Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tolibon harakati uch yirik shaharni egallashga urinmoqda. Ulardan biri poytaxt deb e’lon qilinishi mumkin

Tolibon harakati uch yirik shaharni egallashga urinmoqda. Ulardan biri poytaxt deb e’lon qilinishi mumkin

Tolibon harakati Qandahorni egallab muvaqqat poytaxt deb e’lon qilishni ko‘zlamoqda. Foto: “Getty Images”Tolibon harakati Qandahorni egallab muvaqqat poytaxt deb e’lon qilishni ko‘zlamoqda.

Foto: “Getty Images”

Afg‘oniston janubi va g‘arbida hukumat kuchlari hamda Tolibon harakati o‘rtasida shiddatli janglar kechmoqda. Toliblar mamlakatning uch yirik shahri – Hirot, Qandahor va Lashkargohni egallashga urinmoqda. 

CNN telekanali mahalliy jurnalistlarga tayanib xabar berishicha, Tolibon harakati vakillari Lashkargoh shahrining bir qator tumanlarini o‘z nazoratiga olishga muvaffaq bo‘lgan. Mazkur shahar strategik nuqtada joylashgan bo‘lib, uni egallash orqali Qandahor, Hirot va mamlakat janubidagi muhim qishloq xo‘jaligi markazlari yo‘lini nazorat qilish mumkin bo‘ladi.

Hozirga qadar toliblar asosan qishloq joylar hamda Eron va Pokiston chegarasidagi muhim tumanlarni bosib olgan. Ammo ular hozirga qadar biror yirik shaharni egallaganicha yo‘q. Harakat mamlakatning 80 foiz hududini egallaganini da’vo qilmoqda. Ammo boshqa manbalar bu ko‘rsatkich 50 foizni tashkil etishini aytmoqda.

Hilmand muzofoti poytaxti Lashkargoh shahri Tolibon nazoratiga o‘tgan ilk yirik shahar bo‘lishi mumkin. Xabarlarga qaraganda, ayni paytda shaharning har biri qarichi uchun ko‘cha janglari davom etmoqda. Toliblar shahar markaziy maydonida turganlari aks etgan kadrlarni e’lon qilishga ulgurgan.

Emergency insonparvarlik tashkiloti Lashkargoh shifoxonasi jangu jadalda jabr ko‘rgan tinch aholi vakillari bilan to‘lgani haqida xabar bergan.

Mamlakatning yana bir yirik shahri – ko‘hna Hirot uchun ham omonsiz kurash ketmoqda. Toliblar Hirot aeroportiga olib boruvchi yo‘lda nazorat o‘rnatgan, ammo aeroport hozirda hukumat kuchlari tasarrufida.

Caption

Hukumat Hirotni saqlab qolish uchun jon jahdi bilan intilmoqda. Mudofaa vazirligi ushbu shaharga yuzlab maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan askarlar safarbar etilganini ma’lum qilgan.  AQShning «Long War Journal» nashriga ko‘ra, toliblar Hirot provinsiyasining 16 tumanidan 13 tasini nazorat qilmoqda.

Qandahor shahri ustida ham qora bulutlar to‘plangan. Yakshanba kuni Qandahor aeroportidan barcha reyslar bekor qilingan. Gap shundaki, toliblar tomonidan otilgan raketa aeroport inshootlariga zarar yetkazgan.

Afg‘oniston parlamentining Qandahordan saylangan deputati Gul Ahmad Hamin BBC nashriga shahar Tolibon ixtiyoriga o‘tishi mumkinligini aytgan. Deputatga ko‘ra, o‘n minglab odam uyini tark etishga majbur bo‘lgan, muzofot gumanitar inqiroz yoqasiga kelib qolgan.

Tolibon Qandahorni egallash uchun katta kuch va aslahani ishga solgan. Chunki aynan ushbu shahar harakatning muvaqqat poytaxti bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Agar ushbu reja amalga oshgudek bo‘lsa, mintaqadagi 6 ta muzofot ham osonlikcha ular nazoratiga o‘tishi mumkin.

Caption

 

20 yillik urushdan keyin AQSh harbiylari Afg‘onistonni tark etmoqda. Tolibon harakati hamda AQSh prezidenti ma’muriyati o‘rtasida 2020-yil fevral oyida imzolangan bitim ana shuni taqozo etadi. Prezident Jo Bayden qo‘shinni olib chiqish jarayoni 11-sentyabrga qadar to‘liq yakunlanishini ma’lum qilgan.

AQSh va NATO kuchlari Afg‘onistonni tark etayotgan bir pallada Tolibon harakati hujumlari kuchayib borayotgani kuzatilmoqda. Keyingi oylarda mazkur harakat qo‘shni davlatlar bilan chegarada nazorat o‘rnatishga zo‘r bermoqda.

Avval xabar berganimizdek, harakat BMTning Afg‘onistondagi missiyasining Hirotdagi ofisiga ham hujum uyushtirdi.

Afg‘onistondagi beqarorlik yana qochqinlar muammosini kun tartibiga chiqarmoqda. BMT ma’lumotlariga qaraganda, 2021-yil yanvar oyidan beri 294 ming afg‘onistonlik uyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan. Mamlakat bo‘yicha qochqinlar soni 3,5 million kishidan oshgan.

Eslatib o‘tamiz, Tolibon 1996-2001-yillarda Afg‘onistonni idora qilgan. 2001-yil 11-sentyabr voqealaridan keyin AQSh boshchiligidagi kuchlar Afg‘onistonda aksilterror operatsiyalarini amalga oshirgan va Tolibon boshqaruviga barham bergan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring