Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevropa va Markaziy Osiyo xavfsizligiga tahdidlar uyg‘un — vazir o‘rinbosari

Yevropa va Markaziy Osiyo xavfsizligiga tahdidlar uyg‘un — vazir o‘rinbosari

24 may kuni Toshkent shahrida «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi: xavfsizlik sohasidagi hamkorlikning yangi kun tartibi» mavzusida ekspert konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi tomonidan tashkil etilgan anjumanda ikki mintaqa vazirlik va idoralari, diplomatik missiyalari vakillari, tahliliy tuzilmalari ekspertlari, YeI tomonidan moliyalashtiriladigan dastur koordinatorlari – jami 100 dan ziyod mehmon qatnashdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 2 dekabr kuni Cho‘lponotada (Qirg‘iziston) bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi yetakchilarining ikkinchi uchrashuvida xavfsizlik mavzusida ekspert konferensiyasi o‘tkazishni taklif etgan edi. 

Toshkentdagi anjuman ana shu tashabbus ro‘yobi sifatida tashkil etildi.

«Ushbu anjuman orqali biz xavfsizlik sohasidagi hamkorligimizni yanada chuqurlashtirayotganimizdan xursandman. Ishonamanki, bugungi muloqot YeI va Markaziy Osiyo duch kelayotgan xavfsizlikning tez o‘zgarib borayotgan xatarlariga munosib javob qaytarishga ko‘mak beradi», – dedi YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terhi Hakala.

«Bugungi voqelik Yevropa va Markaziy Osiyo xavfsizligiga tahdidlarning uyg‘un ekanini yanada teran anglash zaruratini va transmilliy tahdidlarga qarshi kurashda mushtarak manfaatlarimiz mavjudligini tasdiqlamoqda», – dedi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffarbek Madrahimov.

«Terrorizmga qarshi samarali kurashish uchun biz chegaralar osha mintaqaviy va xalqaro miqyosda hamkorlik qilishimiz kerak. Ushbu anjuman Yevropa va Markaziy Osiyo hamkorlikda qanday faoliyat yuritishi, qay jabhalarda bir-birimizni dastaklashimiz va qay jabhalarda bir-birimizdan o‘rganishimizni muhokama qilish imkonini berdi», – dedi YeIning terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha koordinatori Bartyan Vegter.

«Ayni vaqtda xavfsizlik sohasi hamkorligimizning muhim yo‘nalishlaridan biri sanaladi va bu borada mushtarak sa’y-harakatlarimizning tarixi bor. Endilikda mintaqa davlatlari va YeI xavfsizlik tuzilmalari o‘rtasidagi ekspert almashuvi va amaliy hamkorlikni takomillashtirish va shunga muvofiq ravishda ushbu sohadagi hamkorlikka doir an’anaviy yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqish zarurati kuchaymoqda», – dedi Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov.

«Tobora mushtaraklik kasb etayotgan dunyoda biror bir mamlakat yoki mintaqa xavfsizlik borasida yuzaga kelayotgan noan’anaviy tahdidlarga qarshi yakka holda kurasha olmaydi.  Bugungi muhokamalar davomida YeI va Markaziy Osiyoning xavfsizlik bo‘yicha ekspert va amaliyotchilari fikrlarini eshitdik, shuningdek, joriy hamkorlik va mavjud loyihalar yuzasidan yakuniy xulosalar yasadik», – dedi YeIning O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian.

Avval xabar berganimizdek, YeIning Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarishga ko‘maklashish (BOMCA) va mintaqada giyohvandlik moddalari tarqalishining oldini olish bo‘yicha (CADAP) dasturlari amalga tatbiq etila boshlaganiga 20 yil to‘ldi.

YeIning LEICA (Law Enforcement in Central Asia) dasturi doirasida ham O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston huquqni muhofaza qilish idoralari salohiyatini oshirish, terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlikni faollashtirish yuzasidan ishlar amalga oshirilmoqda.

Toshkent konferensiyasida mazkur uch dastur doirasidagi joriy hamkorlik holati ham tahlil qilindi. Shuningdek, terrorizm, ekstremizm va radikalizm, kiberjinoyatchilik, transchegaraviy uyushgan jinoyatchilik va odam savdosi kabi tahdidlarga qarshi kurashish sohalarida hamkorlikni takomillashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Tadbir mobaynida ikki mintaqa barqarorligiga tahdid solayotgan xatarlar kuchayib borayotgan hozirgi vaziyatda xavfsizlik bo‘yicha hamkorlikda yangi yondashuvlar joriy etish muhim ekani ta’kidlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring