Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Lukashenko bu gal Armanistonning «tomorqasiga tosh otdi»

Lukashenko bu gal Armanistonning «tomorqasiga tosh otdi»

Foto: RFI

Belarusning Yerevandagi elchixonasi binosi yonida Armanistonning «Respublika uchun» partiyasi vakillari norozilik namoyishi o‘tkazdi. Prezident  Aleksandr Lukashenkoning bepisand bayonotidan darg‘azab bo‘lgan faollar Belarus elchixonasiga kartoshka, tuxum va pomidorlarni uloqtirgan.

Namoyishchilar hukumatdan Belarus bilan diplomatik aloqalarni uzish va mamlakatdan belarus diplomatlarini surgun qilishni ham talab etgan.

Gap shundaki, Aleksandr Lukashenko bir necha kun avval Rossiya davlat telekanaliga bergan intervyusida Armanistonning G‘arb bilan yaqinlashuv siyosatini keskin tanqid qilgan edi.

«Siyosatni kuzatyapsizmi, men e’tibor bermadim va Armaniston haqida gapirishni ham istamayman. Bu qanday siyosat bo‘ldi? Xo‘sh, armanlar bizdan boshqa yana kimga kerak o‘zi? Hech kimga!» — degan Lukashenko Rossiya va Belarusni nazarda tutib.

So‘nggi vaqtlarda Armaniston Fransiya bilan aloqalarga alohida e’tibor qaratmoqda. Belarus rahbari buni ham tanqid qilgan.

«Qanaqa Fransiya, qanaqa Makron? Ertaga Makron ketgach, hamma Armanistonni unutadi», — degan u.

Joriy yil iyunida ham dahanaki tortishuvlar ortidan Armaniston va Belarus munosabati taranglashgan, arman tomoni Minskdan o‘z elchisini chaqirib olgan edi. Bosh vazir Nikol Pashinyan toki Belarusda Lukashenko rahbarlik qilar ekan, na Armaniston yetakchisi, na boshqa biror rasmiy mulozim bu mamlakatga bormasligini ta’kidlagandi.

Armaniston Rossiyani «ittifoqchilik majburiyatlarini to‘laqonli bajarmagani» sabab tanqid qilib keladi. Joriy yil iyun oyida Armaniston bosh vaziri mamlakat Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan chiqishini aytdi. Rossiya shamsiyasi ostidagi tuzilmadan chiqish istagi Kremlga keskin norozilik o‘laroq talqin qilindi. Moskva bilan munosabatlar taranglashuvi fonida Yerevan G‘arb tomon yuz burmoqda. Armaniston AQSh bilan hamkorlikda harbiy mashg‘ulotlar ham o‘tkazdi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Belarus rahbarining Armanistonga nisbatan tanqidiy bayonoti aynan Kremlning noroziligini aks ettiradi. Ya’ni bu o‘rinda Lukashenko Moskva jarchisi vazifasini bajarmoqda.

Darvoqe, Belarus rahbari Rossiya davlat telekanaliga intervyuda boshqa postsovet mamlakatlari «tomorqasiga ham tosh otgan», ya’ni ularni Rossiyaga hech narsa bermay, faqat foyda olishda ayblagan. Shuningdek, u Qozog‘iston yoki O‘zbekiston mahsulotlariga Amerika, Yevropa Ittifoqining ko‘zi uchib turmaganini iddao qilgan.

Avval xabar berganimizdek, Lukashenkoning bahsli fikrlari ortidan Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu Belarusning Ostonadagi elchisini «qizil gilam»ga ham chaqirdi.

Umuman, Lukashenkoning postsovet davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyo respublikalari sha’niga teguvchi bayonotlar berishi yangilik emas. U 2022-yilda agar KXShT yo‘q bo‘lsa, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda Qozog‘istonga yomon bo‘lishini da’vo qilgandi.

2022-yil yanvar oyida u Qozog‘istonda notinchlikni keltirib chiqargan tashqi kuchlarning nazari O‘zbekistonga ham qaratilgani haqidagi farazni ilgari surgan, bu iddao O‘zbekistonni KXShT tarkibiga kiritishga qaratilgan tahdid deya baholangan edi.

O‘shanda Lukashenkoning so‘zlariga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham munosabat bildirgandi.

Oradan bir oy o‘tib, rossiyalik propagandachi Vladimir Solovyovga intervyu bergan Belarus rahbari bu gal Markaziy Osiyo davlatlari qatori O‘zbekiston ham sobiq Ittifoq mamlakatlarini o‘z ichiga olgan siyosiy birlashmaga qo‘shilishini iddao qilgan edi. «Batka»ning bu bayonoti O‘zbekiston  mustaqilligi va davlatchiligiga tahdid sifatida keskin tanqidga uchragandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring