Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Nurbek Alimov

Oz narsani qurbon qilgan odam, oz narsaga erishadi. Ko‘p narsani xohlagan odam esa ko‘proq narsadan voz kechishi kerakligini biladi.

Boy qo‘shni obro‘yingizni belgilaydimi?

Boy qo‘shni obro‘yingizni belgilaydimi?

Foto: «Repost.uz»

Mana shu siz suratda ko‘rib turgan reklama bannerida juda bir nozik ishora bor! Ayni bizning mentalitetimizga mos reklama. Bizda birovdan: «Qayerda turasan?» — deb so‘ralsa, mahalla nomini aytadi-da: «Falonchi boyning ko‘chasida» yoki «Birbaloning boshlig‘i, direktori, raisining ko‘chasida», deb qo‘shib qo‘yadi. Bu reklama qaysi kompaniyaga tegishli ekanini bildingiz.

Boy qo‘shnilar bilan birga yashash inson uchun obro‘mi? Bu unga nima beradi? Shu boyning mahallasida yashasang, go‘yoki sen ham o‘sha boyga aloqadorlik hissini tuyasan. Lekin u seni tanimaydi. Birov manzilini so‘rasa, «Abdusamad traktorchining mahallasida turaman», demaydi.

Bu nima? Yo‘qchilikdan farzandini davolatishga pul topa olmay, zorlanib yurgan insonlarning yoki uyda nonni ham taqsimlab yeydigan oilalar bolalarining ustidan kulishmi? Surbetlik chegaradan chiqib ketyapti.

Lekin, xulosa qilishga shoshilmang. Eng qizig‘i shundaki, reklama bannerida katta shriftlarda “Boy qo‘shnilar” deb yozilgan so‘zlarning ustida ma-a-ayda harflarda yozilgan so‘z bor, rasmda uni o‘qib bo‘lmaydi. Bilasizmi, u yerda nima deb yozilgan?

Tayyor turing: Bi-i-ir... Ik-k-ki... U-u-u-uch! Kichik harflarda «ma’naviy» deb yozilgan!

Anglaganingizdek, bu yerda go‘yoki «Ma’naviy boy qo‘shnilar», degan mazmun kelib chiqadi. Savol: nima uchun bu yerda «ma’naviy» so‘zi kichik harflarda yozilgan? Chunki kapitalizm davrida pul va moddiyat ma’naviyatdan ustun bo‘ladi, deb sub’yektiv fikr chiqardim.

Kapitalistlar kelib ustimdan mag‘zava to‘kishlariga tayyorman. O‘zim ham kapitalist insonlarning farzandiman. Lekin men sotsialistman. Insonlarning ustidan bu taxlit kulish yaxshilikka olib kelmasa kerak.

Och-nahor bolalarning oldiga kelib, og‘zidan so‘lagini oqizib, mazza qilib go‘sht yeyayotgan Eshmatni tasavvur qiling! Bu vaziyatda ochlar to‘qlarga nisbatan nafrat bilan o‘sishi mumkinmi? Albatta!
Eh, ma’naviyat... O‘sha men sevgan buyuk ma’naviyat «boy» so‘zining soyasida qolib, mayda harflarga aylanib ketibdi. Bora-bora yo‘q bo‘lib ketmasang edi, ma’naviyatjon!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring