Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyevni tabrikladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevni tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etdi.
Davlatimiz rahbari Ozarbayjon yetakchisining mamlakat mustaqilligini mustahkamlash, hududiy yaxlitligini tiklash, barqaror taraqqiyotini ta’minlash va xalqaro nufuzini yuksaltirishdagi tarixiy rolini alohida ta’kidladi.
Prezidentlar oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Ozarbayjon do‘stlik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Joriy Ikki tomonlama hamkorlikni jadal rivojlantirish yilida birgalikda qilingan ishlar samarali bo‘lgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi yuqori sur’atda o‘sib bormoqda, avtomobilsozlik, to‘qimachilik, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari faol bosqichda. Madaniy-gumanitar almashinuvning tadbirlarga boy dasturi amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston va Ozarbayjon rahbarlari xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar, bo‘lajak tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter