Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Скачать ×

Bilsam, tabibimning o‘zi bemor ekan...

Bilsam, tabibimning o‘zi bemor ekan...

Foto: TASS

Kecha Rossiyaning Moskva shahrida bo‘lib turgan bir vatandoshimiz bilan gaplashgan edim. Ahvoli og‘irligi haqida yozib, nima tavsiya qilishim mumkinligini so‘radi. Nima bo‘ldi deb so‘rasam: «O‘zimdan xavotirdaman, nafas olishim qiyinlashgan, ta’m va hid sezmayapman, holsizlik, bosh aylanishi, ko‘p terlash, tomoq qurishi, ko‘zlar qizarishi. Nima maslahat berasiz?» deb javob berdi.

Ushbu sanalgan belgilarning deyarli barchasi koronavirus yuqqanida ham yuz beradi. «Kvartirada 9 kishimiz, 6-7 kishida shunaqa holat bo‘lyapti» deydi. Vaqtni o‘tkazmay, ertaga tongdayoq shifoxonaga borib virusga test topshiring, bu holat hazil emas deb javob berdim.

Bugun yana bog‘lanib, hol-ahvol so‘radim. Nima bo‘ldi, deb testning natijasini so‘rasam, «Doktorga telefon qilsam, agar sizda tana harorati baland va tinimsiz yo‘tal bo‘lmasa, yuqori ehtimollik bilan grippsiz demoqda» deb javob berdi. Bu vatandoshimiz shu holat boshlanganidan beri 4-5 xil antibiotiklar, tana haroratini tushiruvchi dorilar ichgan. Ushbu dorilar tana haroratini tushirgan bo‘lishi mumkin, bundan tashqari tana harorati 86 foiz virus yuqtirganlardagina chiqqan, lekin 13-14 foiz odamga umuman chiqmagan. Bularda ham shunday bo‘lishi mumkin. Suhbat davomida ma’lum bo‘ldiki, juda ko‘plab migrantlar bilan xuddi shunga o‘xshash holat bo‘layotgan ekan. Tez yordamga telefon qilinganda, ularga ham shuday javob berishibdi.

Moskvadagi holat bo‘yicha o‘sha yerdagilarning fikr bildirishicha, shaharda koronavirusga chalinganlarni tekshirish uchun test bilan bog‘liq muammo mavjud, ta’minot yaxshi emas. Faqatgina eng og‘ir holatdagilarni qabul qilishmoqda. Bu nimani bildiradi, bu degani Rossiyaning o‘zida ham tibbiy personal va ta’minot bilan bog‘liq juda katta yetishmovchilik mavjud. Bu haqida pandemiya boshlangan vaqtda Xitoydagi rus guruhlarida ham gap bo‘lgan edi va ruslar bir-birini Rossiyaga qaytmaslikka chaqirganiga guvoh bo‘lgan edim. Masalan, Xitoyda tana haroratingiz 37,3 gradusdan oshsa yoki virusning biror alomati sezila boshlanishi bilan oyog‘ingizni yerga tekkizmay, atrofingizda bo‘lgan odamlarni ham qo‘shib olib ketishadi, Rossiyada esa bunaqa holat.

Rossiyaning o‘zi shu qadar becharahol ekan, o‘zidagi virusga shubhalanayotganlarni tekshirish imkoni yo‘q ekan, Markaziy Osiyo davlatlarining OAVlari nega «Rossiya bizga tekinga 10 mingta test yubordi» deb maqtanib yotibdi? Tabibimizning ahvoli o‘zi aftodahol ekanku, nega bizga «aka»lik qilishga urinmoqda?

Mana shunday holatda bo‘lgan vatandoshlarimizga Rossiyadagi O‘zbekiston elchixonasi va konsulligi qanday yordam bera oladi? O‘zbekistondan tashqarida bo‘lsa ham ular bizning fuqarolarimiz, ularning salomatligi biz uchun muhim bo‘lishi kerak! Men bilan bog‘langan migrantlarning moliyaviy yordamga ehtiyojlari yo‘q. Muammo ularni kasalxona qabul qilmayotganida, yordam bera olish imkoniyatini bilganlar bog‘lanishsa, ularning kontaktini berishim mumkin.

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети