Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Anomal jaziramada elektr quvvati taqchilligi faqat bizda kuzatilayaptimi?

Anomal jaziramada elektr quvvati taqchilligi faqat bizda kuzatilayaptimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez chiroq o‘chayotgani yoki bo‘lmasa sutkalab yonmayotgani haqidagi ma’lumotlarga ko‘zimiz tushmoqda. Anomal sovuqda chiroqqa ehtiyoj kuchayishini va muammolar paydo bo‘lishini tushunish mumkin, ammo yozda nima uchun chiroq o‘chadi, anomal sovuqning noqulayliklari bo‘lishi tabiiy, anomal issiq ham noqulaylkilar keltirishi mumkinmi? Bu masalada boshqa mamlakatlarda hammasi bir tekismi, muammolar yo‘qmi?  

Xorij yangiliklarini kuzatamiz. Juda ko‘p yangiliklarda avvalo elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar va vaqti ko‘rsatilgan. Aytaylik, xorijiy davlatlar, Rossiyaning bir qator tumanlari, Qozog‘iston kabi qo‘shni davlatlarda elektr uzilishlari qaysi hududlarda necha soatga ro‘y berishi oldindan ogohlantirilgan. Yana bir xabarlarda esa transformatorlardagi buzilishlar va necha soatda tuzatilishiga alohida urg‘u berilgan. Bizda esa qayerda qachon chiroq o‘chirilishiyu qachon yonishi yoki nosozlik qachon bartaraf etilishi haqida ogohlantirish e’lon qilish endi-endi yo‘lga qo‘yilyapti.  Shunda ham yirik shaharlarda. Qishloq joylarida esa bu masalaga e’tibor yo‘q. Aynan mana shu ogohlantirishlar yo‘qligi ham aholida norozilik keltirib chiqaradi.

Italiya issiqdan aziyat chekmoqda, deb xabar beradi yangiliklarning birida.

Yevropadagi haddan tashqari haroratning ko‘tarilishi ko‘plab o‘rmon yong‘inlariga sabab bo‘ldi. Gretsiya va Turkiyadan tashqari, Italiya ham alangalandi.

Mamlakatning 16 shahrida havo harorati yuqori bo‘lgani sababli ogohlantirish kuchaytirildi. Palermo va Kataniyadagi jazirama issiq tufayli so‘nggi kunlarda doimiy ravishda elektr va suv uzilishlari kuzatilmoqda.

Sitsiliyada o‘rmon ham yonib ketdi. Keng ko‘lamli yong‘in tufayli Palermo aeroporti sayyohlik mavsumining eng qizg‘in pallasida yopilishiga to‘g‘ri keldi.

Mahalliy hokimiyat sayyohlarga kunduzi ko‘chaga chiqmaslikni maslahat bermoqda, chunki orolda havo harorati 47,6°C gacha ko‘tarilgan.

Yana bir xabar. Noqulay ob-havo tufayli Olma otaning bir qator tumanlarida favqulodda elektr ta’minotida uzilishlar yuz berdi, deb yozadi zakonkz telegram kanali.

Kuchli shamol tufayli ayrim hududlarda daraxtlar qulab tushdi, buning natijasida 6-10-0,4 kV kuchlanishli taqsimlash tarmog‘ida to‘xtab qolish holatlari yuzaga keldi, natijada iste’molchilar elektr ta’minotidan uzildi.

Jamakayev, Shukshin, Gagarin, Jarokov, Auyezov, Jambil, Tole bi, Sholoxov, Seyfullin ko‘chalarida uzilishlar sodir bo‘ldi.

 «Olatau Jariq Kompaniyasi» AJ ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda avariya-tiklash ishlari olib borilmoqda...

Qirg‘izistonda elektr energiyasi bo‘yicha brifing o‘tkazildi, deb xabar beradi «24.kg» nashri. Ma’lumotlarga ko‘ra 2024 yilda Qirg‘iziston 3,2-3,5 milliard kilovatt-soat (kVt/soat) elektr energiyasini import qiladi.       

Energetika vaziri so‘zlariga ko‘ra, yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar allaqachon tuzilgan. «Bizda elektr quvvati taqchil. Shu bois Turkmaniston, Qozog‘iston, Rossiya energetika tizimlari bilan import shartnomalari tuzdik va O‘zbekiston energetika tizimi orqali tranzit o‘tkazdik. Biz barter shartnomasini tuzdik. Qishda elektr quvvati yetishmasa, Qozog‘iston va O‘zbekiston energetika tizimidan olamiz. Yozda suv kelib qolganda, biz bu elektr energiyasini birma-bir qaytaramiz», deya tushuntirish berdi energetika xoldingi rahbari.

O‘tgan yili avgustning oxirida Yevropada gazning birja narxi 1000 kub metr uchun 3200 dollardan oshgandi. Mutaxassislarning fikricha, g‘ayritabiiy issiqlik va qurg‘oqchilik muqobil manbalardan xomashyo qazib olishning kamayishiga olib keladi. Bundan tashqari, yuqori harorat fonida yevropaliklar konditsioner tizimlariga ko‘proq energiya sarflashga majbur bo‘lmoqda, bu esa energiya inqirozini yanada kuchaytirmoqda, deydi ekspertlar.

Kopernik Yerni kuzatish bo‘yicha tahliliy dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning iyul oyi Yevropadagi eng issiq oltitalikdan biri sifatida tan olingan. Shunday qilib, Ispaniya, Fransiya va Buyuk Britaniyada +40 ° C dan yuqori harorat kuzatildi. Shu bilan birga, mintaqada rekord darajada kam yog‘ingarchilik sodir bo‘ldi. Misol uchun, Fransiya Respublikasi uchun iyul 1959 yilda rekordlar boshlanganidan beri eng quruq oy bo‘ldi.

Ember tadqiqot markazi ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyida Yevropa mamlakatlarida gidroelektrostansiyalarni ishlab chiqarish yillik ko‘rsatkichlari 15 foizga kamayib, 57,8 TVt/soatni tashkil etdi. Shuningdek, atom elektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqarish qariyb 14 foizga qisqarib, 74,2 TVt/soatni tashkil etdi.

Yomg‘irning kuchli tanqisligi Yevropaning katta qismlarida daryolar oqimiga ta’sir qildi. Suv ta’minotining qisqarishi energetika sektoriga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi, bu ham gidroenergetika, hamda boshqa turdagi elektr stansiyalarining sovutish tizimlariga ta’sir qildi.

GESlarning bexato ishlashi bevosita stansiyaga yetarli miqdorda suv yetkazib berish bilan bog‘liq. Tahlilchilar fikricha suv sathining tushishi turbinalar aylana olmay qolishiga va oqibatda elektr energiyasi ishlab chiqarilishi kamayishiga olib keladi.

Bundan tashqari, g‘ayrioddiy issiq ob-havo konditsioner tizimlariga ko‘proq energiya sarflashga majbur qiladi, bu esa umumiy yoqilg‘i taqchilligini oshiradi.

Ko‘rinib turibdiki, chiroq, gaz va suv bilan bog‘liq muammolar faqatgina bizda emas ekan.  Ko‘pchilikni nima uchun avvalari bunday muammolar bo‘lmas edi degan savol qiziqtirishi tabiiy. Yildan-yilga ekologiya yomonlashayapti. Jazirama avj olishi natijasida qurg‘oqchilik kuchaymoqda, demak o‘z navbatida, suv pasaygan sari elektr energiyasi ishlab chiqarilishi muammoga aylanadi.

Bu muammolarning yechimi bormi? Bu boradagi eng oqilona yo‘l – suv, elektr enegriya va gazdan tejab-tergab foydalanish. Oilada farzandlarga o‘rgatish, ishxonada hamkasblarga o‘rnak bo‘lish, jamoat joylarida tejamkorlikni keng targ‘ib qilish shart.  

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring