Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Insoniyatni geosiyosiy dovul kutmoqda» – Kaan Kutlu Atach

«Insoniyatni geosiyosiy dovul kutmoqda» – Kaan Kutlu Atach

Foto: «Xabar.uz»

Geosiyosiy ixtiloflar kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda turkiy dunyo davlatlari dolzarb muammolar bo‘yicha mushtarak yondashuv va umumiy yechimlarni belgilab olishi lozim. «Xabar.uz» muxbirining xabar berishicha, bu haqda doktor Kaan Kutlu Atach 27 aprel kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan Turkiy dunyo sharhlovchilari simpoziumidagi chiqishida gapirdi.

Turkiya prezidenti devonining Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi tashkil qilgan xalqaro anjuman davomida geosiyosiy taranglik muhitida ildiz otayotgan muammolarga alohida e’tibor qaratildi.

«Sayyoramizdagi geosiyosiy vaziyatni mavhumlik, noaniqlik, mujmallik, beqarorlik kabi sifatlar orqali ta’riflash mumkin. Boz ustiga, o‘zaro raqobat misli ko‘rilmagan darajada ortmoqda. Deylik, XIX asrning so‘nggi choragida «Katta o‘yin» eski qoidalarning yangi kontekstida kechgan edi. Bugungi davr esa muttasil evrilishlar bilan xarakterlidir», – deydi Mersin universiteti vakili Kaan Kutlu Atach.

Ta’kidlanishicha, hozirgi geosiyosiy landshaft shu qadar o‘zgaruvchanki, sobit deb ko‘rilgan xalqaro tartib qoidalari ham muttasil tahrirga uchrayotir.

«Ehtimol, xulosam pessimistik ruhda bo‘lishi mumkin, ammo insoniyatni istiqbolda geosiyosiy dovul kutayotganini ta’kidlashni istardim. Unga har jihatdan tayyor bo‘lish, geosiyosiy darzlarni avvaldan payqash talab etiladi. Bundan tashqari, dunyo mamlakatlari o‘rtasidagi bog‘liqlik hamma davrdan ko‘ra ham ortmoqda. Ta’bir joiz bo‘lsa, Farg‘ona vodiysining chekka bir qishlog‘ida qabul qilingan qaror AQShning Florida shtatida aks sado bermoqda. Globallashuv va lokallashuv orasidagi ko‘rinmas chegaralar g‘oyib bo‘lmoqda», – deydi ekspert.

Global yalpi ichki mahsulotning 1,5 trillion dollari, dunyo aholisining 250-300 millionini jamlagan turkiy dunyo geosiyosiy zilzila va dovuldan omon chiqmoq uchun bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilmog‘i lozim.

Yevroosiyo mintaqasi bo‘ylab yoyilgan turkiylar asrlar mobaynida Sharq va G‘arb tamaddunini  bir-biriga yaqinlashtirib kelganlar. Endilikda o‘tmish va bugunning xatolaridan saboq chiqarib, geosiyosatda maqbul va manzur modellarni amalga tatbiq etish zarur, deb hisoblaydi doktor Atach.

Ma’lumot o‘rnida, Istanbulda o‘tgan Turkiy dunyo sharhlovchilari simpoziumida Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Shimoliy Kipr, Vengriya qatorida O‘zbekiston vakillari ham qatnashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring