Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Televizorda «go‘zal hayot» deb, unvon olgan shoir she’r o‘qir... yoxud bir she’r tahlili

Televizorda «go‘zal hayot» deb, unvon olgan shoir she’r o‘qir... yoxud bir she’r tahlili

Surat sun’iy aql tomonidan yaratildi

Ma’lumki, Istiqlol davri o‘ziga xos migratsiya davri ham bo‘ldi – o‘zbek vatandoshlarimiz dunyoga chiqdi. Kim ishlagani, kim kezgani, kim yashagani, kim yana boshqa vaj bilan chiqdi, xullas, har kimning o‘z sababi bor. Bu borada, ayniqsa, mehnat muhojirlarining soni va salmog‘i katta ekanligini alohida qayd etmoq lozim. Muhojirlarning boshidan va ko‘nglidan kechirganlari alohida mavzu bo‘lib davr adabiyotining sarg‘aygan varaqlariga muhrlandi.  Shu bilan birga, oila boquvchisi, aytaylik, Rossiyaga ishlagani ketib, uyda farzand(lar)i bilan yolg‘iz qolgan ayolning ko‘ngil hollarini ham she’riyat «unutmadi». Shoir Bahodir G‘ulom yozadi:

Sovuq tushdi, bir xotin xunob,

Yoqolmasdan pechka o‘lgurni.

Eri tezroq pul jo‘natganda,

Olar edi o‘tin, ko‘mirni.

Bolasiga beradi dashnom:

Dars tayyorla, qanday bolasan?

Uyimizda bittayam sham yo‘q,

Svet o‘chib qolsa, ko‘rasan.

She’rda qishloq xonadonlaridan birining real manzarasi aks etgan. Undan anglashilmoqdaki, ona va bola uyda yolg‘iz. Birining eri, boshqasining otasi bo‘lmish odam esa ishlagani ketgan. Qish, sovuq. Pechka yoqib uyni isitish kerak, lekin na o‘tin bor va na ko‘mir. Hollarining nochorligi – mabodo chiroq (shoir so‘zlashuv tilidan kelib chiqib, «svet» deydi) o‘chib qolsa, bitta ham shamning yo‘qligidan ma’lum. Lekin ishlagani ketgan erning, otaning ahvoli ham yaxshi emasga o‘xshaydi-da. Yaxshi bo‘lganda edi, xotini va bolasini bunday tang sharoitga tashlab qo‘yarmidi?

Issiq kiyin, shamollab qolma,

Televizorni hoziroq o‘chir!..

Televizorda «go‘zal hayot» deb,

Unvon olgan shoir she’r o‘qir.

Sovuq bo‘lgani bois uyda o‘tirsa ham issiq kiyinishi kerak, yo‘qsa, shamollab qoladi. Shamollab qolsa,  vrach, dori kerak bo‘ladi. Bunga esa pul zarur. «Vrach», «dori», «pul» degan so‘zlar she’rda yo‘q, biroq ularning bo‘lishi shart emas – she’rda chizilgan turmushning nochor manzarasi vrach, dori va pul  tushunchalarini mantiqan yetaklab kelaveradi. She’r bu bilan tugamaydi, u yana boshqa – tamomila o‘zga bir manzarani ham aks ettiradi: o‘quvchi ko‘z o‘ngida hayotni «go‘zal» deb televizorda she’r o‘qiyotgan shoir obrazi gavdalantiriladi. U yaqinda unvon olgan. She’rda shoirning olingan unvonga hayot haqiqatini sotib yuborayotgan lahzalari muhrlangan. Bu o‘ziga xos parellelizmni hosil qilgan. Ayni paytda, unda «xunuk hayot» bilan «go‘zal hayot» bir-biriga zid qo‘yilmoqda. Xuddi mana shu zidlash – tazod o‘quvchini muvozanatdan chiqaradi. San’atning kuchi shu yerda. Ona tilidan aytilgan «Televizorni hoziroq o‘chir!..» buyrug‘i ham, aslida, hayotni haspo‘shlab ko‘rsatayotgan shoirga qarshi bir tanbeh, o‘ziga xos isyondir. Aslida, uni onaning tilidan boshqa shoir – muallifning o‘zi aytmoqda. Demak, tazod davom etmoqda va bu yerda endi chin shoir bilan maddoh shoir qarshilantirilmoqda. Shoir shu ishni bajargandan, ya’ni maddoh shoirning televizorda hayotni alqab she’r o‘qitib qo‘ygandan keyin yana avval chizgan manzarasiga qaytadi:

... Sovuq tushdi, bir xotin xunob,

Yoqolmasdan pechka o‘lgurni.

Eri tezroq pul jo‘natganda,

Olar edi o‘tin, ko‘mirni...

Adabiyotning vazifalaridan biri hayotni haqqoniy aks ettirish bo‘lsa, demak, bu o‘rinda u she’riyat misolida  o‘z vazifasini halol ado etmoqda.

Nima bo‘lganda ham, o‘zbek adabiyoti bugun «joy» tanlayotgani yo‘q. U mamlakatning yuragi bo‘lmish – boshkentda ham, uning bir parchasi bo‘lmish Qoraqalpog‘istonda ham, turli viloyatlarning shaharu qishloqlarida ham, hatto yaqin-olis xorijda ham yaratilmoqda. Bularning barchasi jam bo‘lib esa, zamonaviy o‘zbek adabiyotini tashkil etadi.

                                    Ulug‘bek Hamdam facebook sahifasidan olindi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring