Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Niderlandiyalik Tramp» kurakda turmaydigan taklif bilan chiqdi

«Niderlandiyalik Tramp» kurakda turmaydigan taklif bilan chiqdi

G.Vilders Islomga qarshi nafratomuz bayonotlari sabab mahkamaga ham tortilgan.

Foto: EPA-EFE

Niderlandiyalik siyosatchi Gert Vildersning Falastin xalqi haq-huquqlarini poymol etuvchi bayonoti ortidan Iordaniya tashqi ishlar vazirligi mazkur mamlakat elchisiga norozilik notasi topshirdi.

Gap shundaki, populistligi va ziddiyatli chiqishlari sabab «niderlandiyalik Tramp» degan laqab orttirgan Gert Vilders yaqinda Isroil–Falastin muammosini falastinliklarni Iordaniyaga ko‘chirish orqali hal etish tashabbusini ilgari surdi. Na xalqaro huquqqa, na insoniylikka to‘g‘ri keladigan bu taklif Falastin xalqining mustaqil davlatchilik huquqining oshkora rad etilishidir.

«The Jordan Times» nashriga ko‘ra, Iordaniya TIV G.Vildersning iddaosini keskin qoralagan va Niderlandiya hukumatidan bu bayonotni rad etuvchi aniq pozitsiya namoyish etishni talab qilgan.

Avval xabar berganimizdek, Niderlandiyada 2023 yil 22 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari parlament saylovida o‘ta o‘ng siyosatchi Gert Vildersning «Ozodlik partiyasi» (PVV) eng ko‘p ovoz to‘pladi.

61 yoshli Vilders ashaddiy islomofob sifatida tanilgan. U Niderlandiyada masjidlar va Qur’oni karimni taqiqlash, davlat muassasalarida hijob o‘rashni man etish tarafdori. Vilders musulmonlarning muqaddas kitobi va payg‘ambari haqida tuhmat va haqorat mazmunida bayonotlar berib keladi.

Keyingi vaqtlarda Isroil hukumati vakillari ham falastinliklarni surgun qilish haqida ochiq-oshkora bayonotlar bermoqda. Xususan, 2024 yil boshida Falastinga nisbatan radikal qarashlari bilan tanilgan moliya vaziri Betsalel Smotrich va milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir G‘azo aholisini surgun qilib, hududni egallash haqida gapirdi.

Ushbu xatarli taklif Knessetning (Isroil parlamenti) milliy xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitasi raisi Svika Fogel tilida ham yangragan.

Avvalroq Buyuk Britaniyaning «The Guardian» gazetasida chop etilgan maqolada  Isroil hukumati 2023 yil 7 oktyabrdan buyon davom etayotgan urushdan foydalanib, G‘azoning 2,3 million aholisini majburiy ravishda Misrning Sinay yarim oroliga ko‘chirish va shu orqali hududni bosib olishni ko‘zlayotgani haqidagi taxmin ilgari surilgan edi. Falastinning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Javad Muhammad Avad ham ayni shu xavotirli reja haqida gapirgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring