«Rossiya avval harbiy, keyin iqtisodiy, keyin siyosiy tor-mor bo‘ladi» – iqtisodiy tahlilchi Shuhrat Rasul
24-fevral kuni Rossiya va Ukraina o‘rtasida boshlangan urushga bir yil to‘ladi. Davom etayotgan urush jahon iqtisodiyotiga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda? 2023-yilda tomonlar qanday harbiy harakatlarni amalga oshiradi? Xabar.uz shu mavzuda iqtisodiy tahlilchi Shuhrat Rasul bilan suhbatlashdi.
— Rossiya-Ukraina urushi bu qadar cho‘zilib ketishini kutganmidingiz?
— Avvalo, urushni boshlanish tarixini eslab olsak. Agar esingizda bo‘lsa, 2022-yil 22-fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin televideniyeda chiqish qilib, Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish uchun maxsus operatsiya boshlaganini aytgan edi. Denatsifikatsiya o‘zi nima degani? Bu ibora xalqaro terminologiyaga 1945-yilda kirib kelgan. Denatsifikatsiya — fashistik ruhni yo‘q qilish. Demilitarizatsiya — mamlakatning harbiy salohiyatini yo‘q qilish.
Bu yerda aytilmagan maqsadlar ham bor. Bular: hozirgi Ukraina prezidenti o‘rniga qo‘g‘irchoq Viktor Yanukovich hukumatini qo‘yish. Ukrainani Rossiya bosh bo‘lgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) a’zo qilish. Rossiya shu maqsadni amalga oshirib, maxsus operatsiyani yakunlamoqchi edi. Lekin maxsus operatsiyaning bu darajada cho‘zilib ketishi ularning yetti uxlab tushiga ham kirmagan. Rossiyaning rejasi bo‘yicha, urush 3-5 kun ichida tugashi kerak edi. O‘sha vaqtda rus matbuoti «Ukrainani 2-3 kunda olamiz», deb bong urdi. Hatto bunga G‘arb matbuoti va harbiy ekspertlar ham ishongandi. Lekin amalda bunday bo‘lmadi.
Oxirgi 11 oy davomida Ukraina hududining 60 foizini bosqinchilardan tozalab oldi. Rossiyaning 180 minglik armiyasi bir vaqtda Kiyev, Jitomir, Chernigov, Suma, Xarkov, Xerson va Zaporoje viloyatlariga bostirib kirgan edi. Bugungi kunda Kiyev, Suma va Xarkov viloyatlari to‘liq, Xerson va Zaporoje viloyatlaridan esa qisman rus qo‘shinlari quvib chiqildi, hozirda Rossiya qo‘l ostidagi bo‘lgan yerlar Ukraina hududining 20 foiziga to‘g‘ri keladi. Lekin shu 20 foizning 15 foizi 2014-yilda bosib olingan. Mana shu proporsiyalardan kelib chiqadigan bo‘lsak, Ukraina 60 foiz emas, 70 foiz hududini rus armiyasidan tozalab olgan bo‘ladi. Ukraina Zaporoje va Xerson viloyatidan ruslarni quvib chiqarsa, 2014 yildagi chegaralarga chiqadi.
— Urush bundan buyog‘iga qanday davom etishi mumkin?
— Ko‘plab G‘arb harbiy ekspertlarining fikriga ko‘ra, Rossiya 24 fevralgacha katta hujum uyushtirishni reja qilgan. Hozir shunga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Kecha Rossiyaning Ugledar shahriga qilgan hujumi muvaffaqiyatsiz tugadi. Bir kunda Rossiya 30 ta tankidan ajraldi.
24-fevraldan keyin ham Rossiya katta bir hujum qilishi mumkin. Rossiya talqiniga ko‘ra, yozga borib Ukraina bilan sulh muzokaralari boshlanadi. Mana shu sulh muzokaralarida ustunlikni qo‘lga kiritish uchun ko‘proq hududlarni bosib olmoqchi. Rossiya Volgabo‘yining chap tomonidagi yerlarni bosib ola olmasligiga ko‘zi yetgach, o‘z oldiga yangi maqsadlarni qo‘ydi. Endi Rossiyaning strategik maqsadi — Lugansk va Donetsk viloyatlarini to‘liq egallash hamda Zaporoje viloyati orqali Qrimga o‘tgan quruqlik yo‘lini saqlab qolish. Rossiya yozda bo‘ladigan sulh muzokaralar stoliga shu holatda o‘tirmoqchi.
Ukrainaning ham oldiga qo‘ygan maqsadlari bor. Hozir Ukraina G‘arbdan katta miqdorda harbiy yordam olmoqda. Ayniqsa, prezident Vladimir Zelenskiyning Buyuk Britaniya parlamentida so‘zlagan nutqi G‘arb olami uchun olamshumul voqea bo‘ldi. Zelenskiy o‘z nutqida «uchuvchilarimiz biz uchun qirol, siz qanday qirolingizni hurmat qilsangiz, biz ham o‘z uchuvchilarimizni shunday hurmat qilamiz. Ularga qanot bering», dedi. Menimcha, F-16 samolyotlari Ukrainaga beriladi. Hozir Ukraina G‘arbdan olayotgan harbiy yordam ko‘lami natijasida Rossiya armiyasidan bir kalla ustun. Rossiya asosan eski T-62 tanklari bilan hujumga o‘tmoqda. Ba’zi joylarda texnikasiz piyodalarning o‘zi hujum qilyapti.
Ukrainaning asosiy maqsadi — katta ehtimol bilan yozda bo‘ladigan sulh muzokaralarida ustunlikka erishish. Buni Ukraina yashirayotgani yo‘q. Masalan, Rossiya hujumga o‘tishi bilan Ukraina qarshi hujumga o‘tib, ko‘proq hududlarni ozod qilmoqda. Ukraina Donetsk va Qrim o‘rtasidagi quruqlik yo‘lini kesib qo‘yish va shu yo‘l bilan Qrimni to‘liq qamal qilmoqchi.
— Demak, yozgacha ikki tomon o‘rtasida katta to‘qnashuv bo‘ladi?
— Ha, birinchi Rossiya hujumga o‘tadi. Keyin Ukraina qarshi hujumga o‘tadi.
— Nega G‘arb sankwiyalariga qaramay Rossiya iqtisodi hali ham stabillikni saqlab turibdi? Iqtisodchi sifatida siz buni qanday baholaysiz?
– Savolingiz o‘rinli. Haqiqatan ham 2022 yilda Rossiya iqtisodi nisbatan stabil (barqaror) turdi. Buning asosiy sababi G‘arb e’lon qilgan 9 ta paket sanksiyalarning eng asosiylari 5-dekabr va 5-fevral kuni berilganida. Bu ikki sanksiya Rossiyaning nefti va neft mahsulotlariga joriy qilindi. 2022-yilda jahon bozorida neft narxi stabil baland bo‘ldi. Rossiya esa neft eksportidan o‘tgan yili 324 milliard dollar daromad oldi. Chunki Rossiya neft va neft mahsulotlariga sanksiyalar yil oxirida e’lon qilindi. Bundan tashqari, Rossiya markaziy bankining yig‘ib qo‘ygan zaxiralari bor. Bular: 125 milliard dollar miqdorida monetar oltin, 100 milliard dollar Xitoy yuaniga tikilgan rezervlar va staff fondi mavjud. Bularga neft savdosidan olingan 324 milliard dollar ham qo‘shilgan. Joriy yilning yanvar oyidan boshlab Rossiya Xitoy yuaniga tikilgan rezervlarni sota boshladi. Bu 2022-yilda neft va gaz sotishdan olgan 324 milliard dollarni sarflab bo‘lganidan dalolat. G‘arb iqtisodchilarning yozishicha, Rossiya zaxirasi 2024-yilning o‘rtalariga yetishi mumkin. Shunday keyin Rossiya iqtisodida inqiroz boshlanadi.
— Agar Rossiya va Ukraina sulhga kelishsa, G‘arb sanksiyalarni bekor qilishi mumkinmi?
— Sanksiyalar urush tugaganidan keyin ham yechilmaydi. Bu sanksiyalar uzoq muddatli. Ukrainaning talablari bor. Agar shu talablar sulh shartlariga kiritilmasa, Ukraina hech qanday sulhga rozi bo‘lmaydi. Bundan tashqari, G‘arb ham Ukrainaning talablarini qo‘llab-quvvatlamoqda. Bir hafta oldin Yevropa Ittifoqi urushni boshlaganlarni harbiy-siyosiy jinoyatchilar deb e’lon qildi va ularni jazoga tortmoqchi.
— G‘arb shu pozitsiyasida qat’iy turadimi? Chunki 2014-yilda G‘arb sanksiyalarni oxirgacha olib borolmagan edi.
— 2014-yilda G‘arb tomonidan Rossiya gaziga nisbatan sanksiya bo‘lmagan. Hozirgi sanksiyalar paketida ham gazga sanksiya yo‘q. Gazga sanksiyani Putinning o‘zi e’lon qildi. Bu bilan u Yevropani qishda sovuqda qoldirib, G‘arbning urushga ta’sirini kamaytirmoqchi edi. Hozir Yevropa mamlakatlari Rossiyani shartnoma shartlarini buzib, gaz bermay qo‘ygani uchun javobgarlikka tortmoqchi.
Yevropa gaz bozorini to‘liq Rossiyadan uzib, avtonomlashtirib oldi. Suyultirilgan gazlarni qabul qiladigan katta-katta terminallar qurdi. Endi Yevropa Rossiya gaziga muhtoj emas. Shunda kelib chiqsak, G‘arb qat’iy o‘z pozitsiyasida turadi. Bu esa sanksiyalar hali-beri yechilmasligini anglatadi. Menimcha, Rossiya avval harbiy, keyin iqtisodiy, keyin siyosiy tor-mor bo‘ladi. SSSR Afg‘onistondan chiqib ketganidan 3 yil o‘tib qulagan edi. Shu kartina takrorlanishi mumkin.
— Demak, iqtisodiy inqiroz bir kun Putin hokimiyatini yiqitadi.
— Bu birdaniga yuz bermaydi. Putin hokimiyatda bir-ikki yil o‘tirishi mumkin. Sanksiyalar oxir-oqibat siyosiy tor-morlikka olib keladi.
— Urushdan keyin global siyosatda nimalar o‘zgarishi mumkin? Dunyo tartiboti qanday bo‘ladi?
— Putin Rossiyasi revanshizm g‘oyalari bilan yashab kelayotgan edi. Putinning 20 yilda qilgan ishlari SSSR qayta tiklashga qaratilgandi. O‘tgan yili Indoneziyada G20 sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda AQSh prezidenti Jo Bayden va Xitoy rahbari Sin Szinpin o‘rtasida uchrashuv bo‘ldi. Bu ikki lider dunyoning kelajakdagi shakli haqida kelishib oldi. Uchrashuvda ochiqchasiga dunyo ikki qutbli, deb aytildi. Xitoy shu tezisga rozi bo‘ldi. Urush durang bilan tugagan taqdirida ham, Rossiya iqtisodi jar yoqasiga kelib qoladi. Urushdan keyin bipolyar munosabatlar shakllanadi. Bunda AQSh, Xitoy, Fransiya va Germaniya asosiy rol o‘ynaydi.
Sardor Ali suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter