Shahid bobolarimizga ham yodgorlik o‘rnatiladimi? Toshkentda chor istilosiga daxldor butxona qayta tiklanmoqda
Toshkent shahri «Kamolon» mahallasida joylashgan butxona (chasovnya) madaniy meros yodgorligi sifatida qayta tiklanmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Avliyo Georgiy Pobedonosets butxonasi 1886-yilda Toshkentni bosib olish payti halok bo‘lgan askarlar qabri ustida barpo etilgan.
Chor istilosiga aloqador ushbu obidaning qayta tiklanishi borasida ijtimoiy tarmoq ikki lagerga bo‘lindi. Bir guruh foydalanuvchilar yodgorlikning qayta tiklanishini tarixga xolis munosabat deya olqishladi. Ikkinchi guruh foydalanuvchilar esa bu tashabbusni vatan himoyasi uchun jonini fido qilgan erksevar bobolarimiz ruhiga hurmatsizlik deb baholadi.
Qozilik qilishga jur’at qayda! Bu borada qilni qirq yoradigan tarixchi olimlar, milliy ma’naviyatning tolmas himoyachisi bo‘lmish mulozimlar va albatta gapga chechan deputatlar jo‘yali fikr bildirsa ajab emas. Biz esa ushbu tashabbus ortidan tug‘ilgan ayrim savollarni bayon etish bilan cheklanamiz.
Mamlakatimizdagi yuzlab madaniy meros ob’yekti ta’mirtalab ahvolda ekani ma’lum. Oshig‘ich ta’mirlash lozim bo‘lgan tarixiy ob’yektlar ro‘yxatida Avliyo Georgiy butxonasiga qaraganda qadimiyroq obidalar talaygina. Xo‘sh, ta’mirlash uchun shuncha obida turgan paytda nega aynan XIX asrga oid ob’yekt tanlandi?
«Toshkent» ensiklopediyasidagi gaplar rost bo‘lsa, general Chernyayev qo‘mondonligidagi istilochilar 1865-yil 15-iyunga o‘tar kechasi Toshkentni zabt etgach, yoshu qariga shafqat qilmay qatl etadi, shaharning asosiy qismiga o‘t qo‘yadi.
Shunday ekan, istiloga aloqador yodgorlikning kattagina mablag‘ sarflab qayta tiklanishi shahid bobolarimiz ruhiga hurmatsizlik bo‘lmaydimi?
Toshkent uchun asosiy janglar aynan hozirgi «Kamolon» mahallasida kechgan, ta’bir joiz bo‘lsa, ushbu mahallaning har bir qarichiga shahid bobolar qoni tomgan. Ammo ne tongki, bugun ulardan na nom qolgan, na nishon. Xo‘sh, mas’ul idoralar Toshkentni chor bosqinidan himoya qilib halok bo‘lgan bobolar xotirasi uchun ham biror yodgorlik o‘rnatadimi?
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter