Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanjar Mashriqiy

Xudodan so‘rab, bekor yotma! (arman xalq maqoli)

Rossiya va NATO: vaziyat og‘irmi?

Rossiya va NATO: vaziyat og‘irmi?

Sharqiy Yevropada Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashib bormoqda. Har holda G‘arb va AQSh mediasi Rossiyaning Ukrainaga «uyushtirilajak» hujumlari haqida ko‘p yozishdi.

AQSh. NATOning bugunga kelib, 30 ta a’zosi bor. Eng qudratlilari esa ma’lum: AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Turkiya… AQSh Ukraina masalasida hatto tahdid qilish darajasigacha bormoqda. Dastlab AQShning «Politiko» nashri o‘tgan yil noyabr oyida Rossiya qo‘shini Ukraina chegarasida to‘planayotganidan ogohlantirdi. Oradan bir oycha muddat o‘tib, AQSh demokrat-senatorlari Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini taqdim etdi. Xalqaro OAVni «bezagan» xabarlar shu bilan tugamadi. Shundan so‘ng AQSh Ukraina va Rossiya o‘rtasida «sodir bo‘lajak» urushda ishlatish uchun «tonnalab» qurol yetkazib berishni boshlagan.

AQShning olib borayotgan bunday siyosati birinchisi emas, avval ham Yaqin Sharqda shu kabi holatlar sodir bo‘lgan. AQSh va unga xayrixoh davlatlarda «Ukrainaga hujum qilinmasin», «Ukrainaga tahdid qilmang» kabi fleshmoblar paydo bo‘la boshladi. Umuman olganda, AQSh Ukraina masalasida Rossiya bilan azaldan kelisha olmagan. Rossiya «tumshug‘ining tagida» amerikaparast kuchlar bo‘lishini istamasa, AQSh Yevropada o‘z o‘rnini mustahkamlashga intiladi.

Buyuk Britaniya. Britaniya TIV Rossiya Ukraina prezidentini alishtirmoqchi ekanligini, nomzod ham topilganini aytib chiqdi. Vaziyat fonida Bosh vazir Boris Jonson Ukrainaga tashrif buyurdi va «so‘nggi nafasi»gacha Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Xullas, vaziyat chigallashib ketishiga shular yetarli. Ma’lumotlarga qaraganda, rasmiy London va Moskva o‘rtasida aloqalar keskinlashgan. «Boris Jonson muzokaralar uchun Ukrainaga tashrif buyurdi, chunki Rossiya bosqinidan qo‘rquv kuchaymoqda», ̶ deb yozdi BBC.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Zelenskiyga harbiy jihatdan yordam berishini ochiqdan-ochiq e’lon qilmasa ham, uning bildirishicha, Moskva bilan kelishmovchiliklarga diplomatik yechim topish va «qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik» uchun hamkorlik qiladi. Britaniya bosh vaziri bilan Zelenskiyning jonli efirda kelishuvlari davom etar ekan, Zelenskiy askarlar soni 100 minggacha ko‘tarilishini aytmoqda.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Truss London Putin bilan bog‘liq bo‘lgan kengroq doiradagi shaxslar va korxonalarni sanksiyalar nishoniga olish uchun tayyorlanayotganini aytdi. AQSh rasmiysining aytishicha, Vashington sanksiyalaridan so‘ng Kremlga yaqin odamlar xalqaro moliya tizimidan uzilib qolishlari mumkin. Umuman olganda, masalaga Buyuk Britaniyaning jiddiy yondashuvi iqtisodiy tahdidlarni anglatadi. Moskva istaydimi yoki yo‘qmi bugun ham London, o‘tmishdagi kabi, Yevropaning moliyaviy yuragi hisoblanadi. Hatto rus boylarining ham katta boyliklari London banklarida saqlanishi haqida ma’lumotlar mavjud.

Xususan, rasmiy London Boris Jonsonning Kiyevga tashrifi oldidan Ukriana hukumatining barqaror boshqaruv va Rossiyadan energetik mustaqillikni qo‘llab-quvvatlash uchun 88 million funt sterling ajratayotganini e’lon qilgandi. Shuni unutmaslik kerakki, har qanday jabhada ham Britaniya AQShga qaraganda Ukrainaga yaqinroq va tezroq yordam bera olishi mumkin.

«Biz Rossiyani diplomatik yechim topish va qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun orqaga chekinishga va muloqotga kirishishga chaqiramiz», - degan Jonson rasmiy bayonotida.

Germaniya. NATOning faol, qaynoq siyosiy jarayonlar qozonida negadir Germaniya ko‘rinmayapti. Har safar Yevropa Ittifoqi migratsiya, savdo yoki tashqi aloqalar bo‘yicha katta qarorlar qabul qilishiga to‘g‘ri kelganda, Germaniya yetakchilik qilardi. Umuman olganda, bugun ham Yevropaning eng obro‘li vakili Germaniyadir. Ammo Berlinning Ukrainadagi inqirozni to‘xtatish uchun Rossiya bilan qanday munosabatda bo‘lish borasidagi cheklovli pozitsiyasi ittifoqdoshlari orasida norozilik uyg‘otmoqda. Ekspertlar esa Germaniyani chetdan kuzatayotganlikda ayblamoqda.

Merkil xonim hukumatdan iste’fo bergach, Olaf Shols siyosatidagi birinchi eng qaynoq jarayon bo‘lsa-da, nemislar vaziyatga to‘liq aralashishni istashmayapti. Qo‘shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqining ba’zi davlatlari Ukrainaga harbiy yordam yuborgan bo‘lsa, Germaniya faqat tibbiy yordam taklif qildi, xolos. Shuningdek, Berlin tomonidan Estoniyaga Ukrainaga Germaniyada ishlab chiqarilgan Gaubitsa (harbiy artilleriya tarkibiga kiruvchi 100 mm va undan ortiq kalibrli artilleriya quroli – tahrir) qurollarini yetkazib berishni ham taqiqladi.

Germaniyasiz ish bitmaydimi, deyishingiz mumkin. Masalaning boshqa tomonini hisobga olish lozimki, NATO ittifoqchilari Kreml bilan murosaga kelishda yakdillikka intilmoqda. Bu ta’sir kuchini kengaytirishiga ishonishadi.

«Yevropa xavfsizligini Germaniyaning yetakchi rolisiz amalga oshirish mumkin emas. Ikkilanib turishi hozirgi zamon uchun bema’nilikdir»,  ̶  dedi Latviya mudofaa vaziri Artis Pabrik. Boltiqbo‘yi mamlakatining bunday bayonoti «nemis mashinasi»ni ishlatib yuborishga ojizlik qilsa kerak. Bir hafta oldin Germaniya kansleri Olaf Shols mamlakat Yevropa Ittifoqi va NATOning Rossiyaga nisbatan siyosatiga mos kelishini ta’kidlagan, biroq jurnalistlarga: «Biz hech kimga hech qanday halokatli qurol bermaymiz», ̶  degan. Bu Germaniyaning ushbu masalada pozitsiya saqlayotganini bildiradi.

Masalaning yana bir jihati bor. Bu bosh vazir Olaf Sholsga borib taqaladi. Olaf Shols hukumatga kelgach iqtisodiy siyosat olib bora boshladi. Kansler siyosiy-iqtisodchi emas, balki iqtisodiy-siyosatchidir. Urush esa chiqim degani. Og‘ir pandemiyani boshdan kechirayotgan Germaniya Rossiya bilan munosabatlarni «oltin o‘rtalik»da qoldirishni ma’qul ko‘rmoqda.

Turkiya. Ukraina mojorasi fonida Turkiyaning harakatlari yanada qiziqarli ko‘rinish olmoqda. Anqara Ukraina inqirozi yuzasidan NATO bo‘yicha ittifoqdoshlari va Rossiya o‘rtasidagi ziddiyatni yumshatishda yordam berishga umid qilmoqda Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘on kelasi haftalarda mojoraning har ikki tomonidagi hamkasblari bilan uchrashishi kutilmoqda. Turkiya urushning oldini olish uchun «kerak bo‘lgan hamma narsani qilishga tayyor», ̶ dedi Erdo‘g‘on televideniyega bergan intervyusida.

Anqara bir necha oylardan beri NATO va Rossiyani ritorikasini bostirishga chaqirib keladi. Rossiya rahbari Turkiyaga tashrif buyurishga tayyorligini aytdi, ammo bunday tashrifning aniq vaqti koronavirus bilan bog‘liq. Har holda mas’ullar shunday izoh berishgan. Erdo‘g‘on esa negadir fevral oyida Kiyevga tashrif buyurib, prezident Zelenskiy bilan uchrashishi rejalashtirgan.

Ham geografik, ham tarix nuqtai nazaridan, balki amaliy jihatdan iqtisodiy, xavfsizlik va mudofaa manfaatlaridan kelib chiqib, Turkiya Rossiya va Ukraina o‘rtasida sodir bo‘layotgan voqealardan manfaatdorlik hissi ham yo‘q emas.

Turkiya Ukraina mudofaa sanoatiga sarmoya kiritib keladi. 2019 yilda Donbasdagi rossiyaparast kuchlarga hujum qilishda foydalangan Bayraktar TB2 dronlari Turkiyaga tegishliligi aniqlangan. Turkiyaning uchuvchisiz uchoqlaridan foydalanish Moskvaning keskin tanqidiga sabab bo‘lgandi.

«Turkiya Rossiya va Ukraina o‘rtasida tanlov qilish holatida bo‘lishni istamaydi, chunki u Rossiya bilan boshqa sahnalarda, xususan, Suriyada vaziyatni nazorat qilish va uning kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Rossiyaga tayanadi», ̶ deydi sobiq diplomat va Istanbuldagi Iqtisodiyot va tashqi siyosat tadqiqotlari markazi direktori Sinan Ulgen. Ammo vaziyatning ikkinchi tomoni bor. Masala Ozarbayjonga borib taqaladi.

Ilhom Aliyev dastlab Ukrainaga,so‘ngra Rossiyaga tashrif buyurdi. Bu mintaqada katta rezonanslar yuz berganini ko‘rsatadi. Chunki sobiq sovet mamlakatlari rahbarlarining Kremldan avval uning raqibinikida mehmon bo‘lishi doim ham kuzatiladigan holat emas. Ozarbayjon rahbarining Turkiyaga qanday aloqasi bor, dersiz. Ozarbayjon qandaydir tashqi ko‘mak va daldasiz Rossiya bilan ikkinchi bo‘lib ko‘rishmagan bo‘lar edi. Katta ehtimol bilan suyanchiq – Turkiya bo‘lishi mumkin.

Polsha va Gollandiya rahbarlari ham Ukrainaga tashrif buyurar ekan, AQSh va Rossiyaning yuqori darajadagi rasmiylari inqiroz bo‘yicha yangi muzokaralar o‘tkazishi kerak, deb hisoblashmoqda. Shuningdek, boshqa NATO a’zolari ham vaziyatga keskin yondashmoqda.

Rossiya nima deydi?

Prezident Vladimir Putin Ukraina NATOga a’zo bo‘lgach, alyans a’zosi sifatida Qrimda harbiy operatsiya boshlashi mumkinligini ta’kidladi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘arbning Rossiya talablariga taqdim etgan javobidan norozi bo‘lganini bildirdi. Putin NATO a’zosi Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashuvdan keyingi brifingda o‘z pozitsiyasini yashirib o‘tirmagan.

Rossiya rahbari G‘arbni berilgan va’dalarni unutganlikda ayblab, shunday dedi: «26 yanvar kuni AQSh va NATOning javobini oldik. Uni obdon tahlil qilamiz, ammo hozirdan ma’lumki, Rossiyaning asosiy talab va xavotirlari rad etilgan. Biz NATOni kengaytirmaslik, Rossiya chegarasida zarbdor qurollarni joylashtirmaslik va alyansning Yevropadagi infratuzilmasini 1997-yildagi Rossiya bilan kelishuv imzolangan holatga qaytarishni so‘ragandik. Bu asosiy talablarimizning birortasi inobatga olinmadi. Bizga NATOni sharqqa qarab bir dyum ham siljitmaslik bo‘yicha va’da berilgandi. Bugun NATO qayerda ekanini ko‘ryapmiz: Polshada, Ruminiya va Boltiqbo‘yi davlatlarida. Xalq tilida aytganda, bizni chuv tushirishdi».

Putinning fikricha, hech qanday hujjat bilan mustahkamlanmagan NATOning va’dalari va «ochiq eshiklar» siyosatini ham tanqidga oldi.

«Ochiq eshiklar» siyosati deyilyapti. Xo‘p, bu haqda qayerda yozilgan? Hech qayerda», - dedi Putin.

«1949 yilgi NATO tashkil etilishi bo‘yicha kelishuvning 10-bandida alyansning barcha a’zolari rozi bo‘lgan taqdirda, unga Yevropaning boshqa davlatlarini qabul qilish mumkinligi yozilgan»

«O‘sha hujjatda «mumkin» deb yozilgan, «majbur» deb emas. Vaholanki, AQSh va NATO Ukrainaga «Sizning intilishingizni qadrlaymiz, xavfsizligingizni himoya qilishni istaymiz, ammo sizni qabul qila olmaymiz, chunki oldinroq bunga imkon bermaydigan kelishuv imzolaganmiz» deyishlari mumkin edi. Shunday deyishsa, Ukraina uchun nimasi alamli bo‘lardi?»  ̶  degan Putin.

Rossiya prezidenti Ukrainaning NATOga kirishi ortida Qrim inqirozi qayta boshlanishini ham yashirib o‘tirmadi. «Zamonaviy qurollar va tizimlar bilan jihozlangan Ukraina NATO a’zosiga aylansa, Qrimga yurish boshlamasligiga kim kafolat beradi? Donbass masalasida gapirmayapman. NATO a’zosi sifatida Ukraina bu harbiy operatsiyani boshlasa, nima bo‘ladi? Biz NATO bilan urishamizmi? Kimdir bu haqda o‘yladimi? Fikrimcha, o‘ylashmagan ham. Axir Ukraina doktrina hujjatlarida Qrimni qurolli harakat bilan bo‘lsa ham qaytarib olish qayd etilgan. Ha, shunchaki gapirilmagan, bu haqda hujjatda yozilgan. Xavfsizlikni boshqa bir davlatga xatar tug‘dirgan holda ta’minlash to‘g‘ri emas. Amerika Qo‘shma Shtatlarining Ukraina xavfizligi uchun qayg‘urish orqali Rossiyani kuchsizlantirishga intilishdir. Ukraina esa bu uchun shunchaki vositaga aylanib qolgan», - degan Putin.

Yaqinda Rossiya va AQSh vakillari BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida kelishmay qolgandi. Stokgolmda bo‘lib o‘tgan YeXHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi doirasidagi uchrashuv chog‘ida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgandi. Kelishmovchilik G‘arb davlatlarining Ukrainaga «Rossiya agressiyasi» sodir bo‘lgan taqdirda javob choralarini muhokama qilish chog‘ida sodir bo‘lgandi. 2014 yilda Ukrainada sodir bo‘lgan voqealar davlat to‘ntarishi ekanini aytgan Lavrov NATO va Yevropa Ittifoqini o‘zgacha fikrni bostirishda va Rossiyaga tahdid qilishda ayblagandi.

Ma’lumotlarga qaraganda Rossiya Ukraina chegarasida 100 ming askar to‘plagan. 2021 yil oktyabr oyidan buyon G‘arb nashrlari Rossiya Ukraina bilan chegaradagi askarlar haqida yozadi. Rossiya esa bu ayblovlarni rad etish bilan birga qo‘shinlarini o‘z hududida xohlaganicha harakatlantirish huquqiga ega ekanini aytgan.

Rossiya Ukrainaning NATOga qabul qilinishi mamlakat uchun xavf sifatida e’tirof etib, qabul qilmaslikni so‘rab xat jo‘natdi. 26 yanvar kuni AQSh Rossiyaning talablariga xat ko‘rinishida javob berdi. Vashington Ukraina NATOga qabul qilinmasligi bo‘yicha kafolat taqdim etilmasligini bildirdi. Rasmiy Moskva esa urush xavfi yuzaga kelishini aytishdan nariga o‘tmayapti. Vladimir Putinning ta’kidlaganidek, Kiyev Qrim masalasini har qanday (hatto qurol yordamida) yo‘l bilan bo‘lsa-da, hal qilishni hujjatlashtirib qo‘ygan. Agar Ukraina NATO a’zosiga aylansa mintaqada keskinlik oshib ketish xavfi yuqori.

Vaziyatlar rivojini kuzatamiz. Hammasi yaxshilikka bo‘lsin!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring