Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Trampni tanqid qilgan elchi AQShdan haydaldi

Trampni tanqid qilgan elchi AQShdan haydaldi

JAR elchisi prezident Trampning etnik ozchiliklarga nisbatan siyosatini qoralagan edi.

AQSh davlat kotibi Marko Rubio Janubiy Afrika Respublikasining (JAR) Vashingtondagi elchisi Ibrohim Rasulni «persona non grata» (istalmagan shaxs) deb e’lon qildi.

«Janubiy Afrikaning AQShdagi elchisi bundan so‘ng buyuk mamlakatimizda faoliyat yuritishini istamaymiz. Ibrohim Rasul – Amerika va AQSh prezidentidan nafratlanadigan irqchi siyosatchi. U bilan muloqot qiladigan mavzuning o‘zi yo‘q, demak, u istalmagan shaxs deb e’lon qilinadi», – deb yozgan Marko Rubio ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasida. 

Elchi Ibrohim Rasul AQSh prezidenti Donald Trampning etnik ozchiliklarga nisbatan siyosatini tanqid qilgan. Jumladan, u Trampni butun dunyoda oqlarning ustunligi uchun kurashayotgan siyosatchi deb atagan. 

Ibrohim Rasul 2010-2015 yillarda JARning AQShdagi elchisi lavozimida faoliyat yuritgan. 2025 yilda u yana ushbu vazifaga tayinlangandi.

JARning Keyptaun shahrida o‘sib ulg‘aygan diplomat bolalik davrida irqchilik siyosati qurboni bo‘lgan. 9 yoshida uni va oilasini «faqat oqtanlilarga mo‘ljallangan» turarjoydan haydab chiqarishgan. JARda aparteid, ya’ni irqiy ayirmachilikka qarshi kurashda qatnashgan Ibrohim Rasul ushbu faoliyati uchun qamoq jazosini ham o‘tagan. Keyinroq mashhur davlat arbobi Nelson Mandelaning partiyasiga a’zo bo‘lib katta siyosatga kirib kelgan.

JAR prezidenti Siril Ramafosa o‘z elchisining Vashingtondan surgun qilinayotgani yuzasidan taassuf izhor qilgan va bu masalada diplomatik xulq-atvor qoidalariga rioya etish lozimligini eslatgan.

Tramp prezident sifatida faoliyatga kirishganidan keyin AQSh va JAR o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashib bormoqda.

Joriy yil 7-mart kuni Tramp JARga ko‘makni to‘xtatishga farmon berdi. Oq uy JAR rahbariyatini oqtanli fermerlarga nisbatan irqiy kamsitish siyosati yuritishda  ayblagan. JAR ma’muriyati bu ayblovni rad etgan.

Aslida, ikki davlat o‘rtasidagi taranglik avvalroq JAR G‘azo sektorida falastinliklarga nisbatan genotsid jinoyati sabab Isroilga qarshi da’vo qo‘zg‘atganidan keyin boshlangan.

Avval xabar berganimizdek, 2023-yil 29-dekabr kuni JAR Isroilni G‘azo sektorida falastinliklarga nisbatan genotsid jinoyatini sodir etishda ayblab xalqaro mahkamaga murojaat qilgan edi.

Yahudiy davlati harbiylari 1948-yilda qabul qilingan Genotsid to‘g‘risidagi konvensiyani buzgan holda, G‘azoda minglab tinch aholi vakillarini o‘ldirish, Falastin aholisining bir qismini qasddan qirishda ayblanmoqda.

JARning 50 ga yaqin huquqshunoslari xalqaro sudga AQSh va Buyuk Britaniya hukumatlari ustidan ham da’vo bilan murojaat qilgan. Ularga ko‘ra, Falastin hududlarida sodir etilgan harbiy jinoyatlarga Vashington va London ham sherikdir.

Tahlilchilarga ko‘ra, xorijiy davlat elchisining AQShdan haydab chiqarilishi kam uchraydigan hodisa sanaladi. Hatto sovuq urush davrida ham AQSh va Rossiya bir-biriga nisbatan ushbu diplomatik chorani qo‘llamagan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring