Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevro-2024. Ispaniya eng og‘ir o‘yinni Fransiyaga qarshi o‘tkazadi

Yevro-2024. Ispaniya eng og‘ir o‘yinni Fransiyaga qarshi o‘tkazadi

Foto: Chempionat

Bugun, 9-iyul tungi soat 23:59 da Ispaniya va Fransiya terma jamoalari futbol bo‘yicha Yevropa chempionati yarimfinalining ilk o‘yinini boshlab beradi.

Muxlislarning nazdida, yarimfinalga eng yorqin futbol o‘ynagan Ispaniya va Niderlandiya hamda antifutbol ko‘rsatgan, ehtiyotkor va himoyalangan Fransiya va Angliya yetib keldi. Final jozibadorligi yarimfinal o‘yinlarining qay tarzda o‘tishiga va natijalariga ko‘p jihatdan bog‘liq.

Turnir g‘olibligiga da’vogarligini o‘yinlari bilan isbotlab kelayotgan Germaniya va Ispaniya chorakfinaldayoq to‘qnashib qolib, «final oldidan final»ni o‘tkazib berishdi. Qo‘shimcha taymlarning so‘nggi daqiqalaridagi gol ispanlar uchun yarimfinal eshigini ochdi.

«Pirr g‘alabasi»ga monand ushbu zafar ispanlarga qimmatga tushishi mumkin.

Garchi Ispaniya finalga chiqish uchun favoritroq sanalsa-da, nemislarga qarshi o‘yinda asosiy tarkibning uch futbolchisidan ayrilish — bosh murabbiy uchun haqiqiy boshog‘riq. Guruh, 1/8 va chorakfinalda katta ishni bajargan futbolchilar: himoyachilar — Daniel Karvaxal («Real Madrid») va Robin le Norman («Real Sosedad») diskvalifikatsiya tufayli Fransiyaga qarshi o‘yinda maydonga tusha olmaydi, yarimhimoyada porlayotgan Pedri («Barselona») esa oyog‘idan shikastlandi — u turnirda jamoasiga boshqa yordam berolmaydi.

Shunga qaramasdan, Yevro-2024 ga kelib mashhur bo‘lib ketgan bosh murabbiy De la Fuentening yashirin qurollari borligiga ishonamiz, «qizil furiya» endi og‘zi oshga yetganida to‘xtab qolishiga esa aksincha.

Deyarli bironta o‘yinida o‘ziga o‘xshamagani va binoyiday gol ura olmagani uchun tanqidlar va kulgu sadolaridan «fransuz xo‘rozi» final ostonasida «uyg‘onib qolsa» ham ajabmas. Tarkib zo‘r, yo‘qotishlar yo‘q, ehtimolki, Desham so‘nggi so‘zlarni oxirgi o‘yin(lar)ga atab qo‘ygan. Ko‘ramiz. Mardi maydon bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring