Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Semizlik tomon yo‘l – chipsi, shaxsiy mashina, «onlayn» ovqat

Semizlik tomon yo‘l – chipsi, shaxsiy mashina, «onlayn» ovqat

foto: Xabar. uz

«O‘zbekistonga qashshoqlik emas, semizlik xavf soladi»

Bundan toppa rosa 12 yil oldin VVS nashri «O‘zbekistonga qashshoqlik emas, semizlik xavf soladi» nomli maqolasida 2030-yilga borib, Markaziy Osiyoda qashshoqlik emas, semizlik va yurak-qon tomir xastaliklari kabi aholining turmush tarzi bilan bog‘liq kasalliklar asosiy muammoga aylanadi, deb bashorat qilgan ekan. Shu bashorat to‘g‘ri chiqdi. Keyingi paytda kuzatsangiz ko‘pchilikni ozish va diyeta qilish, hatto oshqozonni qisqartirish operatsiyalari qiziqtirib qolgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez odamlar to‘g‘ri ovqatlanish va semizlik haqida yoza boshladi. Bu maqolaning yozilishiga ham shunday postlarning biri sabab bo‘ldi.

Xurshid Usmon shunday yozadi: «Bizda surunkali kasallar ko‘pligi, shifoxonalar va dorixonalar bolalab ketgani sabablaridan biri  – odamlarimizning aksarida birlamchi tibbiy bilim yo‘qligida deb bilaman.

Oddiy o‘zimizning qishloq xo‘jaligi mahsulotlardan iborat ratsion asosida bo‘lsa-da, to‘g‘ri ovqatlanishni, mijoz balansini ushlashni bilmaydi. Nafsi nimani tusasa shuni iste’mol qilaveradi. Nafsiga yoqmasa-da, organizm uchun koni foydali mahsulotlarga qiyo boqmaydi.

Tushlikda osh yegan odam shunga yarasha kaloriya sarflamasdan, kechki ovqatga yana yog‘li yoki xamirli ovqatlarni palma moyi qo‘shilgan non bilan paqqos tushiraveradi. Oshqozon, yurak, buyrak, jigar, o‘t kabi organlar nima vazifa bajaradiyu, bu organlar ertaga pand bermasligi uchun nimalarga e’tibor berish kerakligini xayoliga ham keltirmaydi. O‘ttizga kirmay tarvaqaylagan qorin qo‘yib yuraveradi. Na kiyim yarashadi, na yurish-turish.

Vaqti kelib biror joyi og‘risa, issig‘ida uy sharoitida tabiiy va bezarar vositalar bilan oldini olishni bilmaydi. Avvaliga e’tibor bermay yuraveradi, bezovtalik surunkali tus ola boshlasa nihoyat doktorga borishga majbur bo‘ladi. Doktorlarning aksari esa farm kompaniyalar bilan hamkorlikda ishlashi hech kimga sir emas. Qarabsizki, mutlaqo tibbiy bilimi bo‘lmagan Xolmirzaga uzundan-uzun ro‘yxatda dori-ukollar yozib beradi. Shu bilan dori-ukolga mubtalo bo‘lgan va buning sababidan immuniteti zaiflashgan Xolmirza, keyingi safar kasal bo‘lsa bundan-da kuchli dozali dori-ukol, osma ukollar olmasa tuzalmaydigan bo‘lib qoladi.

Odamlarimizning aksari aynan shunday umr ssenariysi asosida farm marketingning bir umrlik potetsial mijoziga aylanadi. Xolmirzadek kishilar jamiyatda ko‘p ekan, farm marketing yildan-yilga rivojlanib, gullab-yashnayveradi...».

Semizlik farmatsiya sanoatini ham «semirtiradi»

O‘tgan yili oktyabr oyi boshida Amerikadagi biznes kanallari mediaradar tahlilchilarining hisob-kitoblariga tayanib, AQShda semizlik va diabetni davolash uchun dori ishlab chiqaruvchilarning reklama xarajatlari yiliga 20 foizga oshganini xabar qilgani ajablanarli emas. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, farmatsevtika kompaniyalarining yanvar va iyul oylari orasida bunday dori-darmonlarni reklama qilish uchun umumiy xarajatlari taxminan 500 million dollarni tashkil etdi. Ushbu summaning qariyb to‘rtdan uch qismi, 358 million, ikkita yirik farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan to‘rtta dori-darmonga to‘g‘ri keldi. Talab taklifni keltirib chiqaradi. 2022-yilning so‘nggi uch oyida Amerika tibbiyot muassasalari ushbu dorilar uchun 9 milliondan ortiq retseptlar yozdilar. Va bu 2020-yil boshidan to‘rt baravar ko‘p. Tasavvur qiling 2023-yil yanvar va iyul oylari orasida vazn yo‘qotadigan dori-darmonlarni reklama qilish uchun umumiy xarajatlari taxminan 500 million dollarni tashkil etdi.

 VVS nashri o‘sha maqolasida shunday ta’kidlaydi:

«Xalqaro tashkilotning ogohlantirishicha, aholining non o‘rniga ko‘proq go‘sht va sut mahsulotlari iste’mol etishga o‘tishi mintaqada surunkali va yuqumli bo‘lmagan xastaliklarning ortishiga olib keladi».

O‘zbekistonlik shifokor Dilmurod Irgashev ham xalqaro tashkilotning bashoratlariga qo‘shilishini aytadi:

«Olib borayotgan izlanish va kuzatuvlarimiz so‘nggi yillarda aholi orasida metabolik sindrom juda kuchayib borayotganini ko‘rsatmoqda. Shu metabolik sindromning orqasidan semizlik, qandli diabet, qon-tomir xastaliklari kelib chiqadi».

Ortiqcha vazn haqida «semirayotgan» statistik ma’lumotlar

O‘zbekistonlik shifokor ham bunga eng avvalo kun sayin hayot tarzining o‘zgarib borayotgani, jismoniy ishlarning kamayib, odamlarning asosan o‘tirib ishlashlari, ovqatlanish tartibining buzilganligi, ko‘proq tez tayyorlangan (fast food) taomlarning iste’mol etishga o‘tilishi, yog‘liq ovqatlar va shirinliklarning ko‘p yeyilishi sabab bo‘layotganini aytadi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2035-yilga kelib semirib ketgan bolalar soni 2020 yilga nisbatan ikki baravar ko‘payishi mumkin.

Avstraliyalik professor Debora Laptonning fikricha: «ayollar kuni bilan ishlagani bois uyda kamroq sog‘lom ovqat pishirishni boshladilar, bolalar va o‘smirlar esa tobora ko‘proq harakatsiz bo‘lishga odatlanib qolishdi...».

Darvoqe, 2030-yilni kutishga ham hojat qolmadi, bu borada statistika kundan-kunga «semirib» bormoqda. Avvallari odamlar oshxonalarga borib ovqatlangan bo‘lsalar, endi yo‘l yurib oshxonaga borishga ham hojat yo‘q, ovqatning o‘zi uyingizga izlab boradi. Xuddi shunday, onlayn oziq-ovqat buyurtmalari semirishning asosiy sababi!

Ya’ni pandemiyadan beri oziq-ovqat yetkazib berish ilovalaridan foydalanish eksponent ravishda oshdi va davom etmoqda, achinarlisi foydalanuvchilar soni 2027-yilga kelib faqat Amerikaning o‘zida 55 millionga yetishi taxmin qilinmoqda.

Mutaxssislar fikriga ko‘ra, ko‘cha ovqatining kaloriyasi uyda pishirilgan taomlarga qaraganda taxminan 21 foiz ko‘proq ekan.

15 yil davomida AQShdan olingan ma’lumotlar shuni ko‘rsatdiki, yetkazib berish ilovalaridan tez-tez foydalanadigan odamlarda umumiy ovqatlanish yomonroq va tana massasi indeksi yuqori bo‘ladi.

«Onlayn» ovqatlar... va issiq xonalar

Ya’ni biz oziq-ovqatga onlayn buyurtma berganimizda, takliflar, chegirmalar, kombinatsiyalangan paketlar va hokazolar kabi sabablarga ko‘ra ko‘proq buyurtma beramiz. Bu kundan-kunga odat bo‘lib qoladi va odam onlayn oziq-ovqat yetkazib berishga, keyinchalik ortiqcha ovqatlanishga odatlanib qolishi mumkin. Hatto ota-onalar ham buyurtma berishda bolalariga xalaqit bermaydilar va ba’zida hatto farzandlari ham onlayn rejimda ovqat buyurtma qilishlari mumkinligidan faxrlanishadi. Ota-onalar ko‘plab ko‘cha ovqatlariga ishlatiladigan yog‘ning soxta tarkibiy qismlariga e’tibor bermaydilar yoki bilishmaydi. Ushbu yog‘lar konservantlar, sun’iy ranglarga boy bo‘ladi. Bunday fast-fudlarning ko‘pchiligi ko‘p miqdorda shakar, yog‘lar va kamroq minerallar, vitaminlar yoki ozuqaviy moddalarga ega uglevodlardan iborat. Bu shuni anglatadiki, odam tez ovqat ko‘rinishida ko‘p miqdorda nosog‘lom kaloriyalarni iste’mol qiladi va aksincha, semirishni boshlaydi.

Ishlayotgan ota-onalar ovqat pishirishga vaqt topa olmasligi mumkin, lekin ular o‘z farzandlarining sog‘lom o‘sishi uchun zarur bo‘lgan ozuqa moddalarini olishlariga e’tibor berishlari kerak. Ular o‘z farzandlarining vaznini diqqat bilan kuzatib borishlari va o‘z vaqtida bunga barham berish haqida o‘ylashi muhim. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa o‘z hisobotida ovqat yetkazib berish ilovalarini semizlik muammosiga hissa qo‘shishi mumkin, deb belgilab, ular harakatsiz harakatni rag‘batlantirishi mumkinligini aytdi.

Hisobotga ko‘ra, semizlik va ortiqcha vazn har yili mintaqada 1,2 milliondan ortiq o‘limga sabab bo‘ladi. 

Nima uchun bobo va buvilarimiz orasida u qadar semirib ketayotganlari kam, vaholanki ular, yaxshi yeb ichishadi, lekin tetik va sog‘lom. Buning siri sog‘lom turmush tarzi, qat’iy ish va ovqatlanish tartibi, muvozanatli ovqatlanish va uyda pishirilgan ovqatdir. Ilg‘or texnologiya bizdan ovqat tayyorlashdek mashaqqatli mehnatni tortib oldi.

Semirib ketish kamida 13 xil saraton turidan orqada turadi va mintaqada har yili kamida 200 000 yangi saraton kasalligini keltirib chiqarishi mumkin. JSST hisobotiga ko‘ra, ba’zi mamlakatlarda semirish kelgusi o‘n yilliklarda oldini olish mumkin bo‘lgan saraton kasalligining asosiy xavf omili sifatida chekishni ortda qoldirishi taxmin qilinmoqda.

Semirish epidemiyasining keskin tarqalishi bo‘yicha yana bir tadqiqotda aytilishicha, rivojlangan mamlakatlarda semirishning tarqalishi sovuq mavsumda xonalarni isitish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin ekan. Londonlik yana bir tadqiqotchi  Fiona Jonson ta’kidlaganidek, so‘nggi o‘n yilliklarda isitish mavsumi davomida Amerika va Britaniya uylarida haroratning silliq ko‘tarilishi tendensiyasi kuzatilmoqda. Shu munosabat bilan, qishda yaxshi isitilgan yoki konditsionerli xonalarda vaqt o‘tkazish odati g‘arbiy mamlakat aholisi o‘zini qulay his qiladigan harorat oralig‘ini toraytiradi. Binobarin, odamlar uydan kamroq chiqib ketishga harakat qilishadi va kamdan-kam hollarda mo‘’tadil sovuq stressga duchor bo‘lishadi, bu esa tanani issiqlik ishlab chiqarish uchun yog‘ni intensiv iste’mol qilishga majbur qiladi. Natijada, energiya balansi energiya ishlab chiqarish emas, balki yog‘ to‘planishi tomon siljiydi, bu esa tana vaznining oshishiga olib keladi. Ya’ni doimiy ravishda issiqqina uyda o‘tirish nafaqat tananing issiqlik ishlab chiqarishga bo‘lgan ehtiyojini, balki uni amalga oshirish qobiliyatini ham kamaytiradi.

Campinas universiteti (San-Paulu, Braziliya) Lisio Velloso boshchiligidagi olimlar guruhi esa eksperimental ravishda patologik semirishning mumkin bo‘lgan sababi gipotalamusdagi to‘yinganlik hissi uchun javob beradigan neyronlar guruhining o‘limi ekanligini aniqladilar. Qonda lipidlar darajasining oshishi bilan markaziy asab tizimining immun hujayralari-mikrogliya-gipotalamus neyronlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan yallig‘lanishga qarshi moddalarni ishlab chiqarishni boshlaydi. Oxir-oqibat asab hujayralari nobud bo‘ladi. Buzilishlar odam vazn olishni boshlashdan ancha oldin sodir bo‘ladi.

Xo‘sh, semizlik epidemiyasi qayerdan va qanday boshlangan?

Semizlik epidemiyasi 1976-1980 yillarda AQShda paydo bo‘lgan va keyin G‘arblashgan mamlakatlarga tarqaldi. Tadqiqotchilar buning sabablaridan biri qilib ko‘p yillar davomida jismoniy faoliyatga bo‘lgan ehtiyoj kamayganini aytishmoqda.

Yana bir sabab esa ovqatlanish ratsionidagi o‘zgarishlar deb taxmin qilishimiz mumkin. Ko‘pgina dalillar to‘plami diyetani tana vazni va ortiqcha vazn olish xavfi bilan bog‘laydi. So‘nggi bir necha o‘n yilliklar davomida taom ratsionimizda ko‘plab o‘zgarishlar yuz berdi.  

Ultra-qayta ishlangan ovqatlar va shaxsiy mashina...

 Bu oziq-ovqatlar sirasiga   oq non, shirin nonushta kiradi, don, pechene, mazali gazaklar, shirinliklar, konfet, muzqaymoq, margarin, kolbasa va pitssa.

Juda kam hajmda qadoqlanadigan nimjongina kartoshka chipsilari  odamni semirtiradi – ishonish qiyin-a. AQShda 121 000 erkak va ayol o‘rtasida o‘tkazilgan uchta tadqiqotining umumiy natijalari kartoshka chipsilarini iste’mol qilish bilan vazn o‘zgarishining ijobiy bog‘liqligini ko‘rsatdi. 

Yana bir katta sabablardan biri bu –  aholining avtomobil va jamoat transportidan foydalanish imkoniyati kengayganligi.

Avstraliyada o‘tkazilgan yangi tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, har kuni ulovda yuradiganlarda bel atrofi va qorinda yog‘ to‘planishi kuzatilgan. Mashinalarida kuniga bir soat yoki undan ko‘proq vaqt sarflaydigan odamlar o‘z mashinalarida 15 daqiqa yoki undan kamroq vaqt sarflaydiganlarga qaraganda o‘rtacha 2,3 kg og‘irroq va bel yo‘g‘onligi 1,5 sm kengroqdir.

Har bayramda yarim kilo semirasiz...

Do‘mboq jo‘ja yoki tandir go‘shti, barcha turdagi shirinliklar va gazli ichimliklar, gazaklar bilan haddan tashqari to‘ldirilgan stolli oilaviy yig‘ilishlar, to‘ylar, bayramlar, tug‘ilgan kunlar. Buni aylanib o‘tishning iloji yo‘q. Ketma-ket keladigan tug‘ilgan kun va bayramlar o‘rtasidagi haftalar sog‘lom vaznni saqlashga harakat qiladigan har qanday qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi.

Ma’lumotlarga qaraganda, har bir yig‘in va bayramlarda odam 300-500 gramm vazn yig‘ishi mumkin. Agar bir bayramda shuncha vazn yig‘sangiz, demak yil davomida o‘nta bayram sizga naq besh kiloni taqdim etadi. Va bu arzimagandek ko‘ringan vazn 10 yilda 50 kiloga aylanadi, agar o‘sha yig‘ilgan kaloriyani harakat bilan kamaytirmasangiz...

Diyetolog Greys Derocha: – Agar siz juda ko‘p jozibali taomlar bo‘ladigan katta kechki tadbirga bormoqchi bo‘lsangizu, tushlikdan voz kechsangiz va kechki taomlar uchun «ko‘proq joy ajratish» yaxshi fikr bo‘lib tuyulishi mumkin. Aslo bunday qilmang! «Bu sizning tanangizni ochlik holatiga tushiradi», sizning oshqozoningizda ochlik va qoniqish belgilari yo‘qoladi va tanangiz kaloriyalarni ushlab turadi. Siz tanangizni semirtirmoqchi bo‘lmasangiz ovqatlanish vaqtini o‘tkazib yuborish yaxshi fikr emas. Shunchaki har bir taomdan nomiga tatib ko‘ring, ya’ni to‘yib yemang. Tanangizning ochlik belgilariga e’tibor bering va savol bering: «Men ochmanmi haliyam yoki to‘ydimmi?, degan tushunchaga ega bo‘lish jangning katta qismidir».   

Umuman semizlik, vazn ortishi haqida juda ko‘p «yog‘li-yog‘li» maqolalar yozish mumkin. Ya’ni vazn ortishi qanchadan-qancha kasalliklarni keltirib chiqarmoqda. Odamlar ozish uchun qanchadan-qancha taqiqlangan, zararli dorilarga ruju qo‘yishmoqda, diyeta qilishmoqda, hatto oshqozonni kichraytirishdek xavfli operatsiyalarni boshidan o‘tkazishmoqda.

Eng to‘g‘ri yo‘l esa hozircha sog‘lom ovqatlanish va ko‘p harakat qilish. Buni ongli ravishda anglab yetish hozircha nafsni tiyish va sport bilan shug‘ullanishdan ko‘ra qiyinroq bo‘lib turibdi.

Biz hozircha sog‘lom turmush tarziga rioya qilmaslik semizlikka olib kelishiga to‘xtaldik. Ammo gormon o‘zgarishlari, ekologiyaning buzilishi, genetik kasalliklar kabi bir qancha omillarning semirishga olib kelishini ham inkor qilib bo‘lmaydi, bu endi alohida mavzu.

                                                                                             Barno Sultonova tayyorladi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring