Новости в нашем Телеграм канале Подписаться ×

Siz qachon dars o‘tasiz, muallim?!

Siz qachon dars o‘tasiz, muallim?!

Foto: «Fotolia.com»

Kecha eshitgan bir xabarimdan keyin bizda ta’lim tizimi hali-beri o‘nglanmasligiga ishonch hosil qildim. Hozir ilmiy faoliyatimni chet elda amalga oshirayotgan bo‘lsam-da, o‘zim ishlagan universitetdagi hamkasblarim va talabalarim bilan doim xabarlashib turaman. Qadrdon universitetimga oid har bir xabar men uchun juda muhim.

Qachon universitetdagi hamkasblarim bilan gaplashsam yo majlisdan chiqishayotgani, yo majlisga ketishayotgani, yoxud tekshiruvchi borligini aytishadi. Birorta hamkasbim mana bu sohada izlanayapman, mana bu qismi borasida muammo yoki tushunmovchilik bo‘layapti, mana bu olim bilan muzokara olib borayapman yoki darsda mana bu mavzuni o‘tayapman deganini eslolmayman. Har doim gap bir xil: tekshiruvchi bor, tekshiruvchi bor, tekshiruvchi bor!

Menga vazirlik yoki shunga o‘xshash biror yuqori tashkilotning tekshiruvchilari dabdabayu-as’asa bilan kelib universitetni bir-ikki oy tekshiradi, bu orada birorta o‘qituvchi sidqidildan dars o‘tadi deyishsa umuman ishonmayman. Chunki hamma o‘qituvchi tekshiruvchiga hujjat tayyorlash, ma’naviyat papkalarini rasmlar bilan to‘ldirish, mahallalarga borib aholi orasida prezident farmonlari-yu hukumat qarorlarini targ‘ib etish bo‘yicha soxta yig‘ilish bayonlariga muhr bostirib kelish, talabalarning holidan xabar oldim degan qog‘ozlarni to‘ldirish, o‘zaro darslarga kirish blankalarini to‘ldirish, kafedralarda umuman o‘tkazilmagan turli xil tadbirlarga oid hujjatlarni rasmiylashtirish bilan band bo‘ladi.

Ushbu ishlar nega o‘z vaqtida qilinmagan degan savol tug‘iladi albatta. Bunga o‘sha o‘qituvchi aybdor desangiz, adashasiz! Chunki o‘qituvchi sentyabr, oktyabr, noyabr oylarida paxta terimiga jalb qilinadi! Bu yil paxtaga bormadik-ku degan gap bilan o‘zingizni o‘zingiz aldamang, nima bo‘lganini, talabalar paxtadan qaytarilgani bilan ko‘pchilik o‘qituvchilar kunlik paxtaga qatnaganini hammamiz juda yaxshi bilamiz.

Viloyatda respublika miqyosidagi biror tadbir bo‘ladigan yoki respublika darajasidagi rahbar keladigan bo‘lsa universitet yoki shunga o‘xshash ta’lim maskanlarining o‘qituvchi va talabalari birinchi galda «shaxsiy» tashabbus bilan chiqib ko‘chalarni tozalashadi, o‘tlarni yulishadi. Saylov bo‘lib qolsa bormi... Shunday «muhim» vazifalar bilan band bo‘lgach, kuniga 3-4 paradan dars o‘tadigan o‘qituvchining qog‘oz to‘ldirishga vaqti qoladimi?!

Xullas, vazirlik tekshiruvchilari o‘qituvchilarni bir oy mazza qilib tekshirishgach, o‘qituvchi endi bemalol dars o‘taman desa universitetning tekshiruvi boshlanadi. Yaqinda tekshiruvdan o‘tdik deb xomtama bo‘lmang, hammasi boshqatdan, ipidan ignasigacha tekshirib chiqiladi. Agar tekshiruvchilarning ilhomi kelsa, uch yillik hujjatlaringizni qayta tekshirib ko‘rishlari mumkin. Bu tekshiruv uzoq davom etadi, har bir fakultetni alohida-alohida tekshiradilar, shu bois har bir fakultet o‘zining navbati kelguncha hujjatlarini to‘g‘rilash bilan band bo‘ladi. Bu hujjatlarning namunalari va tartibi o‘zgarmasa ekan, bir tayyorlab qo‘yib qutulsang, ularning o‘zgarib turishidan qaysi bir hujjatni tayyorlashingni ham gohida bilmay qolasan. Tekshiriladigan hujjatlar orasida muhim hujjatlardan tortib o‘quv binosiga kirib-chiqayotganingizda imzo chekadigan daftargacha bor, mabodo biror kun ish bilan bo‘lib imzo chekish esingizdan chiqqan bo‘lsa, demak siz ishga kelmagan hisoblanasiz, o‘sha kuni rasmiy hujjatlarni to‘ldirganingiz hisobga o‘tmaydi.

Universitet tekshiruvidan qutulib, yengil nafas olishga ulgurmasdan fakultet tekshiruvi boshlanadi. Bunda har bir kafedrani har bir soha bo‘yicha alohida-alohida ko‘rib chiqishadi. «Biz sizlarni dars vaqtida bezovta qilmaymiz, darsdan keyin tekshiramiz» deb iltifot ham qilishadi. G‘amxo‘rlikni qarang, darsdan keyin uyga ketmasdan hujjat to‘g‘rilaysiz, keyin navbatingizni kutib tekshiruvchiga hujjatlaringizni ko‘rsatib chiqasiz. Tekshiruvlardan keyin endi bemalol dars o‘taman desangiz o‘quv yili ham yakunlanib qolgan bo‘ladi va yillik hisobotlar boshlanib ketadi. Birorta odam o‘qituvchining qanday dars o‘tayotgani bilan qiziqib ko‘rmaydi. Hamma tekshiruvchilarni qog‘ozlar, hisobotlar, bayonlar, daftarlar qiziqtiradi.

Shu bilan hammasi tugadi deb o‘ylamang, agar o‘sha o‘qituvchi biror guruhga rahbarlik qilsa, xudoning urgani mana shu bo‘ladi. Guruhingizdan qaysidir talaba darsga kelmasa, kech qolsa yoki o‘qish formasida bo‘lmasa o‘sha kuni sizni fakultet dekani albatta yo‘qlaydi. Talabaning aybi uchun siz ham tushuntirish xati yozib chiqishingizga to‘g‘ri keladi. O‘qish uchun kontrakt puli to‘lanadigan vaqtni o‘qituvchilar juda boshqacha «kutadi», chunki bu vaqtda siz darsdan keyin nechta talabangiz qancha pul to‘lagani haqida hisobot berish uchun majlisga qolasiz, har bir talabangiz yuzasidan so‘roqqa tutilasiz. Majlisdan chiqib talabaning ota-onasiga qo‘ng‘iroq qilib, «qachon kontrakt pulini to‘laysiz?» deb so‘rab chiqasiz. Mabodo ota-ona o‘z vaqtida to‘lamasa siz ularga to‘g‘ri tushuntirmagan, vaqtida eslatmaganingiz uchun ham tushuntirish xati yozasiz.

Bular hali holva, eng dahshati — har o‘quv yili universitet talabalarining ota-onalar yig‘ilishini o‘tkazasiz (kap-katta kishilar uchun ota-onalar yig‘ilishi o‘tkazish qanchalar g‘alati eshitilmasin, taomil shunday. Bular-ku bakalavr ekan, men o‘zim magistraturada o‘qiyotganimda ham ota-onalar yig‘ilishi o‘tkazilgan. Aksariyat kursdoshlarim allaqachon turmush qurgan, bir-ikkita bolali bo‘lishga ham ulgurishgan. Endi tasavvur qiling, mana shunday kishilar uyiga borib ota-onasiga «yig‘ilishga borar ekansiz» desa qanday bo‘ladi? Talabalarimizda mustaqil fikrlash, o‘z xatti-harakati uchun javobgarlik hissi kamligining katta bir sabablaridan biri shu emasmi?). Agar talabangiz boshqa viloyatdan kelib o‘qisa va shu bois uning ota-onasi yig‘ilishga kela olmasa, kamida bir hafta yaxshi gap eshitmasligingiz aniq.

Mana shu yerda bir haqli savol tug‘iladi, o‘qituvchi tekshiruvchilar talab qiladigan hujjatlarni o‘z vaqtida tayyorlab qo‘ysa bo‘lmaydimi? Bo‘lmaydi! Qila olmaydi! Chunki dars o‘taman degan o‘qituvchi bir kunda 6 soatlik, bir haftada 36 soatlik qonuniy ish vaqtida darsdan tashqari vaqtda hech kimga kerak bo‘lmaydigan ushbu qog‘ozlarni to‘ldirishga jismonan ulgura olmaydi. Har holda men taniydigan birorta o‘qituvchi bemalol ulgurganini eslay olmayman.

Qog‘ozbozlikni yo‘qotamiz degan sari butun boshli ta’lim tizimi qog‘ozbozlik domiga g‘arq bo‘lib bormoqda. Bunday holatda qanday qilib ta’lim tizimidan sifatli kadrlar yetishib chiqishini kutish mumkin? Haddan tashqari ortiqcha hujjatlarning yuritilishi, rejasiz tekshirishlar va yig‘ilishlarning uyushtirilishi, ortiqcha tashkiliy ishlarning mavjudligi o‘qituvchi xalqining o‘z vazifasi qolib boshqa ishlar bilan band bo‘lishiga olib keldi. Ularga qarata rahmingiz kelganidan «Siz qachon dars o‘tasiz, muallim?!» degingiz keladi.

Комментарии 1

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети