Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shri-Lanka hukumati musulmonlardan uzr so‘radi

Shri-Lanka hukumati musulmonlardan uzr so‘radi

Shri-Lanka hukumati mamlakatning musulmon aholisidan koronavirus pandemiyasi davrida COVID-19’dan vafot etganlarning jasadini krematsiya qilishga, ya’ni maxsus pechda yoqishga majburlagani uchun uzr so‘radi. Kolombo ma’muriyati kelgusida musulmonlar va boshqa diniy jamoalar haq-huquqi buzilmasligi, ularning jasadni dafn etish yoki yoqish huquqi kafolatlanishiga va’da bergan.  

Shri-Lankadagi musulmonlar jamoasi hukumat rasman kechirim so‘raganini olqishlagani holda, jasadlarni majburan yoqishni tavsiya etgan olimlar sudga berilishini ma’lum qilgan.

2019-2022 yillarda mamlakat prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan Gotabaya Rajapaksa koronavirus pandemiyasi davrida musulmon aholiga yaqinlarining jasadini dafn etishni man etgan va ularni yoqishga majburlagan edi.

Orol-davlatning musulmon aholisi diniy huquqi va tuyg‘ulari poymol etilishiga olib kelgan bu qaror BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi hamda Amnesty International kabi inson huquqlari tashkilotlari tomonidan qoralangan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham o‘sha vaqtda jasadni islomiy arkonlarga ko‘ra dafn etish koronavirus tarqalishiga sabab bo‘lmasligini uqtirgan edi.

Shri-Lankaning sobiq prezidenti yaqinda chop etilgan kitobida bahsli qarorini ekspertlar kengashi talabini bajargani bilan oqlashga uringan.

Gotabaya Rajapaksa 2021 yilning fevral oyida xalqaro hamjamiyat talabi va Pokiston bosh vaziri Imron Xonning so‘rovi ortidan musulmonlarni jasadlarni kuydirishga majburlash siyosatidan voz kechgan. Musulmon aholiga tegishli mayitlarni chekka hududda, harbiylar nazorati ostida, marhumlarning yaqinlari ishtirokisiz dafn etish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. 

Shri-Lankada yashovchi 22 million aholining 10 foizini islom diniga e’tiqod qiluvchilar tashkil etadi. Musulmonlardan farqli o‘laroq, buddaviy va hinduviy dinlariga mansub mahalliy aholi yaqinlari jasadini o‘tda kuydiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring