Новости в нашем Телеграм канале Подписаться ×

Нурбек Алимов

Оз нарсани қурбон қилган одам, оз нарсага эришади. Кўп нарсани хоҳлаган одам эса кўпроқ нарсадан воз кечиши кераклигини билади.

Yoshlarning ovozini o‘chira olmaysiz!

Yoshlarning ovozini o‘chira olmaysiz!

Foto: Videolavhadan skrinshot

So‘ngi paytlarda Yoshlar ittifoqida bir qator ijobiy o‘zgarishlarni kuzatgan edim. Chunki bu tashkilotga «Freshblood» insonlar kirib keldi. Xususan, Alisher Sa’dullayev tashkilotga kelgach, dunyoga mashhur g‘oyalar va fikrlar tarqatish platformasi bo‘lmish TEDni tashkillashtirdi. Yaqin o‘tmishda katag‘onga uchragan jadidlarimiz xotirasiga ajoyib qisqa metrajli filmlar chiqarildi. Bular, albatta, yaxshi yutuqlar. Lekin tashkilotda eskicha fikrlovchi konservatorlar, zamon bilan hamnafas bo‘lishdan ko‘rquvchi insonlar bor ekan, u hech qachon ommaviy muhabbat qozona olmaydi. Masalan, inson Yevropada yo AQShda o‘qigan bo‘lsa ham, ongida konservativ qarashlar shakllangan va bu qarashlar butun umrga qotib qolgan bo‘lishi mumkin.

Kecha «Mahalla» telekanalida uzatilgan «Fikrlar chorrahasi» ko‘rsatuvi efir tugamasidan uzib qo‘yildi. Bu ko‘rsatuv — hozirgi paytning ilg‘or fikrlovchi yoshlari, davlat va jamiyatda yuz berayotgan muammo va o‘zgarishlarni, sohalardagi yutuq va kamchiliklarni tanqidiy tahlil qilishi, ularga alternativ yechimlar berishi bilan ajralib turar va ayniqsa, yoshlar orasida reytingi baland edi.

Ko‘rsatuvning ayni kecha uzib qo‘yilgan soni, Yoshlar ittifoqining o‘tgan ikki yil davomidagi faoliyatiga doir tanqidiy yondoshilgan qismi edi. Efirni esa o‘rtasidan uzib, qanaqadur spektakl ulab yuborishibdi. (Kulgili-a? Spektakl... Ramziy...) Ushbu ko‘rsatuvning tayyorlanishida bevosita ishtirok etuvchi insonning aytishicha, MTRKga «yuqori»dan, aynan Yoshlar Ittifoqining teparoq, sovuqroq cho‘qqilaridan qo‘ng‘iroq bo‘lgan ekan. O‘sha qo‘ng‘iroqdan keyin ko‘rsatuv efirdan uzilgan, hattoki ertasi kuni qayta berilishi kerak bo‘lgan efir setkasidan ham olib tashlangan deyilmoqda. Qiziq tomoni, ko‘rsatuv yozib olingan formatda ketgan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas edi. Demak, televideniya rahbariyatining kamida ko‘rsatuv mazmuni haqida xabari bo‘lgan. Ammo qandaydur «qudratli» odamning qo‘ng‘irog‘idan keyin uning umriga yakun yasalgan.

Mana shu yeriga kelganda o‘ylanib qolaman, Yoshlar Ittifoqida hozir asosan kimlar ishlayapti? Asosan o‘sha-o‘sha eski tarkib, yangiliklardan, o‘zgacha fikrlardan xuddi quyosh nuridan qochgan «vampir» kabi hurkuvchi, erkin tashabbusga ega bo‘lmagan insonlar. Yuraklari yumshab ketgan, olovsiz, faqat she’r va qo‘shiq aytib yuragini tutatib turishdan yoshlarga foyda bo‘ladi deb o‘ylaydigan, «yuksak ma’naviyat» yillarida, ura-ura ostida inson sifatida shakllangan aksar yo‘qotilgan avlod vakillari... Umrining eng shirin lahzalarini o‘tkazayotgan ikki yoshni, to‘yi kuni taksiga chiqarib yuborgan va buni «qahramonlik» deb hisoblagan boshliq...

Bilasizmi, bu voqeada eng achinarlisi nima? O‘sha kechagi ko‘rsatuvda qatnashib, fikr bildirayotgan insonlar ham — yoshlar edi... Ular ham o‘z dardlarini, o‘zlari va atrofdagi yoshlarni qiynayotgan real muammolarni gapirib chiqqan hozirgi kunning ilg‘or yigitlari edi. Yoshlar ittifoqi bu keng fikrli, ammo tashkilot siyosatidan norozi yoshlarni qiynayotgan masalalarni sabr bilan eshitishi, talab va takliflarini monitoring qilib, shunga qarab ishlarida o‘zgarishlar qilishlari kerakmasmidi?

Nima uchun bizda yoshlarni faqatgina bir qolipga solishga urinaverishadi? Umrida maqom yoki milliy estrada eshitmagan, og‘ir rok yoki rep qo‘shiqlar tinglab yursa va shunga mos kiyinsa-da, IQ darajasi juda yuqori bo‘lgan, dunyoni manaman degan universitetlarida ilmiy ishlar qilayotgan o‘zbek yoshlarini bilaman. Sizlar uchun esa ular shunchaki «Uyushmagan yoshlar» yoki «Ommaviy madaniyat qurbonlari» degan yorliqlarda namoyon bo‘lishadi. Nima uchun sizlar kabi fikrlamaydiganlarning qo‘lidan mikrofonni yulib oldingiz? Ovozini qo‘lingiz bilan bo‘g‘ib to‘sib qo‘ymoqchi bo‘lasiz? Bir narsani tushuning, g‘oyalar va fikrlar uchun ovoz, til shart emas. Bularni hammasi ongda va siz hech qachon, hech qanday texnika bilan uni to‘sa olmaysiz!

Tashkilotni tubdan isloh qilish davri allaqachon kelgan. Misol uchun, Alisher Sa’dullayev yosh bo‘lsa-da, Ta’lim vazirligida ham, Yoshlar ittifoqida ham o‘zini ko‘rsata oldi. Bir insonning tirishishlari bilan hech narsa global o‘zgarmasligini men o‘z tariximdan yaxshi bilaman. O‘ylaymanki, mana shu yigit tanqidni ham chin dilidan samimiy qabul qila oladigan, zamonaviy fikrlovchi inson sifatida rahbarlikka tayyor bo‘ldi. Uning imidji ham xalq oldida juda yaxshi. Bu tashkilotga asosiy negativni olib kelgan rahbarlar almashmas ekan, hech qachon xalq mehri qaytmaydi. Bo‘shating davrani yoshlarga! Ha, biz kamroq kuylak yirtganmiz, ha biz shoshqaloqmiz, lekin zamon ham shiddat bilan ketyapti. Zamon ilg‘or fikrli, yoshlarni ichidan bevosita tushunadigan va ular orasida yurgan yoshlarniki. Sizni esa biz faqat taksi voqeasi, jurnalist Aziz Qarshiyevga qarshi uyushtirilgin sun’iy internet bulling, shoira qizga soyabon ushlab turganingiz va bir qizga tovuq berganingiz bilangina taniymiz, boshqasini eslay olmadik, uzr... 

Комментарии 2

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети