Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tokio-2020: bu medallar oldingilaridan umuman boshqacha

Tokio-2020: bu medallar oldingilaridan umuman boshqacha

Foto: «Olympics.com»

Tokio olimpiadasi avjida: ayrim sportchilar hal qiluvchi musobaqalarga tayyorgarlik bilan band, boshqa birlari esa o‘zlari orzu qilgan medallarni allaqachon qo‘lga kiritib bo‘lishdi.

O‘zbekiston hisobida hozircha bitta, ammo juda muhim sovrin bor: Ulug‘bek Rashitov olimpiya chempioni bo‘lib, o‘z yo‘nalishida hali bironta medalni qo‘lga kiritmagan taekvondochilarimizning armonini oltinga aylantirdi.

Yaponiya — innovatsiyalar, elektronikalar yurti. Albatta, bu Yozgi olimpiya o‘yinlarida ham aksini topdi: sportchilarga topshirilayotgan barcha medallar eskirgan elektrotexnika mahsulotlari, asosan, mobil telefonlarni qayta ishlab ajratib olingan qimmatbaho metallardan yasalgan.

Medallarni tayyorlash uchun ilgari elektron qurilmalarning bir qismi bo‘lgan 6 mln.ta detal ishlatilgan. Loyihaga Olimpiya qo‘mitasi tashabbusi bilan Tokio olimpiadasi boshlanishidan ikki yil avval start berilgandi.

Eskirgan elektronika butun Yaponiyadan yig‘ib chiqildi.

Har yili dunyo bo‘yicha ishlatib bo‘lingan elektron qurilmalar bilan birga tarkibida oltin va kumush bo‘lgan millionlab detallar chiqindiga tashlab yuboriladi, deyiladi «ZME Science» sayti bergan xabarda.

Yaponiyadagi olimpiya tashkilotchilari «elektron chiqindi» loyihasi davomida jami 32 kilogramm oltin, 3492 kilogramm kumush va 2200 kilogramm bronza yig‘ishdi. Buning uchun 80 tonnaga yaqin elektron qurilmalar: eski telefonlar va noutbuklar «tegirmon»ga solindi. Chiqqan oltinning o‘zi taxminan 2 million dollarga baholangan.

Tokio-2020 oltin medallari sof kumushdan ishlangan, sirtiga taxminan olti grammlik oltin qoplangan. Kumush medallar sof kumushning o‘zidan, uchinchi o‘rin uchun medallar esa bronzaning «zambarak» turidan ishlangan.

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi ikkilamchi metallar masalasiga sal avvalroq kirishgan: 2016-yilgi Rio-de-Janeyro olimpiadasi medallarida qayta ishlangan materiallardan olingan kumushdan foydalanilgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring