Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyodagi eng xavfli «kasb»lardan biri — AQSh prezidentligi...

Dunyodagi eng xavfli «kasb»lardan biri — AQSh prezidentligi...

AQShning 35-prezidenti Jon Kennedi.

AQSh prezidentligini hayot uchun eng xavfli «kasb»lardan biri, deyish mumkin. Mamlakat tarixidagi 46 prezidentdan 8 nafari lavozimida ishlab turib vafot etgan. Amerika prezidentlarining o‘lim ko‘rsatkichi 17,4 foizga teng — xavfli kasblarning hech birida bunaqa statistika bo‘lmasa kerak.

Amerika prezidentlarining to‘rt nafari o‘ldirilgan: Linkoln (1865-yil, janublik tomonidan teatrda), Garfild (1881-yil, ruhiy xasta odam tomonidan vokzalda), Mak-Kinli (1901-yil, anarxist tomonidan ko‘rgazmada), Kennedi (1963-yil, Li Xarvi Osvald tomonidan usti ochiq mashinada ketayotganida).

Ma’lumot uchun: Jon Kennediga suiqasd qilingan 1963-yilda hozirgi prezident Jo Bayden 21 yoshda, uning raqibi Donald Tramp 17 yoshda bo‘lgan. 

Uilyam Genri Garrison (9-prezident) qasamyod qilganidan bir oy o‘tib vafot etgan.

Zakari Teylor (12-prezident)ga atigi 1,5 yil prezident bo‘lish nasib etgan, Mustaqillik bayramida chanqab ketib, ustma-ust bir necha stakan muzdek sut ichib, muzqaymoq va ho‘l mevalar yegan. Oqibatda ovqat hazm qilish tizimi buzilib, bir necha kun kasal bo‘lib yotib, olamdan o‘tgan.

29-prezident Uorren Gamaliyel Garding 2 yil mamlakatni boshqargan, g‘arbiy shtatlarga safari chog‘ida vafot etgan. Rafiqasi Gardingning jasadini yorib ko‘rishga ruxsat bermagan. Bunga ikki sabab keltiriladi. Birinchisiga ko‘ra, mehribon rafiqa sevimli turmush o‘rtog‘ining jasadi xo‘rlanishini istamagan. Ikkinchi taxminga ko‘ra, Garding o‘z joniga qasd qilgan. Rasmiy bayonotda esa Garding yurak xuruji oqibatida olamdan o‘tgani aytiladi.

AQShning 32-prezidenti Franklin Ruzvelt Yalta konserensiyasidan qaytgach, oradan ikki oy o‘tib, 63 yoshida miyasiga qon quyilib vafot etgan. O‘shanda mamlakatda bir oylik motam e’lon qilingan, 1945-yilning may oyida Germaniya taslim bo‘lishi ham shu davrga to‘g‘ri kelgan. Motamga qaramasdan, shu kun bayramga aylanib ketgan, Ruzveltning vorisi Garri Trumen shu kunni marhum prezidentga bag‘ishlagan. Franklin Ruzvelt — AQSh tarixida 2 muddatdan ortiq prezident bo‘lgan yagona inson, u to‘rtinchi muddatini endi boshlaganida olamdan o‘tgan. O‘sha paytlarda mamlakat konstitutsiyasida ikki muddatdan ortiq prezident bo‘lish taqiqlanmagan edi.

Yuqoridagilardan tashqari, suiqasdlardan omon qolgan prezidentlar ham bor: Ronald Reygan, Jorj Bush (Kichik), bular qatoriga Donald Trampni ham qo‘shish mumkin — prezident bo‘lgan va bo‘lmoqchi...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring