Qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarmang!
Kecha ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biri «Sevimli» telekanalida namoyish qilingan behayo lavha bo‘ldi, desam noto‘g‘ri bo‘lmas.
Ochig‘i, kecha pult bilan telekanallarni almashtirayotib, bir necha daqiqa xuddi shu filmning ayrim lavhalarini tomosha qilgan, qahramonlarning beparda dialogidan biroz ensam qotib, boshqa kanalga o‘tkazgandim. Lekin «haligi» joyini ko‘rmagan ekanman. Ertalab bu hangomadan xabar topdim.
To‘g‘risi, bu holatni oqlamoqchi emasman. Yaxshi bo‘mapti. Buni telekanal jamoasi ham tushunib yetgan chog‘i, tomoshabinlardan uzr so‘radi. Menimcha, bu holatni to‘g‘ri tushunish lozim. Chunki, «Sevimli»da jahon kinosining ko‘plab bama’ni, yaxshi filmlari ham namoyish etiladi. Ayniqsa, sharq xalqlari hayoti aks etgan ko‘plab filmlar tomoshabinlar e’tiborini qozongan.
Biroq, bugungi kunda ijtimoiy tarmoq ahlining junbushga kelishi, bilgan ham, bilmagan ham telekanalga tosh otishi, turli messenjerlar orqali telekanalda ko‘rsatilgan filmning aynan «o‘sha» joyini foydalanuvchilar bir-biriga «ulashishi» mantiqan o‘ylab qaralsa, ushbu telekanal xatosini takrorlashdan boshqa narsa emas. Xo‘sh, o‘sha uyatsiz lavhani telekanaldagi bilibmi-bilmaymi ko‘rsatvoribdi, siz-chi? Siz ham hammaga tarqatib, hatto ko‘rmaganlarni ham qiziqtiryapsiz-ku?
Bu holat menga juda tanish. Uch to‘rt yil ilgari bir gruzin adibining hikoyasini o‘zbekchaga o‘girib, hali «randalanmagan» variantni bir hamkasbimga o‘qish uchun jo‘natgandim. Hamkasb do‘stimiz menga haddi siqqani uchunmi, o‘zimdan so‘ramay hikoyani gazetaga bosibdi. Oradan ko‘p o‘tmay, bir telekanalda xususiy nashrlar tanqidiga bag‘ishlangan ko‘rsatuv namoyish qilindi. Unda kaminaning tarjimasidagi o‘sha asar «milliy ma’naviyatimizga, axloqiy qadriyatlarimizga, o‘sib kelayotgan yosh avlodning tarbiyasiga mutlaqo zid hikoya» deya baholandi. Sababi... hikoyada qahramon qizning bir tana a’zosi olmadek bejirim va tarang ekani aytilgan. Baraka topkur ko‘rsatuv ijodkorlari o‘sha sahifani kattalashtirib, «behayo jumla»ning tagiga chizilib, buyam yetmagandek «bulbuligo‘yo» suxandon tomonidan burro-burro qilib o‘qib ham berilgan edi.
Qizig‘i shundaki, nari borsa ming-ikki ming nusxa chiqadigan gazetadagi o‘sha hikoyani ko‘pi bilan 2000 kishi o‘qisa, o‘qigandir. O‘qiganlar ham o‘sha «behayo» tashbihga e’tibor qilishganmi yo‘qmi, xudo biladi. Ammo, uch qayta namoyish qilingan bu tanqidiy ko‘rsatuvni ko‘rgan tomoshabinlar soni gazetani o‘qiganlarga nisbatan o‘nlab baravar ko‘proq bo‘lgani aniq.
Xo‘sh, endi mantiqan o‘ylab ko‘rilsa, bu yerda kim ko‘proq «uyatsiz»? Badiiy asardagi so‘zlar orasiga ko‘milib ketgan birgina jumlani kovlab topib, uni bo‘rttirib tomoshabinlarga ko‘z-ko‘z qilgan ko‘rsatuv ijodkorlari emasmi?
Qolaversa, jahon adabiyotini-ku, qo‘yavering, o‘zimizning mumtoz va zamonaviy adabiyotimizda «olmadek» mubolag‘alar istagancha topiladi-ku? Nima bo‘lganda ham, Krilov bobo «aybing shuki uchrab qolding qornim ochganda» deganlaridek, o‘sha paytda ko‘rsatuv ijodkorlari tanqid qilish uchun kichkina bo‘lsayam misol qidirishgan va o‘sha hikoya duch kelganiga shubha qilmayman.
Holbuki, mazkur hikoya behayolik emas, ezgulik, mehr-oqibat, olijanoblik kabi xislatlar targ‘ibotiga bag‘ishlangan edi. Men bu ko‘rsatuvni ko‘rib, «Kelinlar qo‘zg‘oloni» filmidagi Sottining harakatlarini eslagandim. Ovsinlarini Farmonbibiga sotmoqchi bo‘lgan «shpion» kelin bahonada o‘zi ham ulardan qolishmaydigan tarzda qilpillab raqs tushib ketgani yodingizdami?
Xullas, telekanal ijodkorlariga bundan buyog‘iga ehtiyotkor bo‘lishni tilab, qolganlardan ham behayolikni tanqid qilaman deb, uning targ‘ibotchisiga aylanib qolmasligini so‘rayman.
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter