Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Renessans TV» telekanali taqdimoti o‘tkazildi

«Renessans TV» telekanali taqdimoti o‘tkazildi

Mamlakatimiz tarixidagi muhim siyosiy voqea – 2021 yil 24 oktyabrda o‘tkaziladigan O‘zbekiston Prezidenti saylovini keng yoritishga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (O‘zEOAVMA) tashabbusi bilan tashkil qilingan “Xalqaro media-xoll”da “Renessans TV” telekanali ijodiy-tashkiliy yo‘nalishlarining jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, O‘zEOAVMA ellikka yaqin nodavlat markaziy va hududiy teleradiokanallarni o‘zi ichiga oladi. “Renessans TV” teletarmog‘i mamlakatimizning turli hududlarida faoliyat ko‘rsatayotgan 14 ta nodavlat telekanalni o‘zida birlashtiradi. “Renessans TV” orqali ushbu telekanallar tomonidan uzatilgan, hududlarda yuz berayotgan voqea-hodisalar haqidagi xabar va yangiliklar, tahliliy materiallar respublika bo‘ylab tarqatiladi. Shuningdek, “Renessans TV”ning markaziy tahririyati suratga olgan media-mahsulotlar, siyosiy-ijtimoiy dasturlar, film va ko‘rsatuvlar hududiy telekanallar efiri orqali ham tarqatilishi mumkin.

Telekanal ijodiy jamoasi taqdim etayotgan dasturlar “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi markazi”, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va boshqa bir qator nodavlat tashkilotlar rahbarlari va vakillari, shuningdek, taniqli jurnalistlar, yozuvchilar, olimlar, soha ekspertlari ishtirokida muhokama qilindi. Muhokamalar jarayonida yangi telekanalni jamoatchilik minbariga aylantirish taklifi ilgari surildi.

“Xalqaro media-xoll”da o‘tkazilgan taqdimot marosimida O‘zEOAVMA boshqaruvi a’zolari, mutasaddi idoralar vakillari, taniqli madaniyat va san’at arboblari, mahalliy va xorijiy jurnalistlar, ijodkor yoshlar ishtirok etdi. Telekanal xodimlari “Renessans TV”ning ijodiy va texnik imkoniyatlari xususida atroflicha ma’lumot berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring