Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Islom sivilizatsiyasi markazida amaliy-seminar bo‘lib o‘tdi (video)

Islom sivilizatsiyasi markazida amaliy-seminar bo‘lib o‘tdi (video)

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Markaz Vasiylik Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda markaz ekspozitsiyasini boyitish, ilmiy-innovatsion loyihalarni amalga oshirish hamda Markazning ijtimoiy-ma’rifiy va ilmiy-amaliy maskan sifatidagi faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi va Vasiylik kengashi tomonidan 9 ta yo‘nalish bo‘yicha kichik ishchi guruhlari tarkibi tasdiqlandi.

Kengash tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida 13 mart kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida "O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitish va takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari" mavzusida respublika amaliy-seminari bo‘lib o‘tdi.

Seminar Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-amaliy va ma’rifiy yo‘nalishdagi faoliyatini rivojlantirish, ekspozitsiyani boyitish hamda zamonaviy muzey texnologiyalarini tatbiq etish masalalariga bag‘ishlandi.

Seminarda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, markaz xodimlari, shuningdek, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Milliy kutubxona, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Toshkent Islom instituti, Alohida muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan ob’yektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash direksiyasi kabi muassasalar rahbarlari, mutaxassislari va olimlar ishtirok etdilar.

Yig‘ilish davomida O‘zR FA vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi direktori Otabek Hasanov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismoilova va boshqa ishtirokchilar markaz ekspozitsiyasini boyitish, ilmiy tadqiqotlar hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’ruzalar qildilar. Shuningdek, muzey ekspozitsiyalari uchun yangi ilmiy-tadqiqot loyihalarini shakllantirish, tarixi va madaniy merosni asrab-avaylash bo‘yicha takliflar muhokama qilinadi.

Seminarning asosiy qismida markaz xodimlari va mutaxassislar tomonidan tayyorlangan yangi loyihalar, jumladan, muzey ekspozitsiyasidagi multimedia elementlarini joriy etish, yangi qo‘lyozma va arxiv materiallarini tadqiq qilish kabi ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.

Seminar yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar asosida Markaz faoliyatini yanada rivojlantirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi. Bu kabi tadbirlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy va ma’rifiy platforma sifatidagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring