Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bolalar adabiyotida nasihat qilish yoki aql o‘rgatish samarali emas

Bolalar adabiyotida nasihat qilish yoki aql o‘rgatish samarali emas

Foto: Vladimir Suteyev

Nega zamonaviy jahon bolalar adabiyoti har qanday nasihatchilikdan voz kechgan? Nega bolalar adabiyoti yetakchilari hisoblanadigan Skandinaviya mamlakatlari adabiyoti bolalarga boshqa yo‘l bilan yordam beradi?

Biz bilamiz bolalar har xil bo‘ladi. Ularning muammolari yoki «tarbiyasizligi»ning ko‘rinishi bir xil bo‘lsa-da, negizida turli omillar yotadi. Oiladagi muhit, ota-onaning ajrashgani, otaning boshqa oilasi borligi, moliyaviy ahvol, bolalikda olingan psixologik va ruhiy jarohatlar, ota-onasining psixologik holati, jismoniy salomatligi va yana minglab omillar bolalarning o‘zini qanday tutayotganiga, qanday muammolarga duch kelishiga sababchi bo‘ladi. Mana shunday vaziyatda qanday qilib kitob BIR yo‘l ko‘rsatib bolaga nasihat berishi mumkin? Qanday qilib bir yo‘l yoki bir nasihat hamma bolajonlarga to‘g‘ri kela oladi? HECh QAChON! Hech qachon muammoni hal qilish yo‘li barchaga birdek to‘g‘ri kelmaydi.

U holda bolalar adabiyoti nima bera oladi? Axir u bolaga yordam berishi kerak.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, muammoni hal qilish yo‘lida eng muhim narsa uni ko‘rish, aniqlash va nomlash. Ko‘pchilikning muammodan muammoga kirishining sababi muammo aslida nima ekanligini ko‘rmasligidir. Agar ko‘rsa, aniqlasa, nomlay olsa muammo 70%ga hal bo‘ldi degani. Har bir inson, shu qatorda bolajon ham o‘z tajribasi, oilaviy muhiti, ko‘rgan-eshitgani, yashab o‘tganidan kelib chiqqan holda bu muammosiga yechim aniq topa oladi! O‘zi, bemalol topa oladi, agar uni aniq ko‘rib nomlay olsa.

Kitob ana shu vazifani bajarishi kerak, ya’ni muammoni bolaga ko‘rsatib, nomlab berish. Shunda bolaning qalbida kitob qahramonining muammosi o‘z aksini topsa (refleksiya bo‘lsa), u o‘z muammosiga yechim topa oladi. Kitob bolaga aql o‘rgatishi kerak emas. Kitob bolaga nasihat qilishi kerak emas. Kitob bolaga muammosini ko‘rsatib, nomlab bera olishi kerak. Muammoni hal qilish yo‘llari esa cheksiz.

                                      Bolalar yozuvchisi Dinara Mo‘minovaning facebook sahifasidan olindi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring