Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiyalik amaldorlar messenjerlar orqali qo‘ng‘iroqlarni taqiqlashni muhokama qila boshlashdi

Rossiyalik amaldorlar messenjerlar orqali qo‘ng‘iroqlarni taqiqlashni muhokama qila boshlashdi

Maksut Shadayev.

Rossiya Raqamli rivojlanish, aloqa va telekommunikatsiyalar vazirligi aloqa operatorlarining messenjerlardagi ovozli trafikni cheklash tashabbusini ko‘rib chiqmoqda. Bu telefon firibgarlarining qo‘ng‘iroqlariga qarshi kurashish maqsadida amalga oshirilmoqda, deya xabar berdi Reuters agentligi vazir Maksut Shadayevning bayonotiga tayanib.

«Bir yil yoki bir yarim yil avval operatorlarning messenjerlardagi ovozli trafikni cheklash tashabbusini jiddiy muhokama qilamiz, deb o‘ylamagandik. Chunki biz doimo foydalanuvchilarga qulaylik va raqobat tarafdorimiz», — dedi u Yekaterinburgdagi kiberxavfsizlik forumida.

Rossiya IIV ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda rossiyaliklarning kiberhujumlar va telefon firibgarliklaridan ko‘rgan zarari 40 foizga o‘sib, 200 milliard rublga yetgan. Rossiya Markaziy bankining xabar berishicha, firibgarlar an’anaviy telefon qo‘ng‘iroqlaridan messenjer qo‘ng‘iroqlariga o‘tishni boshlagan.

«Hozir jinoyatchilik shunday tez sur’atlarda o‘smoqdaki, operatorlar o‘zlari tashabbus bildiryapti. Biz bu tashabbusni jiddiy ko‘rib chiqmoqdamiz, garchi u ma’lum noqulayliklarga olib kelishi mumkinligini tushunsak ham», — dedi Shadayev.

Xorijiy messenjerlar orqali qo‘ng‘iroqlarni bloklash

«Roskomnazorat» tashkiloti firibgarlikka qarshi kurashish maqsadida xorijiy messenjerlar orqali qo‘ng‘iroqlarni bloklashni rejalashtirmoqda.

«Foydalanuvchi faqatgina kontaktlar ro‘yxatiga qo‘shilgan odamlardan kelgan qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish tartibini tanlashi mumkin. Bu Telegram’da bor, WhatsApp’da esa bunday imkoniyat yo‘q», — dedi Shadayev.

Bundan tashqari, hukumat davlat organlari, aloqa operatorlari, banklar va raqamli platformalar xodimlarining jismoniy shaxslar bilan messenjer orqali muloqot qilishiga qonunchilik yo‘li bilan taqiq qo‘yishni rejalashtirmoqda.

«Shunday qilib, hech kim Surishtiruv qo‘mitasi, prokuratura, IIV, Raqamli rivojlanish vazirligi yoki bank nomidan messenjer orqali sizga qo‘ng‘iroq qila olmaydi. Bu deklarativ taqiqdek ko‘rinsa-da, harqalay odamlar bu haqda xabardor bo‘ladi», — dedi vazir.

Reklama qo‘ng‘iroqlarini taqiqlash

Raqamli rivojlanish vazirligi 2025 yil yozida reklama spam-qo‘ng‘iroqlarini taqiqlashni rejalashtirmoqda.

«Barcha tashkilotlardan chiquvchi va abonentlar uchun kiruvchi qo‘ng‘iroqlar identifikatsiya qilinadi», — dedi soha rahbari.

Bu choralar hukumat tomonidan ishlab chiqilgan va Davlat Dumasiga taqdim etilgan firibgarlikka qarshi kurash bo‘yicha qonun loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

«Davlat xizmatlari» himoyasini kuchaytirish

Amaldorlar «Davlat xizmatlari» servisining himoyasini kuchaytirishni ham rejalashtirmoqda.

«Ko‘pgina firibgarliklar davlat xizmatlaridagi akkauntni buzib kirishdan boshlanadi. Bu yerda foydalanuvchining barcha moliyaviy ma’lumotlari bor: hisobvoraqlar, davlat ma’lumotlari va boshqalar. Jinoyatchilar fuqaroning to‘lov qobiliyatini, kredit qobiliyatini bilib olib, bu ma’lumotlardan jinoiy maqsadlarda foydalanishadi», — dedi Shadayev.

Kiberjinoyatlarning fosh etilish darajasi past

Rossiya Bosh prokuraturasi mamlakatdagi kiberjinoyatlarning fosh etilish darajasini oshirish zarurligini ta’kidladi.

«Huquqni muhofaza qiluvchi organlarda kiberjinoyatlarga qarshi kurash bo‘yicha maxsus bo‘limlar mavjud bo‘lishiga qaramay, bu yo‘nalishdagi ishlar hali ham samarali, deb bo‘lmaydi», — dedi Rossiya Bosh prokurori o‘rinbosari Sergey Zaysev.

«Buni ko‘rsatkichlar ham tasdiqlaydi. Hozircha atigi 23 foiz jinoyat fosh etilmoqda», — deya qo‘shimcha qildi u.

Bosh prokuratura muammoni hal qilish uchun quyidagi choralarni taklif qildi:

  • Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning operativ pozitsiyalarini kuchaytirish;
  • Idoralararo hamkorlikni faollashtirish;
  • Kiberxavfsizlik bo‘yicha malakali mutaxassislar sonini oshirish;
  • Fuqarolarning kiber tahdidlar haqida xabardorligini oshirish;
  • Banklar va «Rosfinmonitoring» tomonidan moliyaviy operatsiyalar ustidan nazoratni kuchaytirish.

Bank operatsiyalarini bloklash

Rossiya IIV tergovchilar va surishtiruvchilarga sud qarorisiz har qanday moliyaviy operatsiyani 10 kungacha bloklash vakolatini berishni istamoqda.

Rossiya Markaziy banki rahbari Elvira Nabiullina firibgarlarning kredit mablag‘larini o‘g‘irlashiga qarshi qat’iy kurashishni va’da qildi.

2024 yildagi moliyaviy firibgarliklar statistikasiga ko‘ra, o‘g‘irlangan kredit mablag‘lari avvalgi 25 foiz o‘rniga endilikda 40 foizni tashkil qilmoqda.

«Biz bu tendensiyani o‘zgartirishimiz kerak. Qonun bosqichma-bosqich kuchga kiradi. Biz banklar va mikromoliya tashkilotlariga bu jarayonga sifatli tayyorgarlik ko‘rishida yordam beramiz. Eng muhimi, kredit firibgarligining o‘sishini to‘xtatish», — dedi Nabiullina.

Firibgarlik haqida tezkor xabar berish

Markaziy bank 2025 yil oktyabridan bank mijozlari uchun maxsus tugma joriy etishni rejalashtirmoqda.

«Biz banklarni o‘z ilovalarida maxsus tugma joriy etishini talab qilamiz. Shuningdek, jabrlanuvchilar bankka borib o‘tirmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ilova orqali firibgarlik haqida ariza topshirib, politsiyaga murojaat qilishi uchun imkon yaratiladi», — dedi Markaziy bank rahbari.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring