Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga mulk huquqi berish shartlari e’lon qilindi

O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga mulk huquqi berish shartlari e’lon qilindi

Foto: «Huquqiy axborot» kanali

«Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Mazkur Farmon uy-joyga doir huquqlarning amalga oshirilishi va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, yer uchastkalaridan oqilona va samarali foydalanish, shuningdek, fuqarolarga tegishli bo‘lgan turar joylarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ko‘maklashish maqsadida qabul qilingan.

Farmon bilan fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joylariga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, 2019-yil 1-maygacha mazkur Farmon qabul qilingan vaqtga qadar qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joyga, ya’ni o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi ushbu ob’yektga o‘z shaxsiy mulki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilayotgan shaxsga quyidagi shartlar asosida:

  • ushbu yer uchastkasi (uchastkaning bir qismi) unga qonun hujjatlariga muvofiq turar joy qurish uchun ajratilishi mumkin bo‘lmagan yer maydonida joylashmagan bo‘lsa;
  • o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat shaharsozlik normalari va qoidalari talablarini buzmayotgan bo‘lsa, shuningdek, uning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasa yoxud fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmasa e’tirof etiladi.

Farmonda, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi e’tirof etilmaydigan aniq holatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi nazarda tutildi.

O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi:

  • O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan tashkil etiladigan Ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e’tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha komissiyaning taqdimnomasiga ko‘ra tuman (shahar) hokimining qarori bilan;
  • umumiy mulk huquqi haqidagi fuqarolik va oila to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining qoidalariga amal qilish sharti bilan;
  • eng kam ish haqining besh baravari miqdorida bir martalik yig‘im to‘langandan keyin amalga oshiriladi.

O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini e’tirof etishda mulkdorga u qurilgan yer uchastkasiga (uchastkaning bir qismiga) qonun hujjatlarida belgilangan normalar doirasida meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi berilib, ortiqcha qismi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 121-moddasida nazarda tutilgan jarima solinmasdan zaxira yerlariga olib qo‘yiladi.

Shuningdek, Farmonda bir martalik aksiyaning amal qilish muddati tugagunga qadar:

  • sudlarga o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzib tashlash bo‘yicha da’vo kiritishni to‘xtatib turilishini, qonun hujjatlariga asosan turar joy qurish uchun ajratilishi mumkin bo‘lmagan yer maydonida joylashgan yer uchastkasida (uchastkaning bir qismida) qurilgan ob’yektlar bundan mustasno;
  • sudlarning turar joy sifatida foydalanilayotgan o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzib tashlash to‘g‘risidagi ko‘rib chiqilayotgan da’volar hamda ijro qilinmagan qarorlari bo‘yicha belgilangan tartibda kelishuv bitimlari tuzilishini ta’minlash nazarda tutilgan.
    Hujjatning to‘liq matni matbuotda e’lon qilindi.

 

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring