Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Falastin yerlarida mushtumzo‘rlik qilgan shaxslar jazolandi

Falastin yerlarida mushtumzo‘rlik qilgan shaxslar jazolandi

Foto: Getty Images

19 aprel kuni AQSh Isroil ishg‘oli ostidagi G‘arbiy sohilda sodir etilgan zo‘ravonliklarga aloqador tashkilot va shaxslarga qarshi sanksiya joriy qildi. Isroil hukumati G‘arbiy sohilda yashovchi falastinliklarga nisbatan zo‘ravonlik qilib kelayotgan yahudiylarga qarshi chora ko‘rmayotgani, bil’aks ularni dastaklayotgani tanqidlarga sabab bo‘lib kelayotgan edi.

Reuters agentligi xabariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar «qora ro‘yxat»ga kiritgan shaxslar orasida «Lehava» guruhining rahbari Bensi Gopshteyn ham bor. Falastinliklarga qarshi zo‘ravonlik harakatlarida qatnashib keladigan ushbu shaxs Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir bilan hammaslak ekani aytiladi.

Taqiq choralariga muvofiq, yahudiy ekstremistlariga AQSh viza bermaydi, ularning mablag‘lari muzlatiladi. Qo‘shma Shtatlar fuqarolariga «qora ro‘yxat»dagi shaxslar bilan tijoriy aloqalar olib borish man etiladi.

Politico nashrining yozishicha, AQSh bilan parallel ravishda Yevropa Ittifoqi ham G‘arbiy sohil hamda Sharqiy Quddusda inson huquqlari buzilishiga sababchi bo‘lgan ikki tashkilot, jumladan, «Lehava» guruhi hamda to‘rt nafar yahudiyga sanksiya joriy qildi.

Bu Bryusselning mushtumzo‘rlik qilib kelayotgan yahudiy kelgindilariga nisbatan ilk jazo chorasidir.

Joriy yil fevral oyida AQSh prezidenti Jo Bayden G‘arbiy sohilda falastinliklarga nisbatan zo‘ravonlik harakatlarini sodir etgan yahudiylarga nisbatan sanksiya joriy etgandi.

Isroil 1967 yilda bosib olingan Falastin hududlari – G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusda ko‘p yillardan buyon noqonuniy yahudiy uylarini qurib keladi.

Isroildagi Peace Now inson huquqlar tashkiloti Binyamin Netanyahu hukumatining noqonuniy turarjoylar qurish harakatini qoralar ekan, bu orqali G‘arbiy sohilni butunlay ishg‘ol etish ko‘zlanganidan ogohlantirgan.

BMT Xavfsizlik kengashining 2016 yil 23 dekabr kuni qabul qilingan rezolyusiyasida Isroildan ishg‘ol ostidagi Falastin yerlarida g‘ayriqonuniy turarjoylar qurishni butkul to‘xtatish talab qilingan.  

G‘azo sektorida qonli qirg‘in davom etayotgan bir paytda G‘arbiy sohilda ham falastinlik oilalarga nisbatan zulm va zo‘ravonlik kuchaygani kuzatilmoqda. Masalan, joriy yil mart oyida yuzlab yahudiy kelgindilari tomonidan Al-Mug‘ayir qishlog‘iga uyushtirilgan hujum oqibatida bir falastinlik halok bo‘ldi, yigirmadan ziyodi jarohatlandi. Ekstremistlar falastinliklarga tegishli uy va avtomobillarga ham o‘t qo‘ygan. 

2023 yil dekabr oyida Fransiya, Avstraliya, Belgiya, Kanada, Daniya, Finlyandiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Norvegiya, Ispaniya, Shvetsiya, Shveysariya, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi ham G‘arbiy sohilda ekstremistik kayfiyatdagi aholi tomonidan falastinliklarga hujumlar misli ko‘rilmagan darajada ko‘payganidan chuqur xavotir izhor etgan va Tel-Avivdan zo‘ravonliklarga chek  qo‘yishni talab qilgan edi.

Xalqaro hamjamiyat e’tirozlariga qaramay, Tel-Aviv ma’muriyati G‘arbiy sohilda yahudiy uylarini qurish va kelgindilarni ko‘chirish uchun tobora ko‘proq mablag‘ ajratmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring