Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eronda 17 yoshli yigit qatl etildi

Eronda 17 yoshli yigit qatl etildi

Eronda 17 yoshli Hamidrizo Ozariy va 22 yoshli Milad Zohrevand o‘limga hukm qilindi. Voyaga yetmagan Ozariy bolalarga zo‘ravonlik va qotillikda aybdor deb topilgan, Zohrevandning qatl etilishi esa 2022 yil sentyabrida mamlakatda bo‘lib o‘tgan ommaviy norozilik namoyishlari bilan bog‘liq. Bu haqda The Guardian nashri xabar bermoqda.

17 yoshli Ozariyga nisbatan hukm ijro etilgach, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Eron hukumatini zudlik bilan o‘lim jazosini qo‘llashni to‘xtatishga va mamlakatda o‘lim jazosiga moratoriy joriy etishga chaqirdi.

BMT Tehron xalqaro shartnomalarga muvofiq 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga nisbatan o‘lim jazosi tayinlanishi va ijro etilishini taqiqlashga majbur ekanini eslatdi. Shuningdek, 2022 yilda Erondagi ommaviy norozilik namoyishlaridan keyin o‘limga hukm qilingan sakkizinchi shaxs —Milad Zohrevandning qatl etilishini ham qoraladi. BMT tergov davomida Zohrevandaning qonuniy huquqlari ta’minlanmaganini, hukm ijro etilgandan so‘ng qatl etilgan shaxsning ota-onasi hibsga olinganini ta’kidladi.

«Biz Eron hukumatini siyosiy faollar va so‘z erkinligi bo‘yicha qonuniy huquqlaridan foydalanadigan boshqa fuqarolarni jazolash uchun o‘lim jazosidan foydalanishni to‘xtatishga chaqiramiz», dedi BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari rasmiy vakili Elizabet Trossell.

Inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, o‘tgan yili Eronda 582 mahkum qatl etilgan. Mamlakatda qatl etilganlar soni 2015 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring