«Tolibon» harbiy salohiyatini namoyish qildi
Uch yil avval, 15-avgust kuni «Tolibon» harakati Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga qaytgan edi. Shu sana munosabati bilan bir paytlar AQSh harbiy kontingenti qarorgohi bo‘lgan Bagrom bazasida harbiy parad tashkil qilindi.
Paradda «Tolibon» harakatiga Ashraf G‘ani ma’muriyatidan meros bo‘lib o‘tgan G‘arb davlatlari harbiy texnikasi, sovet davri aslahalari, shuningdek, vertolyotlar, qiruvchi uchoqlar namoyish etilgan.
Bu kabi harbiy paradlar Afg‘onistonning boshqa shaharlarida ham o‘tkazilgan.
2021-yilning 15-avgust kuni «Tolibon» harakati AQSh tomonidan dastaklangan Ashraf G‘ani hokimiyati o‘rniga davlat tepasiga kelgan, sobiq hukumat rahbariyati esa chet elga chiqib ketgan edi.
Toliblar 2021-yil 19-avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirliklari tuzilganini rasman e’lon qilar ekan, «barcha davlatlar bilan yaxshi diplomatik va savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish» istagini bildirgandi.
Tahlilchilarga ko‘ra, o‘tgan 3 yil mobaynida «Tolibon» ma’muriyati xavfsizlikni ta’minlash va giyohvandlik moddalari tarqalishiga qarshi kurash borasida yutuqlarga erishdi. Ammo hozirga qadar toliblar hukumatini dunyodagi biror bir davlat tan olgani yo‘q. Xalqaro hamjamiyat Kobul ma’muriyatidan inklyuziv hukumat tuzish va xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishni talab qilib kelmoqda.
BMT Xavfsizlik kengashi 2003-yilda «Tolibon»ni terrorchi tashkilot deb tan olgan.
Joriy yil iyun oyi boshida Qozog‘iston «Tolibon»ni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqardi.
Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar va Adliya vazirliklari ham prezident Vladimir Putinga «Tolibon»ni taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish taklifi bilan murojaat qildi.
Moskva hozircha bunday qaror qabul qilgani yo‘q, ammo joriy yil iyul oyida Putin «Tolibon»ni terrorizmga qashi kurashda Rossiyaning ittifoqchisi deb atadi.
O‘zbekiston hukumati ham Afg‘oniston muvaqqat hukumati bilan faol muzokaralar yuritib kelmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro mashvaratlarda dunyo hamjamiyati e’tiborini yon qo‘shnimiz bo‘lgan va ko‘p millionli turkiy xalqlar istiqomat qilayotgan Afg‘onistondagi vaziyatga qaratib kelmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter