Новости в нашем Телеграм канале Подписаться ×

Нурбек Алимов

Оз нарсани қурбон қилган одам, оз нарсага эришади. Кўп нарсани хоҳлаган одам эса кўпроқ нарсадан воз кечиши кераклигини билади.

Suriyalik bolani asrab olmoqchi bo‘ldim. Onasi esa...

Suriyalik bolani asrab olmoqchi bo‘ldim. Onasi esa...

Foto: t.me/nurbekalimov

Istanbul. Tun. Taqsim maydoni. Ushbu ne ne voqealarning guvohi bo‘lgan qadimiy ko‘chalar aro sayr qilar ekanman, juda ko‘p narsalar guvohi bo‘ldim. Bu yerda kontrast dunyo jamolini ko‘rishing mumkin, bir chekkada suriyalik qochqin ona qo‘lida bolasi bilan yig‘lab tilanchilik qilib o‘tirgan bo‘lsa, bir tomonda «oltin avlod yoshlari» pulni ko‘kka sovurib o‘yin kulgu qilishadi...

Boshqa bir tomonda esa yana bir ayol o‘zining 4 nafar farzandi bilan suv sotib o‘tiribdi. Borib, qiziqib gaplashib o‘tirdim. Ular ham Suriyadan kelgan qochqinlar ekan. Urush — noming o‘chsin... Insonlarni darbadar qilgan, vatangado qilgan urush — sening noming o‘chsin dunyodan...

Bolalarda mungli nigoh. Ha, ular arab bolasi, o‘zbek emas, ammo bolalarning ko‘zida millat aks etmaydi, ularda yo qayg‘u yoki xursandchilikni ko‘rish mumkin. Hattoki ularning ko‘zlaridagi qayg‘u ham sof, toza nigohlar ichra yaqqol aks etadi. Opa bilan gaplashdim, eri kasal ekan, bir qarashda tilanchilik qilib o‘tirganga o‘xshab ko‘rinsa-da, u tilanchilik qilmayotgan edi, yarim litrli bir blok suvni sotib o‘tirishibdi.

Yonlariga o‘tirdim. Bolalardan eng kichigi — Robiya kolyaskada shirin uxlayapti. O‘zimning qizim tengi 4 yoshli Muhammad ismli o‘g‘il bola bilan gaplashdim, uni bag‘rimga bosdim. Ruhlantiruvchi gaplar aytdim, ammo u meni tushundimi-yo‘qmi bilmayman. Shunda, umuman o‘ylamasdan, opadan farzandlaridan birini menga berishini so‘radim. O‘sha paytda men qanchalik pragmatik bo‘lishimga qaramay, oqibati, kelajagi, O‘zbekistonga olib ketish qiyinchiliklari, uyimda onam meni bu bola bilan qanday kutib olishi, xullas absolyut hech narsa haqida o‘ylamasdan, shu taklifni aytdim. Ona esa buyuk zot edi...

Shuncha sargardonlik, shuncha xorlik va ochlik ostida ham u bolasini derdi. «Ko‘zimni so‘ra, yulib beray, ammo bolamni bera olmayman» dedi... Ko‘zlarimda yosh edi, bolani bag‘rimdan qo‘yib yuborgim kelmasdi. Hatto, tinch va osoyishta vatanimda, bolasini sariq chaqa uchun sotib yuborayotgan, tiriklayin ariqqa oqizvorayotganlar ham odamlar ediku, deb o‘ylab qoldim...

Ularga ehsonimizni berib, uzoqlashar ekanman, yuragimning yarimi ular bilan qolib ketganini his qildim, bugun tushimga o‘sha bola kirdi... Hozir qayerdasan Muhammad... Qorning to‘qmi bolam...

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети