Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sakura – yovvoyi olcha guli nima uchun Yaponiyada alohida qadriyatga aylangan?

Sakura – yovvoyi olcha guli nima uchun Yaponiyada alohida qadriyatga aylangan?

Ko‘pgina mamlakatlarda turli xil daraxtlar va butalar milliy ramzdir: O‘zbekistonda chinor, Rossiyada qayin, Livanda sadr, Yaponiyada esa sakura. Sakura yovvoyi yapon gilos daraxtining guli. Yaponiya aholisi sakura gullarini turli tushunchalar va g‘oyalar bilan bog‘laydi. Bir qarashda o‘zimizning olcha va gilosdek gullaydigan sakura gullashini yaponlar nima uchun alohida tayyorgarlik bilan kutib olishadi?

Daraxt fevral – aprel oylarida gullaydi, bu bahorgi teng kunlik kunlariga to‘g‘ri keladi, turli diniy bayramlar mavsumi. Bu shuningdek, dehqonlar asosiy oziq-ovqat manbai bo‘lgan sholi ekish vaqtiga to‘g‘ri keladi. Shuni hisobga olsak, sakura omad, farovonlik va mo‘l hosil ramzidir.

1873-yilgacha Yaponiyada yangi yil boshlanishi bahorda, yapon gilosining gullash davrida nishonlangan. Xuddi Navro‘z bayramimizning nishonlanishi daraxtlarning kurtak chiqarishi, boychechak ochilishi bilan bog‘liq bo‘lganidek, yapon xalqining sakuraga bo‘lgan ishtiyoqi Xanami – Sakura tomoshasi bayramida o‘z ifodasini topgan.

Sakuraga hayratlanish marosimi nafaqat gullaydigan daraxtlar ostidagi «yig‘ilishlar», balki shahar ko‘chalari bo‘ylab sayr qilishni ham anglatadi. Eng mashhur Xanami 1598-yilda bo‘lib o‘tgan.

Yaponiyada 300 dan ortiq turdagi daraxtlar shahar va jamoat bog‘larida o‘sadi. Ulardan faqat 10 turdagisi tabiiy, qolganlari esa seleksionerlar tomonidan yetishtirilgan.

Xanami bayrami yapon madaniyatiga shu qadar chuqur kirib borganki, uning boshlanishi haqida televideniye, OAV orqali xabar qilinadi. Yaponiyaning har bir fuqarosi oq va pushti gullarga hayratlanishni o‘zining burchi deb biladi. Ular bayramga oldindan tayyorgarlik ko‘rishni boshlaydilar. Ba’zi yaponlar hatto o‘z ta’tillarini olcha gullash mavsumi atrofida rejalashtirishadi.  

Mamlakat janubdan shimolga qadar Yer meridiani bo‘ylab joylashgan bir nechta orollardan iborat bo‘lgani sababli, mamlakatning turli mintaqalarida iqlim biroz boshqacha. Shuning uchun daraxtlarning gullashi bir vaqtning o‘zida sodir bo‘lmaydi. Birinchi sakura gullari fevral oyining oxirida, Kyushu orolining janubida paydo bo‘ladi va faqat may oyining o‘rtalarida «gullash to‘lqini» Xokkaydoning shimoliy hududlarida joylashgan  bog‘larga yetib boradi.

Sakura tomoshasi bayrami bezaklari qorong‘uda o‘zgacha jozibaga ega bo‘ladi. Shahar ko‘chalarida neon yozuvlar va yorqin chiroqlar yonadi, bog‘ va istirohat bog‘larida qog‘oz chiroqlar osiladi, dekorativ yoritgichlar o‘rnatiladi. Ko‘pgina yaponlar qirg‘oqlari gulli daraxtlar va gulbarglar bilan o‘ralgan ko‘llar, daryolar bo‘ylab qayiqda sayohat qilishni afzal ko‘rishadi.

Eng gavjum maydonlar, ko‘chalarda tomoshalar, konsertlar uyushtiriladi, yarmarkalar o‘tkaziladi. Yovvoyi gilosning gullash davri ikki haftadan ortiq davom etmaydi. Aynan shu vaqtda sayyohlik mavsumi eng yuqori cho‘qqiga chiqadi. Butun dunyodan sayyohlar ushbu ajoyib an’anaga qo‘shilish va go‘zal tomoshadan hayratlanish uchun orollarga borishga harakat qilishadi. Xanami bayramiga kelgan sayyohlar oqimi yildan-yilga ortib bormoqda.

Gullar va dekorativ gilos shoxlari mashhur yapon rassomlarining ko‘plab rasmlarida asosiy «belgilar»dir. Ular haqida shoirlar kuylaydi, qo‘shiqlar yoziladi. Bugungi kunda, Xanami mavsumida do‘konlar juda qisqa umr ko‘radigan yangi gullar va sun’iy gullar bilan bezatilgan. Kafelarning peshtaxtalari va derazalarida faqat shu vaqtda tayyorlanishi mumkin bo‘lgan ichimliklar va idishlar paydo bo‘ladi: tuzlangan barglar qo‘shilgan «sakura choyi», tuzlangan sakura barglariga o‘ralgan «sakura pirogi». Quyosh chiqishi mamlakatidagi ushbu bayram nafaqat o‘zining tasavvur qilib bo‘lmaydigan va sehrli go‘zalligi, balki juda oddiy sabablarga ko‘ra ham seviladi. O‘sha kuni yaponlar mazali ovqatlarni tanovvul qilish va do‘stlar bilan suhbatlashish uchun shunchaki bahona izlayotganga o‘xshashadi. Ushbu bayram uchun maxsus taom yo‘q, lekin do‘konlar pul ishlash imkoniyatini qo‘ldan boy berishmaydi

Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida parklar va maydonlarda sakura bilan qoplangan butun xiyobonlarni topishingiz mumkin. Va Vashingtonda 1912-yildan boshlab, ular o‘zlarining «Xanami»ni – olcha gullari festivalini nishonlashadi.

Ammo sakuradan hayratlanish uchun Yaponiyaga borishingiz shart emas. Siz sakurani o‘zingizning bog‘ingizda yetishtirishingiz mumkin, chunki bu go‘zal daraxtning ba’zi turlari mamlakatimizda ham o‘sadi. Masalan bizda erta bahor gullaydigan olcha, gilos, o‘rik, bodom gullari sakuraning guliga juda o‘xshash. Demak bizning yurtimizda ham hademay o‘rik, olcha, gilos gullaydi va xuddi yaponlardek biz ham o‘z «sakura»larimizdan istaganimizcha zavq olishimiz mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring