Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yirtqich hayvonlarga duch kelganda nima qilish kerak?

Yirtqich hayvonlarga duch kelganda nima qilish kerak?

O‘zbekiston faunasi turli xil hayvonlarni o‘z ichiga oladi, bu hayvonlarning har biri o‘ziga xos xususiyat va odatga ega. Shuning uchun yovvoyi yirtqich hayvonlar bilan uchrashganda, xavfsizlik doimo birinchi o‘rinda turishi kerakligini yodda tutish lozim. /

Bugun biz xavfdan qochish, o‘zingizni va boshqalarni himoyalash uchun yovvoyi hayvonlarga duch kelganda qanday harakat qilish kerakligini ko‘rib chiqamiz.

Ayiq

Ayiq odamga kamdan-kam va faqat quyidagi holatlarda hujum qiladi:

- och

- inson bilan muomala qilayotganini anglamaydi

- o‘z naslini, oziq-ovqati yoki shaxsiy makonini himoya qilishga harakat qiladi

- Kamdan-kam hollarda ikki kishidan ortiq guruhga hujum qiladi

- Tez yuguradi, suzadi va daraxtlarga chiqa oladi

Nima qilish kerak?

- Vahimaga berilmang, unga orqa o‘girmasdan sekin orqaga qayting

- Qo‘llaringizni boshingizdan yuqoriga ko‘tarib, unga balandroq ko‘rining

- Shovqin ko‘taring, baland ovozda gapiring va hushtak chaling

- Ayiq bilan o‘rtangizga ryukzak yoki sumka tashlab, unda qiziqish uyg‘oting

- Ko‘z bilan kontakt qilishdan saqlaning

- Ayiqqa ovqat berishga urinmang



Bo‘ri

Ma’lumotlar:

- Bo‘ri yaxshi suzadi, lekin odam quvish uchun suzishi dargumon. Agar yaqin atrofda daryo yoki ko‘l bo‘lmasa, daraxtga chiqing, mashina yoki boshqa joyga yashirining

- Bo‘ri odamning qo‘rquvini sezsa, uzoqlashmaydi

- Bo‘ri hurkadigan hayvon, shuning uchun baland ovozda gapirib, unga tosh otsangiz, qochib ketadi

- Quturgan bo‘rining belgilari: mo‘ynasi xiralashadi, ko‘zlari xira tortadi, boshini egib yuradi, so‘lagi ko‘p oqadi, to‘dadan ajralib chiqadi, yolg‘iz yuradi

Nima qilish kerak?

- Unga orqa o‘girmang, yugurmang

- Ko‘z bilan kontakt qilishdan saqlaning

- Ishonchingiz borligi, qo‘rqmasligingizni ko‘rsating

- Qo‘llaringizni boshingizdan yuqoriga ko‘tarib, unga kattaroq ko‘rining

- Tosh oting yoki tayoq bilan uni qo‘rqiting

Tulki

- Tulkilar odamlarga kamdan-kam hujum qiladi, xavf manbasidan qochishni afzal ko‘radi

- Agar tulkiga zarar yetkazishmasa, u holda hujum qilish ehtimoli yo‘q

- Agar tulkining o‘zi odamga yaqinlashsa, bu kasallik belgisi bo‘lishi mumkin

- Agar odamni tulki tishlagan bo‘lsa, zudlik bilan shifokorlardan malakali yordam so‘rash va quturishga qarshi emlash zarur.

Yovvoyi cho‘chqa

- Odatda, cho‘chqa odamni ko‘rganda darhol yashirinadi. Ammo ba’zida yarador hayvon hujum qilishi mumkin

- Cho‘chqaning ko‘rish va eshitish qobiliyati odamnikidan ham yomonroq, shuning uchun agar siz hayvonni ko‘rsangizu, u sizni ko‘rmasa, xotirjamlik bilan undan uzoqlashing

- Agar yovvoyi cho‘chqa hujum qilmoqchi bo‘lsa, daraxtga kamida 1,5 – 2 metr balandlikka chiqishga harakat qiling

- Cho‘chqani qo‘rqitishga urinmang, chunki bu uning tajovuzkorligini oshiradi

- Cho‘chqa hushtak, baland tovush va shovqinni yoqtirmaydi

Ilon

Ilon nafaqat tabiatda, balki aholi punktlarida ham uchraydi. Uning zaharli yoki zaharli emasligini hamma ham aniqlay olmaydi, shuning uchun, afsuski, ko‘p odamlar ilonni o‘ldirishga harakat qilishadi

- Ilonga duch kelganda tajovuzkorlik yoki ortiqcha harakatlarni ko‘rsatmaslik yaxshiroq

- Sekin chetga o‘ting va ilonning sudralib ketishiga imkon bering

- Ilon faqat o‘zini himoya qilish uchun chaqishi mumkin

Arilar, asalarilar va boshqa hasharotlar

Hasharotlar yovvoyi hayvonlar kabi xavfli emas, lekin ularga to‘qnash kelganda juda ehtiyot bo‘lish kerak.

- Ari va asalarilar atir, ter, sarimsoq, spirtli ichimliklar hidini yoqtirmaydi. Bu ularni hujumga undashi mumkin. Bundan tashqari, asalarilar qora va yorqin liboslarni yoqtirmaydilar.

- Hasharotlarni ko‘rganingizda to‘satdan harakat qilmang.

- Agar arilar to‘da bo‘lib sizga hujum qilsa, tezda qochishingiz kerak

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring