Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoroda II-guruh nogironiga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi

Buxoroda II-guruh nogironiga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumani sudi sudyasi Dilmurod Qulliyevning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, bir oyog‘idan ayrilgan II –guruh nogironiga nisbatan bir yilga ozodlikdan cheklash jazosi qo‘llanilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning iyun oyi oxirgi kunlarining birida 47 yoshli Qorako‘l tumanilik ayol G.J. «Shakarbek» mahallasida yashovchi H.H.  hamda B.R.larning jinsiy aloqada bo‘lishlari uchun o‘z yashash xonadonida sharoit yaratib bergan.

Holatga ko‘ra, har uchala shaxs tuman markazidagi choyxonalardan birida ovqatlanishgan. Fuqaro B.R. bir yildan buyon ishqiy munosabatda bo‘lib kelgan ma’shuqasi H.H. bilan xilvat joyda uchrashishi kerakligini va buning uchun G.J.dan o‘z xonadonida sharoit yaratib berishini so‘ragan. G.J. bu taklifni hech qarshiliksiz qabul qilgan va ularni o‘z yashash xonadoniga olib borgan.

Oradan bir soatchalar vaqt o‘tgach, G.J.ning xonadoniga ichki ishlar xodimlari yetib kelishgan va holat rasmiylashtirilgan. G.J.ning o‘z «xizmati» evaziga B.R.dan 250 ming so‘m olgani aniqlangan. Tergov jarayonida G.J. shu turdagi boshqa «uchrashuv»larga ham aloqadorligi o‘rganilgan.

«Avtoavariya tufayli o‘ta og‘ir jarohat olganman. Tanam jarohatlangan, bir oyog‘im kesib tashlangan. Davolanishim kerak. Haqiqatan ham pulga muhtojman va shuning ortidan pul topmoqchi bo‘ldim»,-deya aybiga iqrorlik bildirgan G.J.

Ma’lum bo‘lishicha, G.J.ning xonadoniga ikki nafar begona: bir ayol va bir erkakning kirib kelishi qo‘shnilarda shubha uyg‘otgan va bu haqda ichki ishlar organlariga murojaat kelib tushgan bo‘lgan.

 

G.J. O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 131-moddasi (Qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topilgan. Unga shu modda bilan bir yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring