Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sardor Ali

Shaxsiyatparastlik — oshkora ojizlikdir.

Xitoyning nazari Markaziy Osiyoga tushdi (video)

Joriy yilning 18-19-may kunlari Xitoyning Sian shahrida «Markaziy Osiyo – Xitoy» birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda turli sohalarga oid shartnomalar imzolandi. Xususan, Xitoy Markaziy Osiyoga 3,7 milliard dollar miqdorida yordam berishi aytildi.

Xo‘sh, nega Xitoy Markaziy Osiyo davlatlariga yaqin kelmoqda? Buning ortida qanday manfaatlar yotibdi? Iqtisodiy tahlilchi Shuhrat Rasul bilan Markaziy Osiyoga e’tibor qaratayotgan Xitoy haqida suhbatlashdik.

– Xitoyda bo‘lib o‘tgan sammit Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o‘rtasida yangi davr boshlanganidan darak beradimi?

– Albatta, buni yangi bir davr desak ham bo‘ladi! Chunki, Markaziy Osiyo davlatlari Xitoy bilan birgalikda boshqa bir iqtisodiy tashkilot – Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT)ga a’zo bo‘lib kirgan. ShHTning asosiy maqsadi ham iqtisodiy hamkorlikka qaratilgan edi. Lekin Xitoyning tashabbusi bilan boshqa bir, yangi ko‘rinishdagi «Markaziy Osiyo – Xitoy» uchrashuv formati yaratildi. Ushbu uchrashuv har 2 yilda bo‘lib o‘tadi. «Markaziy Osiyo – Xitoy» sammiti imzolangan bitim va shartnomalar ko‘lami bo‘yicha ShHT tashkilotidan o‘tib ketdi.

Xitoy har bir Markaziy Osiyo davlatlariga iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha maxsus dasturlar berdi. Umuman, Markaziy Osiyoga Xitoy jami 3,7 milliard dollar miqdorida grant yordami beradigan bo‘ldi. Grant yordami bu – qaytarilmaydigan mablag‘lar hisoblanadi. Bu darajadagi katta grantlar hammaga ham berilavermaydi!

Bundan tashqari, O‘zbekistonning o‘zi Xitoy bilan hamkorlik doirasida 25 milliard dollarlik loyihalarga imzo chekdi. O‘zbekiston-Xitoy o‘rtasida ham iqtisodiy, ham gumanitar sohada jami 41 ta hujjat imzolangan. Bu «Markaziy Osiyo – Xitoy» formati ancha istiqbolli loyiha ekanligi anglatadi.

– Nega ShHT formatidan chetga chiqqan holda boshqa yangi uchrashuvlar formatiga o‘tildi?

– Men o‘z taxminimni aytishim mumkin. Xitoy Markaziy Osiyo davlatlarini o‘zi bilan hamkor davlatlar o‘rtasida bog‘lovchi eng asosiy hudud deb hisoblamoqda. Ya’ni, Xitoy Markaziy Osiyoni Yevropaga olib chiquvchi eshik sifatida ko‘rdi va mablag‘larini kiritishni boshladi.

– Bu Xitoy Markaziy Osiyo davlatlarini sekin-asta o‘z orbitasiga tortayotganini anglatmaydimi?

– Bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarni G‘arb, o‘zbek, qozoq va rus matbuoti turlicha talqin qilmoqda. Bundan tashqari, turli siyosatshunoslar, iqtisodchilar o‘z fikrlarini bildirishmoqda. O‘zbek internet segmentida «Xitoy endi bizni qarz botqog‘iga botirib qo‘yadi», «endi biz Xitoyga iqtisodiy qaram bo‘lib qolamiz», degan gaplar yuribdi.

 – Bu gaplar qanchalik asosli deb o‘ylaysiz?

– Xitoyning bosh maqsadi – Yevropaga arzon yo‘l ochish! Xitoyga urush kerak emas, Xitoyga tinchlik kerak. Buni siz bilan bo‘lgan oldingi suhbatimizda ham aytgan edim. Agar Xitoyning yillik yalpi ichki mahsulot (YaIM)  ishlab chiqarish hajmi 7 foizdan past o‘sadigan bo‘lsa, u 2035 yilgacha iqtisodiy jihatdan AQShni quvib yeta olmaydi. Xitoyning o‘z orzu va maqsadlari bor. Misol uchun, u dunyoda iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha birinchi o‘ringa chiqishni maqsad qilgan. Buni amalga oshirish uchun Xitoy faqat va faqat iqtisodiy hamkorlik, bozorlarga mahsulot yetkazib berishni o‘ylashi kerak.

Pandemiya davridan boshlab, Yevropa bozori o‘zining iste’mol hajmi bo‘yicha AQSh bozorini ortda qoldirmoqda. Yevropa bozoriga chiqish Xitoy uchun bosh maqsad. Ukraina va Rossiya urushi Xitoyga katta zarar keltirmoqda. Hozir Xitoy o‘z mahsulotlarini Hind okeani va Suvaysh kanali orqali Yevropaga yetkazmoqda. Bu logistik yo‘l Xitoy mahsulotlari narxining oshishiga sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun ham Xitoy Markaziy Osiyo davlatlari orqali Yevropaga yo‘l ochmoqchi. Barcha strategik maqsad shunga yo‘naltirilmoqda.

Xitoy «Bir kamar va yo‘l» loyihasi

Menimcha, ShHT Xitoyning oldiga qo‘ygan maqsadlarini bajara olmadi. Albatta, ShHT yo‘qolib ketmaydi. ShHTdan ko‘ra, «Markaziy Osiyo – Xitoy» formati Xitoyga ma’qulroq keldi. Markaziy Osiyo davlatlarining ham o‘z intilishlari bor. Chunki gap bu davlatlarni iqtisodiy o‘stirish haqida ketmoqda.

G‘arb matbuoti Xitoyning bu harakatlarini «Xitoy Markaziy Osiyoga Marshal rejasini berdi», deya talqin qildi. «Marshal rejasi» bu – AQShning G‘arbiy Yevropa davlatlariga Ikkinchi jahon urushidan keyin bergan iqtisodiy yordami hisoblanadi. Xitoy bizga mana shunday «Marshal rejasi»ni berayotganda, nega biz buni rad etishimiz kerak? Nega bundan Markaziy Osiyo davlatlari foydalanishi kerak emas?

– Birmuncha vaqt o‘tib, Xitoy shu yordami ortidan o‘zining geosiyosiy manfaatlari yo‘lida foydalanishi mumkinmi?

– Zamonaviy dunyoda siyosiy maqsadlar iqtisodiy manfaatlarga bo‘ysunadi. Xitoy Markaziy Osiyoni Yevropaga olib kiruvchi bir eshik sifatida ko‘rmoqda. Biz agar eshikning egasi bo‘ladigan bo‘lsak, qanday qaramlik haqida gapirish mumkin? Biz qanchalik Xitoyga bog‘lansak, Xitoy ham bizga shunchalik bog‘lanib qoladi. Markaziy Osiyo chorrahaga aylansa yoki ba’zi bir mahsulotlarni shu yerni o‘zida ishlab chiqarib, Yevropaga olib boradigan bo‘lsa, bu manfaatli hamkorlik bo‘ladi. Masalan, Xitoyning eng katta fabrikasi Shanxay shahrida joylashgan. Shanxay shahridan O‘zbekistongacha 4 ming kilometr. Agar Xitoy Shanxaydagi korxonalarini O‘zbekistonga olib kelib qursa va shu yerdan mahsulotlarini Yevropaga sotsa, yo‘lning 50 foizini bosib o‘tgan bo‘ladi. Bu har ikki tomon uchun foyda keltiradi.

 – Xitoy Markaziy Osiyo davlatlarining rivojlanish tarafdori, shundaymi?

– Albatta, bu haqda Xitoy raisi Si Szinpin «Markaziy Osiyoga tinchlik va doimiy rivojlanish kerak, biz Markaziy Osiyoga strategik do‘stlikni taklif qilamiz», dedi.

– Demak, Xitoy Markaziy Osiyo davlatlarining integratsiyadan manfaatdor?

– Xuddi shunday. Xitoyning o‘zi bu yerda bosh integrator bo‘lmoqchi. Chunki Yevropaga chiqish uchun Xitoyga yaxlit eshik kerak. Agar Xitoy Markaziy Osiyo orqali Yevropaga mahsulotlarini tashishni boshlasa, bu yo‘l 3 barobar arzonga tushadi. Iqtisodiy foyda har bir Markaziy Osiyo davlatlarini va Xitoyni bir tomonga qarab suzishga majbur qiladi. Xitoy Markaziy Osiyoga bosim yoki tajovuz qiladigan bo‘lsa, o‘zi uchun kelayotgan foyda eshigini yopib qo‘yadi.

– O‘zbekiston kambag‘allikini qisqartirish uchun Xitoy tajribasidan foydalanmoqchi. Xitoy tajribasi boshqa tajribalardan nimasi bilan farq qiladi?

– Birlashgan Millatlar Tashkilotining kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha maxsus komissiyasi bor. BMTning kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha dasturlari Xitoyning dasturlaridan ancha oldinroq e’lon qilingan. Xitoy o‘zining kambag‘allikka qarshi kurash dasturini 2014 yilning boshida e’lon qilgan. Bu ikki dastur o‘rtasida prinsipial farq yo‘q.

Har bir davlatda kambag‘allikni darajasini aniqlovchi mezonlar bor. Masalan, Qozog‘istonda oyiga 100 dollar daromad topadigan inson kambag‘al hisoblanadi. Aslida, O‘zbekiston birinchi navbatda kambag‘allikning aniq chegaralarini aniqlab olishi kerak.

Butun dunyoda kambag‘allar asosan qishloqlarda istiqomat qiladi. Xitoyning okean bo‘yida joylashgan shaharlari ancha rivojlangan hisoblanadi. Xitoy hukumati shu boy shaharlardan tranzaksiya soliqlarini yig‘ib, bu pullarni qoloq hududlarga bo‘lib berdi. Bundan tashqari, qishloqlarda turizmini joriy qilib, soliq siyosatida yengilliklar yaratdi. Xitoy o‘zining kambag‘allikka qarshi kurash dasturini e’lon qilishdan oldin, Xitoyda 90 million aholi kambag‘allikda edi. 2023 yilning boshiga kelib, Xitoydagi bu kambag‘al aholining daromadi 3-4 barobarga oshgan. Bu juda yaxshi ko‘rsatkich.

YaIM o‘sishining hisobiga Xitoyda oxirgi 30 yil ichida 800 million odam kambag‘allikdan qutildi. Albatta, bu tez suratlarda shiddat bilan rivojlangan Xitoy iqtisodiyoti bilan bog‘liq.

– Xitoy tajribasi bizda qanchalik samara beradi?

– Biz katta shaharlarni barpo qilishimiz kerak. Qozog‘iston aholisi bizdan 2 barobar kam bo‘lsa ham 3 ta million kishini sig‘dira oladigan  shaharlari bor. Bizda esa Toshkentdan boshqa million kishini sig‘dira oladigan shahar yo‘q. O‘zbekiston uchun kamida 7-8 ta katta-katta shaharlar kerak. Keyin qishloq hududlarida istiqomat qiladigan aholining 50 foizini shaharlarga ko‘chib o‘tishini ta’minlashimiz zarur. Shaharda bo‘sh ish o‘rinlarning borligi xalqni o‘zini-o‘zi qashshoqlikdan chiqishiga yordam beradi.

Sardor Ali Nurmatov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring