Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shoirni o‘ldirgan yollanma qotil

Shoirni o‘ldirgan yollanma qotil

Zindonda kun sanab yotgan o‘g‘riboshiga amirning vakillari bir shart qo‘yishdi. Bu shart nihoyatda qo‘rqinchli edi. Unga ko‘ra, Buxoroda dong taratgan o‘g‘riboshi Dushaboy bir begunohni o‘ldirishi evaziga ozodlikka chiqishi mumkin...

– Kimni narigi dunyoga jo‘natishim kerak? – so‘radi Dushaboy.

– Hoziqni, – deyishdi amirning vakillari.

Bu ismni eshitishi bilan o‘g‘riboshi bir seskanib tushdi.

– Qo‘rqdingmi? Unda zindonda chirib ketaverasan!

Dushaboy amir vakillarining tahdididan cho‘chibmi, shartga ko‘ndi:

– Roziman!

...1842-yil 6-may. Amir Nasrullo Buxoro qo‘shini bilan Qo‘qon xonligini zabt etib, Madalixondek shoir va hukmdorni, o‘g‘li Muhammad Amin, ukasi Sulton Mahmud hamda xonning onasi – shoirai davron Nodirabegimni qatl ettirdi. Ko‘plab vodiylik hunarmandlar, xotin-qizlar asir qilinib, Buxoroga olib ketildi.

Qo‘qon xonligining talanishi, hukmdor va yaqinlarining o‘ldirilishi, asirlarning bevatan qilinib, o‘zga elga haydalishi, vodiyning qonga botirilishi Amir Nasrullo uchun sharaf edi, go‘yo. Aslida yurtga mustamlakachilik panjalari cho‘zilayotgan, tahlika kuchayayotgan bir davrda birlashish o‘rniga bosqinchilik qilib, qo‘shnisini, millatdoshini talash g‘oziylik emas, kaltabinlik va dunyo siyosatidan bexabarlik edi, xolos.

Buni amir yonidagi amaldorlarning ko‘pchiligi, shu jumladan, butun Turkiston o‘lkasiga tanilgan shoir Hoziq ham anglab yetgan edi.

Shayxulislom Hirotiyning o‘g‘li bo‘lgan Mirzo Junaydullo Mahdum-Hoziq Buxoroi sharifning eng ilmli, to‘g‘riso‘z, e’tiqodi sobit, ziyoli ulamosi va dong taratgan shoir bo‘lib, amirlikda katta nufuzga ega bo‘lgan. Aksariyat omma, saroydagilar, ba’zi shoirlar Amir Nasrullodan qo‘rqqanidan, uning Qo‘qondan kelishiga peshvoz chiqishadi. Hoziq esa amir saroyiga kelganidagina uning yoniga boradi.

– Bizning bu safardin bo zafar kelganimizga bir fard bayt mashq qilib, bir nimarsa ayting, – deya farmon berdi shunda amir Hoziqqa.

 Hoziq allaqachon Nasrulloga tarix, zamona hukmini o‘qigandek bayt yozib qo‘ygan edi:

Buridi bar qadi xud az malomat,

Libosi to ba domoni qiyomat.

Hoziqning bayti mazmuni shunday edi: «O‘z qaddingga la’natlardan shunday bir libos tikib kiydingki, u libos ustingda qiyomatgacha qoladi».

Tarixchi Mirzaolim Mushrif «Ansob us-salotin–ut-tavorix» asarida yozishicha, ushbu baytni eshitib, «amirning ziyoda jahli kelib, rangida qatra qon qolmadi. To o‘rdasiga doxil bo‘lg‘uncha so‘zlamadi».

Amir Nasrulloga haqqoniy baho bergan, buni o‘ziga dadil ayta olgan Hoziq shu kuni kechasiyoq, do‘stlarining taklifiga ko‘ra, Shahrisabzga ketib yashirindi. Bu paytda, garchi Shahrisabz amirlikka qarashli hudud bo‘lsa-da, o‘lka beklari Nasrulloga raqib sifatida siyosat maydoniga kelgan edilar.

Baytni eshitib, kechasi bilan uxlay olmay chiqqan amir ertasigayoq saroy ahlidan so‘radi: «Hoziq Maxdum salomg‘a kelmadimi?»

Shoir va ulamoning Shahrisabzga ketganini eshitgan amir hiyla bilan uni ortiga qaytarib, jazolamoqchi bo‘ldi. Eshon Hoziq hazratlari esa makrni anglab, uch marotaba «iltimos» qilib, inoyatnoma yozib yubortirsa-da, saroyga kelmadi.

– Uch bora chaqirtirsam-da, kelmasa, Shahrisabzga qo‘shin tortib, Hoziqniyam, uning tarafdorlariniyam daf qilgum, – deya qizishdi amir o‘shqirgancha.

Shunda vazir Rahmonberdi amirga maslahat berdi:

– Bir shoirga o‘chakishib, kek deya cherik tortsak, el oldida uyatu isnodga qolamiz.

Xullas, vazir maslahati-yu, nasihatiga ko‘ra, bir necha bor qamalib chiqib, keyin ham sakkiz yildan beri zindonda kun sanab yotgan Dushaboydan yollanma qotil sifatida foydalanishga qaror qilishdi.

Hakimxon to‘raning «Muntaxab ut-tavorix» asarida yozilishcha, «Dushaboy va unga qo‘shilgan uchta kallakesar to‘rt bebok kofir kishi – o‘g‘rilar vaqtni g‘animat bilib, sahar vaqtinda shanba ertasi Shahrisabzga kelib, uyning eshigini sindirib, mavlono Hoziq yotgan joyga bostirib kirdilar».

Tong saharda ana shu to‘rt nokas Hoziqning boshini tanasidan judo qilib, Buxoroga yo‘l olishdi. Eshon, pir Hoziq Maxdum shu zayl yollangan qotillar qurboniga aylanib, tanasi Shahrisabzda qoldi, aziz boshi esa...

Hoji Hakimxon to‘ra do‘stining fojiasidan Xo‘jaquli parvonachini ogoh etdi.Ular boshchiligida ahli olomon marhumni Kitob shahrining kunchiqar tarafidagi dahmaga dafn etdilar.

 Garchi Mirzo Junaydullo Mahdum – Eshon Hoziq hazratlari 1843 yil yanvarida Dushaboy boshchiligidagi yollanma qotillar tomonidan o‘ldirilgan bo‘lsa-da, u yaratgan asarlar tarixda boqiy qoldi. Dushaboy, Rahmonberdi vazir hamda Amir Nasrullo nomlari esa moziyning eng chirkin, qora sahifalariga muhrlandi.

Umid Bekmuhammad,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring