Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Netanyahu o‘zini hibsga olish haqidagi qarorga munosabat bildirdi

Netanyahu o‘zini hibsga olish haqidagi qarorga munosabat bildirdi

20 may kuni Haagadagi Xalqaro jinoiy sud prokurori Karim Xon Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olish yuzasidan so‘rov bergan edi.

Hujjatda qayd etilishicha, har ikki shaxsni «Falastin hududida (G‘azo sektori) 2023 yil 8 oktyabrdan buyon sodir etilgan urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun javobgar» deb hisoblash uchun yetarli asoslar bor.

Karim Xon, shuningdek, HAMASning uch yetakchisini ham hibsga olish uchun order co‘ragan.

Ushbu hodisaga munosabat bildirgan Binyamin Netanyahu xalqaro mahkamani terrorizmni qo‘llab-quvvatlashda ayblagan. U, shuningdek, prokuror Karim Xonga tahdid qilgan.

«Men istagan davlatimga bemalol sayohat qila olaman. Ammo meni hibsga olishga order bergan prokuror Karim Xon ehtiyot bo‘lgani ma’qul, u hamma yerga ham sayohat qila olmaydi», – degan u.

Gap shundaki, xalqaro mahkamaning ushbu qaroriga Isroilning yaqin ittifoqchi AQSh qarshi chiqdi.

«Bu prokuror nimani nazarda tutganidan qat’i nazar, Isroil va HAMAS o‘rtasiga tenglik belgisini qo‘yish mumkin emasligini aytmoqchiman. Biz xavfsizlikka tahdid borasida hamisha Isroil tomonida bo‘lamiz», – degan AQSh prezidenti Jo Bayden.  

Oq uy rahbari xalqaro mahkama qarori yuridik hujjat ekani va uni siyosatdonlar tomonidan muhokama etish nomaqbul holat ekaniga e’tibor qaratmagan.

AQSh senati a’zosi Lindsi Grem esa Xalqaro jinoiy sud mansabdorlariga sanksiya kiritish bilan tahdid qilgan.  

Xalqaro mahkama prokurori Karim Xonga ko‘ra, Isroilning yuqori rutbali amaldorlariga nisbatan tergov olib borish payti unga po‘pisa va tahdidlar bo‘lgan, hatto amaldorlardan biri xalqaro mahkama G‘arb va uning ittifoqchilari uchun emas, balki «Afrika va Putin kabi kallakesarlar uchun tuzilgani»ni  uqtirgan.

G‘azoda  ko‘p sonli tinch aholi vakillari o‘limida ayblanayotgan Binyamin Netanyahu va Yoav Galantni hibsga olish haqida qarorni Fransiya, Irlandiya, Belgiya kabi davlatlar qo‘llab-quvvatlagan.

«Fransiya Xalqaro jinoiy sudning mustaqilligi va barcha holatlarda jazosizlikka qarshi kurashish tamoyilini qo‘llab-quvvatlaydi», – deyiladi rasmiy Parij bayonotida.

Yevropa Ittifoqi bosh diplomati Jozep Borrel ham YeIning Rim statutiga qo‘shilgan barcha davlatlari mahkama qarorini bajarishi kerakligini eslatgan.

Isroil armiyasi G‘azoga HAMAS harakati hujumiga javoban bostirib kirganidan buyon davom etayotgan urushda 35647 nafar falastinlik halok bo‘ldi, 79852 nafari jarohatlandi.

Avvalroq xalqaro advokatlar guruhi bosh vazir Binyamin Netanyahuni G‘azodagi genotsid jinoyati sabab hibsga olishga uringan edi.

Ma’lumot o‘rnida, Netanyahu o‘z mamlakatida ham korrupsiya bo‘yicha ayblovlar yuzasidan sudlanmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring