chorasini bevosita el ichida qo‘llardilar. Xalq gavjum joy esa bozor. Og‘ir siyosiy jinoiy ish, turli saroy o‘yinlari fosh etilib qolsa, bevosita xon yoki qozikalon hukm o‘qir, ko‘pincha uzoq muddatli zindonga tashlash, o‘lim jazosi berishni ham ular belgilashardi. Qolgan fuqarolik va jinoiy ishlarni esa viloyat, tumanlardagi qozilar hal qilardi. Shuningdek, kunduzi bozorda, kun botishi bilan, asosan, shaharlarda posbonlik qiluvchi mirshablar ham jazo choralarini qo‘llashda qozilarga itoat etishardi.

Xullas, mirshab, rais, qozi, muftiy, qozikalon, xon «xalq sudlari» deya chorizm davri tadqiqotchilari e’tirof etgan, jamiyatda adolat mezonlarini tutib turuvchi shaxslar edilar. Chor mustamlakachilari o‘lkani zabt etgach, shariat asosida ish yurituvchi xalq sudi – qozilik sudi ham saqlanib qolaverdi. Ayni paytda esa chor imperiyasining sudlari ham tashkil etilgan edi.

Udar hududiy bo‘linishiga ko‘ra, tuman sudi, sud palatasi huquqidagi viloyatlar boshqarmasi, «mirovoy sud» qurultoylari, harbiy sud komissiyalaridan iborat edi. Tuman (uyezd) sudyalari mulkdan mahrum etishga daxldor hisoblanmagan jinoiy ishlar, davlat xazinasiga oid bo‘lmagan, 2000 rublgacha miqdordagi da’volarni ko‘rib chiqardi. Viloyatlar boshqarmalari tuman sudlaridan norozi bo‘lganlarning shikoyatlarini qaytadan ko‘rib chiqqanligi ham ma’lum. Hududiy joylashishiga qarab, Marg‘ilon, O‘sh, Toshkent va Samarqanddek general-gubernatorlikka qarovchi shaharlarda harbiy sudlar joriy etilgandi. Chunki mazkur hududlarda chor imperiyasi garnizonlari mavjud edi. Chor imperiyasi sudlari bilan bir paytda oldingi davrdagidek qozilar ham faoliyat yuritaverishardi.

1886 yilda «Turkiston o‘lkasini boshqarish to‘g‘risida nizom» ishlab chiqilganida imperator Aleksandr II qozilar faoliyatiga qiziqib qoladi. Shundan keyin Turkiston chorizmga qaram bo‘lgani uchun avvalgidek adolatli, xalq ichida nufuzli zotlar emas, mustamlakachilarga laganbardor, boyish iskanjasidagi kishilar qozi etib tayinlanadigan bo‘ldi. Negaki bu imperiya manfaatlari, mustamlaka xalqni itoatda saqlash uchun eng muhim omil edi.

Umid Bekmuhammad,
tadqiqotchi.

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring