Tergov davomida aniqlangan kripto-aktivlar olib qo‘yilishi mumkin
«Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirishda va jinoyatlarni tergov qilish davomida aniqlangan kripto-aktivlarni olib qo‘yish, xatlash, saqlash hamda topshirish tartibi to‘g‘risidagi» yo‘riqnoma Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (ro‘yxat raqami 3591, 25.12.2024 y.)
Unga ko‘ra, kripto-aktivlar tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirish va jinoyatlarni tergov qilish davomida xatlash, musodara qilish, yetkazilgan zararni qoplash uchun olib qo‘yilishi hamda dalil sifatida e’tirof etilishi mumkin.
Kripto-aktivlar bilan bog‘liq tergovga qadar tekshiruv va tergov harakatlarini o‘tkazish kripto-aktivlar bilan ishlash ko‘nikmalariga ega bo‘lgan mutaxassislar ishtirokida amalga oshirilishi shart.
Quyidagi ma’lumotlar kripto-aktivlar bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga oid axborot manbalari bo‘lishi mumkin, jumladan:
- shubhali operatsiyalar to‘g‘risidagi xabarlar;
- xizmatlar provayderlari va maynerlar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar;
- nazorat qiluvchi (litsenziyalovchi) organlarning ma’lumotlari;
- ochiq axborot manbalaridan olingan ma’lumotlar.
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirish va jinoyatlarni tergov qilish davomida kripto-aktivlar bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga oid ma’lumotlar va dalillar quyidagilarda aniqlanishi mumkin:
- axborot tashuvchi qurilmalar;
- kripto-hamyonlar;
- qog‘oz, bloknot yoki boshqa narsa va buyumlarda qayd etilgan qo‘lyozma va yozuvlar.
Olib qo‘yilgan, xatlangan va dalil sifatida e’tirof etilgan kripto-aktivlarning hisobi surishtiruv va dastlabki tergov organlari tomonidan yuritiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter